O‘zbekiston Madaniyat vazirligida Turkiyaning taniqli kino namoyandasi, “Erto‘g‘rul” teleserialining rejissori Mehmet Bo‘zdag‘ boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

“Jaloliddin Manguberdi” filmini suratga olishda hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekistonning taniqli san’at va madaniyat vakillari, kinorejissor va aktyorlar ishtirok etdi.

Xalqaro press-klub tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov, “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori Furqat Zokirov va boshqalar mamlakat kinosanoatini har tomonlama rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu sohani ravnaq toptirish uchun chet mamlakatlar, xususan, Turkiya davlati bilan ham keng qamrovli madaniy aloqalar yo‘lga qo‘yilayotganini ta’kidladi.

Foto: O‘zA

Joriy yilda efirga uzatilgan seriallar nafaqat kino ixlosmandlari, balki o‘zbek kino ijodkorlarining ham e’tiroflariga sazovor bo‘ldi. Shu jihatdan ham “Ertugrul” teleserialining rejissyori taklif etildi.

Xorazmshohlar davlatining so‘nggi hukmdori, mohir sarkarda Jaloliddin Manguberdi Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shinlariga qarshi mardonavor jang qilgan, ona Vatan tuprog‘ini asrashga jon fido qilgan buyuk siymo sifatida tarixga kirgan shaxsdir. U jasurligi, mardligi bilan birga adolatli hukmdor bo‘lgani haqida ham tarixiy manbalarda keltirilgan. Shuning uchun ham turk rejissyorida u haqida tarixiy film olish g‘oyasi tug‘ildi.

Foto: O‘zA

“Men jahon tarixi, xususan, sizning buyuk bobolaringiz Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek kabi siymolarning shonli o‘tmishini chuqur o‘rganib chiqqanman, – dedi Mehmet Bo‘zdag‘. – Ularning adolatliligi meni doimo o‘ziga jalb qilgan va, albatta, ularning birortasi haqida tarixiy film olishni rejalashtirgan edim. Ertugrul ham aynan adolat bilan xalqni boshqargani uchun u haqida film suratga oldik. Bu teleserialdan keyin bizga dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan o‘zlarining tarixi haqida kino suratga olish taklifi tushdi. Lekin ularni rad etdim. Chunki men buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi haqida kino olishni maqsad qilganman va agar bu borada hamkorlik kelishuviga erishsak, ajoyib film suratga olish niyatidaman”.