Vazirlar Mahkamasi tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo‘yicha jamoatchilik kengashi shakllantirilgan. Ushbu kengash ekspertlar ishtirokida davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilib, baholash natijalarini har yili ikki marotaba e’lon qilib boradi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining “Ochiqlik indeksi” bo‘yicha navbatdagi reytingi e’lon qilindi. Uning natijalariga ko‘ra, reytingda dastlabki uchlikni Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Markaziy bank egallagan.

To‘rtinchi o‘rinni esa 64,30 ball bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi band etgan. Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lum qilishlaricha, reytingningi avvalgi tahririda Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari orasida beshinchi o‘rinni egallagan edi.

Shu paytgacha reyting baholashda faqat davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, joriy yildan bu ishlarning sifati va soni, uning samaradorligini baholash kabi yangi mezon asosida o‘tkazildi.

Bunda, eng avvalo, davlat xokimiyati organlari rahbariyatining keng auditoriya bilan muloqoti, uchrashuv, matbuot anjumanlari, brifinglardagi bevosita ishtiroki, axborot xizmatlari faoliyati va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi hamda aholi murojaatlarini o‘z vaqtida qanoatlantirilganiga alohida urg‘u berildi.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi ‘Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida‘gi qonunda belgilangan talablarga to‘liq rioya qilgan holda faoliyat olib bormoqda. Bunda vazirlik Matbuot xizmati fuqarolarning ijtimoiy ahamiyatga molik axborotlardan foydalanish huquqini kafolatlash, davlat organlari va aholi o‘rtasida o‘zaro axborot almashishning aniq mexanizmlarini yaratish bo‘yicha qator amaliy ishlar olib bormoqda”, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotida.