Chingiz Aytmatov haqida ikkita yangi kitob nashr etildi, deb yozadi O‘zA.

Foto: O‘zA

Taniqli publitsist-adib, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti Ahmadjon Meliboyev adib tavalludining 90 yilligi arafasida o‘zining “Chingiz Aytmatov: Davr, Inson, Haqiqat” va “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” nomli kitoblarini nashr ettirdi.

“Chingiz Aytmatov: Davr, Inson, Haqiqat” kitobida yozuvchi qalamiga mansub hikoya, roman va qissalar, chuqur mushohadali badiiy, ijtimoiy publitsistik maqolalar, nufuzli anjumanlardagi mag‘zi to‘q, ma’naviy yuki salmoqli ma’ruzalari Ahmadjon Meliboyevning uzoq yillik izlanishlari asosida juda chuqur tahlil qilingan.

Shuningdek, Ahmadjon Meliboyev to‘plab, nashrga tayyorlagan “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” nomli xotira kitobi o‘quvchida ulug‘ ijodkorning butun hayotiga turli nuqtalardan berilgan baho, g‘oyatda qadrli samimiy, jindak tahliliy qarashlarni o‘z ichiga qamragan chizginomalardan iboratdir.