Termiz shahridagi Matbuot uyida “Surxon-Nashr” nashriyoti tomonidan ko‘p nusxada chop etilgan “Surxondaryo muallimlari” adabiy-ommabop kitobining taqdimot marosimi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari R. Choriyev, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A. Ergashev hammuallifligida nashr etilgan kitobda ta’lim-tarbiya sohasini yuksaltirishga salmoqli hissa qo‘shgan va yuksak mukofotlar bilan taqdirlangan 130 ga yaqin fidoyi ustozning ibratli mehnat faoliyati, boy ish tajribasi, ta’lim-tarbiya jarayonida qo‘llagan o‘ziga xos uslubi keng yoritilgan. Shuningdek, har bir tuman va Termiz shahrining o‘ziga xos rivojlanish bosqichlari, bu jarayonda o‘qituvchilar xizmati e’tirof etilgan.

Foto: O‘zA

Tadbirda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari F. Sharipov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari M. Allamurodov, “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri R. Rahimova, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i S. Ashurov va boshqalar kitob mazmuni, dizayni va sohada boy tajriba to‘plagan ustoz-murabbiylarning ish uslubini xalq ta’limi tizimida keng joriy etishdagi ahamiyati xususida atroflicha fikr yuritdi.

Taqdimot marosimida shoir-yozuvchilar adabiyotshunos olimlar, soha xodimlari kitob haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.