PROlogue IV xalqaro kinofestivalining ikkinchi kuni kino ixlosmandlari uchun ma’naviy ozuqa beradigan loyihalar, turli mahorat darslari, qisqa metrajli filmlar tanlovlari bilan qizg‘in davom etmoqda. Bu haqda “Daryo”ga Yoshlar media markazi ma’lum qildi.

Foto: Yoshlar media markazi

Rejissor Qamara Kamolovaning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Kino – uning ishi” kitobining taqdimoti san’at olamiga kirib kelayotgan yosh ijodkorlar uchun mahorat darsiga aylanib ketdi.

Kitobga kiritilgan materiallarning aksariyati kinoshunos Yelena Chaykaning Qamara Kamolova yaratgan filmlar haqida yozgan maqolalardan olingan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobining “Achchiq danak”, “O‘zganing baxti”, “Ertaga chiqasanmi?”, “Bo‘lmagan narsa haqida”, “Yovvoyi”, “Atrof oppoq qor bilan qoplangan” kabi badiiy filmlari xalq qalbidan joy olgan.

Kitob taqdimotida Qamara Kamolova yaratgan filmlarda rol ijro etgan aktyor va aktrisalar, rejissorning shogirdlari va kino ixlosmandlari ishtirok etdi.

Foto: Yoshlar media markazi

— Bugungi taqdimot ustozim, o‘zbek kinosining ardoqli va atoqli rejissori Qamara Kamolova bilan uchrashtirib, kino olamidagi qadamlarimni yana bir bor eslatdi. 9-sinfda o‘qiyotgan vaqtimda “Atrof oppoq qor bilan qoplangan” filmida debyut rolimni ijro etganman. Men bu insondan minnatdorman. Chunki ulardan kino sohasi bo‘ladimi, hayot tajribasimi, xullas, juda ko‘p narsalarni o‘rganganman va o‘rganib kelmoqdaman, — deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva.

Shu kunning o‘zida Yoshlar ijod saroyida Qamara Kamolovaning “Yo‘l bo‘lsin” nomli filmining retrospektiv namoyishi ham bo‘lib o‘tdi.

— Meni kino olamida Qamara Kamolova “dunyoga keltirgan” bo‘lsa, Ayub Shahobiddinov “katta qilgan”, — deydi aktyor Aziz Rametov. — Qamara Kamolova rejissorligidagi “Yo‘l bo‘lsin” filmidagi rolim bilan kino dunyosiga kirib keldim. Bugun bu film namoyish etildi. Yoshlar tomosha qildi. Lekin ko‘pchilik oxirigacha o‘tirmadi. Tomoshabinlarni “Bu qanaqa kino o‘zi, umuman tushunmadim” qabilidagi gaplari qulog‘imga chalinganda, to‘g‘risi, xafa bo‘lib ketdim. Albatta, bu filmni tushunish uchun ozgina bo‘lsa-da, aql kerak. Chunki “Yo‘l bo‘lsin” filmi ramziy ma’noga ega. Lekin qachongacha tomoshabinni o‘ylab, uning yo‘rig‘iga yurib, bachkana, faqat maishiy mavzularni aks ettirgan kinolarni olamiz?! Ular ham aqlini ishlatsin, o‘ylansin, kino ruhiyati bilan yashab, uning mazmunini o‘zi chaqib olsin. Bejizga bunday festivallar tashkil etilayotgani yo‘q.Ularni o‘tkazishdan maqsad ham aslida haqiqiy san’at asarlari bilan yoshlarni tanishtirishdan iborat.

PROlogue festivali doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.