Karimov Fondi o‘zbek xalqining betakror matal, naql va iboralari jamlangan “Qayroqi so‘zlar” kitobini chop etdi. Bu haqda fond Facebook’dagi o‘z sahifasida ma’lum qildi.

Foto: Facebook/ Karimov Foundation

“Mazkur kitob tom ma’noda igna bilan quduq qazishdek mashaqqatli mehnat mahsulidir. Zero, mualliflar Shotursun Shomaqsudov va Subutoy Dolimovlar uzoq yillar mobaynida xalqning turli qatlami, xususan, turfa hunar va kasb-u kor egalari orasida yurib, ular bilan suhbat qurganlar. Ana shu ijodiy muloqotlar asnosida mualliflar yuzlab matal, naql va iboralarni yozib olishga muvaffaq bo‘lganlar. Sirasini aytganda, ko‘p yillik ijodiy izlanishlar davomida xalq orasida sochilib yotgan so‘z javohirlari misqollab yig‘ilib, xuddi shodaga tizilgandek yaxlit kitobga jamlangan”, — deyiladi xabarda.

Foto: Facebook/ Karimov Foundation

“Ushbu to‘plam o‘tgan yarim asr mobaynida bir necha marta chop etilgan. Islom Karimov Fondi kitobxonlarning talab va qiziqishlarini inobatga olib, purma’no iboralar jamlangan to‘plamni qayta chop qildi. “Qayroqi so‘zlar” kitobi O‘zbekiston o‘quv yurtlari kutubxonalari, badiiy va ijodiy uyushmalarga tarqatiladi hamda kitob do‘konlarida sotuvga qo‘yiladi”, — deb qo‘shimcha qilinadi xabarda.