“Xorazm yoshlari” gazetasi muharriri o‘rinbosari Davlatnazar Ro‘zmetov 7 sutkaga qamaldi. Bu haqda “Turon 24” ma’lum qildi.

Foto: “Turon 24”

Voqea guvohlarining ma’lum qilishicha, Davlatnazar Ro‘zmetovga 25-oktabr kuni kechki payt tanishlari qo‘ng‘iroq qilib, Qo‘shko‘pir tumani hokimi maktab direktorlari, qishloq vrachlik punktlari rahbarlari va maktabgacha ta’lim muassasalari mudirlarini yig‘ib paxta terimi bo‘yicha selektor yig‘ilishi o‘tkazayotgani, hukumat ta’lim va tibbiyot xodimlarini paxta yig‘im-terimiga jalb etishni taqiqlaganiga qaramay, ularni majburan paxta terimiga jalb etmoqchi bo‘layotgani haqida aytishadi.

— Davlatnazar Ro‘zmetov yig‘ilish o‘tkazilayotgan tuman hokimligi binosiga kirib, majlisda o‘tirganlarni qo‘l telefonida videotasvirga ola boshladi, — deydi ismi oshkor etilishini istamagan manba. — Buni ko‘rgan Qo‘shko‘pir tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Jo‘rabek Rahimov uning kimligini so‘radi. Jurnalist bunga javoban: “Majlis ochiqmi yoki yopiqmi? Ochiq bo‘lsa o‘tiraman, yopiq bo‘lsa chiqib ketaman”, deb javob berdi. Shundan so‘ng hokim “Yig‘ilish tamom” deb hammaga ruxsat berib yubordi.

D.Ro‘zmetov tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borilib, jamoat tartibini buzganlik, mayda bezorilikda ayblanadi va viloyat markazidagi hushyorxonada bir kun saqlanadi. Ertasi kuni ertalab esa qo‘yib yuborilgan.

29-oktabr kuni Qo‘shko‘pir tuman ma’muriy ishlar sudi unga nisbatan ochilgan ishni ko‘rib chiqib, 7 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

“Turon 24” voqea yuzasidan izoh so‘rab, Xorazm viloyatidagi mutasaddi idoralarga murojaat qildi. Ayni paytda viloyat prokuraturasining holat yuzasidan rasmiy axborot taqdim etilishi kutilmoqda.