Joriy yilning avgust oyida Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida 14 yoshli qiz homilador bo‘lib qolgani haqida xabarlar tarqalgandi. Unda qizning onasi uni uch erkak bilan jinsiy aloqaga kirishishga majburlaganlikda gumon qilinayotgani aytilgandi. UZ24 nashri bu xabarlarga oydinliklik kiritish va hodisa tafsilotlarini to‘liq o‘rganish maqsadida surishtiruv o‘tkazdi.

Ushbu holat yuzasidan Beshariq tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gulchehra Yo‘ldosheva shunday deydi:

“O‘tgan yilning dekabr oyida u qiz yonimga maktab direktori, psixologi, hamshirasi, otasi-onasi bilan keldi. Qiz maktabga bormay qo‘yganligi sababli o‘qituvchisi, maktab hamshirasi va maktab psixologi buning sababini bilish uchun qizning uyiga boradi. Hamshiraning tekshiruvlari natijasida qiz homilador ekani aniqlanadi. Shundan so‘ng mahalla raisi va maktab direktorini olib meni yonimga bu masalada qanday chora ko‘rishni so‘rash uchun kelishadi. Bo‘lgan voqeani eshitgach, IIB profilaktika bo‘limi noziri Jahongirni chaqirdim. Bu voyaga yetmagan qiz, surishtiring dedim. Keyin tibbiyot birlashma, Onalik va bolalik hamda ginekologiya bo‘limi boshliqlarini chaqirtirdim.

Qizning onasi esa qizining homiladorligidan xabardor bo‘lishiga qaramay, qizim homilador emas, deb turib olgan edi. U bizga agar shunday bo‘lsa, qizimni ham o‘zimni ham o‘ldiraman deb tahdid qildi. Shundan so‘ng tekshiruv boshlanib ketdi. Sud-psixiatriya ekspertiza xulosalarida qizning onasi va uch erkak o‘z harakatlarini tushunib yetgani va o‘z harakatlarini boshqara olganligi, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llashga muhtoj emasligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi ruhiy kasalliklar shifoxonasining sud-kompleks psixologik-psixiatriya ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, voyaga yetmagan qiz aqli zaiflikning yengil darajasi deb nomlangan tug‘ma ruhiy kasallik bilan xastalangani, u o‘ziga nisbatan qilingan jinsiy harakatlarning mohiyatini to‘liq tushunmagani ko‘rsatilgan”.

Qizni ko‘rikdan o‘tkazib, uning hayotini saqlab qolgan holda homilasini tushirishda qatnashgan Reproduktiv salomatlik markazi bosh ginekologi xulosa esa bunday:

“14 yoshli bu qizni bizga onasi, uchastka doyasi hamda maktab hamshirasi 26-dekabrda olib keldi. Biz uni tekshiruvdan o‘tkazdik. Qizning homilasi 16 haftalik ekanligi va uning tushish xavfi yuqoriligi aniqlandi. Bunga qanday chora ko‘rishni maslahatlashish uchun mutasaddilar bilan birgalikda dalolatnoma tuzdik. Unga ko‘ra, bu ayolimizning sog‘ligi yaxshi emas, oyoqlarida shish bor, kam qon, buyrakda ham o‘zgarish bor edi. Bu qizga umuman tug‘ish mumkin emas. Agar tug‘ishgacha olib borilsa, onaning o‘limiga olib kelishi mumkin, degan xulosaga kelganmiz. Sog‘liqni saqlash vazirligining 312-buyrug‘i asosida tushirish rejalashtirildi. Onasining roziligi bilan bolani tushirib olganmiz. Qizni to‘liq nazorat ostiga oldik. Uyida ambulator karta ochib, maktab hamshirasini unga biriktirib qo‘ydik. Oradan bir oy vaqt o‘tib, tergov-surishtiruv ishlari boshlandi”.

Hozirda bu qiz Qo‘qon shahridagi maxsus maktab-internatga joylashtirilgan

Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tuman sudi bu ishni ko‘rib chiqib, pul evaziga o‘z qizini erkaklarga qo‘shib qo‘ygan 39 yashar uy bekasi Feruza Davronovani Jinoyat kodeksining 131-moddasi (“qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash”) 4-qismi “a”, “b” bandlari, 118-moddasi (“nomusga tegish”) 4-qismi ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi va qisman tayinlovga jazo qo‘shish yo‘li bilan 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Qizni zo‘rlaganlikda ayblangan Beshariq tuman Chorbog‘to‘ronil qishlog‘i fuqarolari — Sherzod Balibekov, Jasur Ergashev va Ergashali Sulaymonov Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“nomusga tegish”) bo‘yicha aybli deb topilib, ularning har biri 12 yildan muddatga ozodlikdan mahrum etildi.