Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda O‘zbekiston – Hindiston hamkorligi: muammo va istiqbollar” nomli yangi kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: Norma

Mazkur kitob Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan Hindistonning birlashgan harbiy tadqiqotlar instituti o‘rtasidagi amaliy hamkorlik samarasidir. Uni tayyorlashda ikki mamlakatning uzoq yillik tajribaga ega yetakchi olim va ekspertlar guruhi, mutaxassislar qatnashgan.

Unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ichki va tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlari, O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirishdagi istiqbollar, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari va Afg‘oniston bilan kelgusidagi hamkorlikka oid qator yo‘nalishlar tahlili keltiriladi.

Besh bo‘limdan iborat kitob ingliz tilida Hindistonda nashr etilgan. Unda Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikka tahdid, Afg‘onistonda barqarorlikka erishish bo‘yicha ikki mamlakat tutumi va yondashuvlari, mintaqaviy transport kommunikatsiyalari va savdo sohasidagi hamkorlik, yoshlar o‘rtasida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashishda O‘zbekiston – Hindiston tajribasi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.