Barak Obamaning rafiqasi Mishel Obama tomonidan yozilgan “Shakllanish” avtobiografik asari 2018-yilda AQShda eng ko‘p sotilgan kitob bo‘ldi. Bu haqda Penguin Random House nashriyotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Hollywood Reporter

Ma’lum bo‘lishicha, qattiq muqovadagi kitoblar ichida Mishel Obamaning avtobiografik asari eng ko‘p sotilgan. Bugunga kelib Kanada va AQShda kitobning 2 milliondan ortiq nusxasi sotilgan.

Qayd etilishicha, Mishel Obama asari New York Times gazetasining eng ko‘p sotilgan kitoblar ro‘yxatida ikki haftadan beri peshqadamlik qilmoqda. Bundan tashqari, asar USA Today hamda Publishers Weekly nashrlaring kitoblar reytingida ham birinchi o‘rinni egallab turibdi.

Mishel Obamaning kitobi uning bolaligi va o‘smirlik paytlari hamda u AQSh birinchi xonimi bo‘lgan paytdagi (2009—2017-yillar) xotiralari haqida yozilgan.

Bir yil avval Mishel va Barak Obama 60 million dollar avans puli evaziga avtobiografik kitob yozishi bo‘yicha shartnoma imzolagani xabar qilingan edi.