Milliy matbuot markazida Ichki ishlar vazirligining Yong‘in xavfsizligi instituti faoliyatiga bag‘ishlangan “25 yil: sharaf, mahorat va mardlik maktabi” nomli kitob taqdimotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.

Foto: O‘zA

Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi mas’ullari, IIV Yong‘in xavfsizligi instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatda aholining mol-mulkini olov iskanjasidan himoya qilishda jonbozlik ko‘rsatayotgan insonlar mehnatini qadrlash, malakali mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Ushbu kitob Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi institutining 25 yilligiga bag‘ishlab G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etildi. Unda institutning tashkil topishi, rivojlanish bosqichlari, tuzilma va kafedralari faoliyati, kadrlar tayyorlash tizimining shakllanishi kabi ko‘plab mavzular qamrab olingan.

Tadbirda soha xodimlari bugungi kunda yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, olib borilayotgan izlanishlar va tahlillarga to‘xtalib o‘tdi.