O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Mustaqillikning 27 yilligiga bag‘ishlab “O‘zbekiston yoshlar ittifoqidan 27 tuhfa” sifatida “Yoshlar kutubxonasi” doirasida badiiy kitoblar chop etildi. Bu haqda “Daryo”ga Yoshlar media markazi ma’lum qildi.

Foto: O‘zA

“Yoshlar kutubxonasi” loyihasi 2017-yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ta’lim muassasalarining badiiy kitoblarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgandi.

Joriy yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan loyiha uchun 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Loyiha doirasida har bir kitob kamida 10 ming nusxada chop etilib, respublikadagi barcha maktab, kollej, akademik litsey va oliy ta’lim muassasalari kutubxonalariga bepul tarqatiladi. 2018-yil oxiriga qadar har bir ta’lim muassasasi kutubxonasiga 100 nomdagi badiiy kitob yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida 2018—2019-yillarda chop etiladigan 200 nomdagi kitob ro‘yxati O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Matbuot va axborot agentligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari tavsiyasi asosida shakllantirilgan. Jumladan, jahon adabiyotiga oid 65, o‘zbek adabiyotida doir 135 ta nodir asar chop etilishi rejalashtirilgan.

Ularning 45 foizi 20 yoshdan kattalar uchun, 25 foizi 7-14 yoshdagi bolalar uchun hamda 30 foizi 15-20 yoshdagi o‘smirlar uchun chop etiladi. Badiiy asarlarning 50 foizi zamonaviy adabiyot, 15 foizi klassik adabiyot, 35 foizi esa XX asr adabiyotini esa tashkil etadi.