Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi Saudiya Arabistonining bosh konsulligida bo‘g‘ib o‘ldirilganidan keyin uning jasadi qismlarga bo‘lingan va yo‘q qilingan. Bu haqda Istanbul prokuraturasining bayonotida aytilgan, deb yozmoqda “RIA Novosti”.

Foto: “RIA Novosti”

Huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari qotillar oldindan tuzilgan reja asosida harakat qilganini qayd etgan.

Ta’kidlanishicha, Turkiyaga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni bosh prokurori Saud al-Muajib bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar natija bermagan.

Bayonotda aytilishicha, Saudiya tomoni qotillik rejasining bo‘lganligi, jinoyatchilarning mahalliy sherigining ismi, jasadning joylashgan joyi haqida berilgan savollarga javob bermagan.

Turkiyaga Qoshiqchining o‘limi yuzasidan tergov doirasida tashrif buyurgan al-Muajib Istanbul prokurori Irfan Fidan bilan ikki marta muzokara o‘tkazgan, shundan keyin Saudiya Arabistoninig Istanbuldagi bosh konsulligiga tashrif buyurgan.

Avvaroq Turkiyaning Hurriyet gazetasi hukumatdagi manbaga tayanib e’lon qilgan maqolada Saudiya Arabistoni bosh prokurorining nima uchun Istanbulga kelgani haqida gap borgan.

Unga ko‘ra, bosh prokuror Turkiyaga qotillikni fosh etish uchun emas, balki Saudiya Arabistonining merosxo‘r shahzodasi Muhammad bin Salmon Al-Saudni qutqarish uchun kelgan bo‘lishi mumkin.

Tergov doirasida 18 kishi qo‘lga olingan.