AQShning Google korporatsiyasi mustaqil OAVlarga nisbatan senzurani aylanib o‘tish imkonini beruvchi mobil dasturni ishga tushirdi. Kompaniya bu dasturni birinchi bo‘lib Venesuelada sinab ko‘rgan.

Foto: Google Images

Intra mobil dasturi hozircha faqat Android-qurilmalarda ishlaydi. U foydalanuvchining mobil qurilmasini bevosita Google serverlariga bog‘lash imkonini beradi. Buning natijasida foydalanuvchi mahalliy internet-provayderlar tomonidan o‘rnatilgan har qanday blokirovkani aylanib o‘tishi mumkin bo‘ladi. Qayd etishlaricha, ushbu mobil dastur hukumatning ayrim saytlarni taqiqlash bo‘yicha imkoniyatlarini ham cheklaydi.

Xabar berishlaricha, Venesueladagi sinovdan so‘ng mobil dasturdan butun dunyo bo‘yicha foydalanish mumkin bo‘ldi. Associated Press agentligining qayd etishicha, Intra mobil dasturi ishga tushganidan beri uni 130 mingdan ortiq marta yuklab olishgan.

Bu Venesueladagi og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz fonida yuz bermoqda. Ushbu inqiroz giperinflyatsiya, milliy valyuta devalvatsiyasi hamda birinchi navbatda zarur mahsulotlar va dori vositalari taqchilligi bilan birga davom etmoqda.

G‘arb OAVlari ma’lumotlariga ko‘ra, Venesuela hukumati mahalliy axborot resurslarning aksariyat qismini nazorat qiladi.