2018-yil 18-yanvarda Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida O‘zbekistonning 52 nafar fuqarosi tiriklay yonib ketgan avtobus salonida bo‘lgan ikki o‘zbekistonlik jarohat olgan, ammo omon qolgan edi. “Turon 24” muxbiri ular bilan suhbatlashdi.

Foto: “Turon 24”

Ularning ikkisi ham Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidan. Ahrorbek Isoqov “O‘zbekiston”, Isroil Mirzaahmedov esa “Bozorboshi” mahallasida istiqomat qiladi.

“Xudoga aytganimiz bor ekan, Ahror tirik qoldi”

“O‘zbekiston” mahallasiga kirib kelganimizda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hasanboy Qirg‘izov qarshimizdan chiqib qoldi. Tuman hokimligiga yig‘ilishga otlangan ekan. U kishi bilan to‘g‘ri Isoqovlar xonadoniga keldik. Uyda Ahrorning otasi Ibrohim ota va akasi Bahriddinni uchratdik, o‘zi ishda ekan. Biz Ibrohim otani suhbatga tortdik.

Foto: “Turon 24”

— Sakkiz nafar farzandim bor, olti o‘g‘il va ikki qiz. Ahror ularning kenjasi. U bo‘lgan avtobus yonganini televizordan bildik. Xudoga aytganimiz bor ekan, tirik qoldi. O‘sha voqeadan 10 kun o‘tib sog‘-omon qaytib keldi. Ammo fojiada ukamning nabirasi Bahodir Murodullayev halok bo‘ldi. Hali uylanmagan, yigirma yoshga ham to‘lmagan yigit edi.

Shundan keyin onasi bilan Ahrorni hech qayerga yubormadik, o‘zimizda ishlaysan dedik. Shukur, ikki-uch oy bo‘ldi, To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga ishga kirdi. Endi xotirjamman, axir yoshim salkam saksonga kirdi, onasi ham yetmishdan o‘tdi.

Xonadonda Ahror bilan qo‘ng‘iroqlashdik. Dam olish kuni bo‘lishiga qaramay ishda ekan. Vaqtni boy bermay, nafaqat viloyat yoki vodiyda, balki O‘zbekistonda bunyod etilayotgan eng katta inshootlardan bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on IES tomon qarab ketdik.

“Avtobusning eshik va oynalarini ocholmadik”

Inshoot mahobati bilan kishini hayratga soladi. IESdagi qurilish ko‘lami nihoyatda katta.

Foto: “Turon 24”

Bu yerga kelib, jarayonni bir nafas kuzatdik va Ahrorga qo‘ng‘iroq qildik. Oradan ko‘p o‘tmay qahramonimiz chiqib keldi. Uni tanib olish uncha qiyin emasdi, chunki uyda biz suhbatlashgan akasi bilan o‘xshash ekan. Muddaomizni tinglagach, o‘sha mash’um kunni xotirlashga o‘tdi.

— O‘ttizga kirdim, o‘n yildan beri Rossiyaga qatnayman. Qurilishda deyarli hamma ish qo‘limdan keladi. Bu gal Qozon shahridagi bir obyektni bitkazishga otlangandik.

Men avtobusning old o‘rindig‘ida haydovchilar yonida o‘tirgandim. Yong‘in ro‘y bergan payt ko‘zim ilingan ekan. Kuchli shovqindan uyg‘onib ketdim. Avtobus alanga ichida qolgan, mening ham shimim yona boshlagandi. Jon holatda o‘zimni pastga otdim. Nima bo‘layotganini anglagan paytimda avtobus butkul o‘t ichida qolgandi.

O‘sha kunlari havo harorati o‘ta pasayib, avtobusning ichi muzlab ketgandi. Shuning uchun salon kavshar lampa bilan isitilgan. Avtobusdagi og‘zi ochiq besh litrli kanistrda benzin bo‘lgan. O‘sha kanistrdagi benzin alanga olib, butun avtobus o‘t ichida qolgan.

Yo‘lovchilarning hammasi avtobusning ikkinchi qavatida bo‘lgan. Eshiklar qulflanib qolgan, yong‘in chiqqanda hamma o‘zini orqa eshikka urgan. Avtobus eshiklari havo bilan yopilgani uchun hodisa payti ishdan chiqqan, orqa va o‘rta eshiklar qulflanib qolgan. Birinchi navbatda avtobusning orqa eshiklarini ochmoqchi bo‘ldik, iloji bo‘lmadi. Ikkinchi qavat oynasiga ikki-uch marta o‘t o‘chirish moslamasini otdim, avtobus haydovchisi ham urinib ko‘rdi. Ammo oynalar juda mustahkam bo‘lgani uchun sindirolmadik.

Bir soatlardan keyin shifokorlar, o‘t o‘chiruvchilar, politsiya keldi. Bu payt avtobus butunlay yonib bo‘lgandi.

“Tergovchilarga 10 kun ko‘rsatma berganmiz”

Qozog‘istonda sud jarayoni davom etayotganidan xabaringiz bor. U yerda ishtirok etayotgan ayblanuvchilar, ularning yaqinlari omon qolganlarni ham sudga chaqirib, so‘roq qilish kerak edi degan fikrlarni aytgan...

— Bunga hojat bo‘lmasa kerak, chunki 10 kun Aqto‘bedagi shifoxonada yotgan bo‘lsak, har kuni ertalabdan kechgacha tergovchilarga ko‘rsatma berganmiz. Aslida haydovchilar voqeani elektr tizimidagi nosozlikdan kelib chiqqan yong‘in sifatida izohlamoqchi bo‘lgan. Biz holat qanday bo‘lsa shundayligicha, ya’ni salondagi benzin sababli o‘t ketganini ro‘yi-rost aytib berdik. Qolaversa, bizga sudga chaqiriq qog‘ozi ham kelgani yo‘q.

Ahrordan yangi ish joyidagi taassurotlari bilan qiziqdik. Uning bu yerdagi faoliyatidan qoniqish hosil qilayotganini payqash qiyin emasdi.

Foto: “Turon 24”

— Oldinroq Aqto‘bedan birga qaytgan sherigim bu yerga ishga kirgandi. Iyun oyining oxirlarida meni ham qabul qilishdi. 158 kishi 4 ta brigadaga bo‘linganmiz, men brigadirlardan biriman. Turk rahbarimiz bor, bizga har kuni ish ko‘lamini belgilab beradi. Maoshdan nolimayman, qo‘limga oyiga 4 million so‘mdan oshiq pul tegayapti. Shunga yarasha ertalabdan kechgacha, dam olish kunlarisiz mehnat qilayapman. Undan tashqari “IESda ishlayapti” degan nom ham bor. Agar shunday ish va maosh bo‘lib tursa, Rossiya yoki boshqa davlatga borishni hojati yo‘q, albatta. Kim ham issiq o‘rnini sovutgisi keladi?

Bugun IES, ertaga Hyundai

Fojiada omon qolgan yana bir o‘zbekistonlik — Isroil Mirzaahmedov ham shu inshootda ishlayotgan ekan. U bilan ertasi kuni bog‘landik. Mart oyida tuman hokimligi yordamida shu yerga ishga joylashgani, temirchilik, to‘g‘rirog‘i, karkas to‘qish bilan shug‘ullanayotganini aytib qoldi. Oyiga 1,6-1,8 million so‘m atrofida maosh qo‘liga tegayotganini bildirdi. Isroil salkam qirq yoshni qoralayapti, to‘rt nafar farzandi bor. U ham shu fikrda, ya’ni sharoit va imkoniyat bo‘lsa, chetga chiqishning hojati yo‘q.

Foto: “Turon 24”

— Avtobusda eshikka yaqin yerda bo‘lganim jonimga oro kirdi. Shunda ham kuyish jarohatlari, shikastlanishlar bilan bir muddat shifoxonada davolanib chiqdim. Oilada to‘rt o‘g‘il, ikki qizmiz. Hozir uch o‘g‘il qoldik, ukam 2009 yilda avtohalokatda nobud bo‘lgan. Shunday fojiada omon qolganimni Yaratganning inoyati deb o‘ylayman, chunki uydagilar buni ko‘tara olmasdi, — deydi Isroil.

Yigitlar bu yerdagi qurilish ishlari kelgusi yil yakuniga yetib qolishini bildirdi. Ularning ko‘nglini xotirjam qiladigan holat shuki, erta-indin To‘raqo‘rg‘onda yana bir gigant korxona — Hyundai zavodi qurilishi boshlanadi...