Buxoro viloyati Olot tumani hokimi Sherali “Shuhrat” fermer xo‘jaligi rahbari Orif Durmatovni do‘pposlab, uning hisob raqamidagi 25 mln so‘mni boshqa hisob raqamga yo‘naltirib yubordi. Bu haqda “Xabar.uz” nashri ma’lum qildi.

Foto: “Xabar”

Xabar muxbiri ushbu hodisa tafsilotlarini o‘rganish maqsadida jurnalist surishtiruvi o‘tkazgan.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 9-yanvar kuni Orif Durmatov Olot tuman hokimligi majlislar zalida o‘tkaziladigan yig‘ilishga chaqirilgan. Majlisda tuman hokimi undan fermer xo‘jaligi muhrini so‘ragan. Orif Durmatov dalada bo‘lganligi sababli, majlisga kechikmaslik uchun to‘g‘ri tuman hokimiyatiga kelganini, muhr uydagi seyfdaligini, otasiga xabar jo‘natib, muhrni keltirishini so‘rashini aytgan. Shuningdek, e’tiroz o‘rnida ayni paytda unga qarashli fermer xo‘jaligining yonilg‘i moylash mahsulotlari hamda yerlarni shudgor qilib bergan boshqa bir fermer xo‘jalik texnikasidan foydalangani uchun qarzdorlik borligini bildirgan.

Biroq, tuman hokimi yig‘ilishda uni nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlab, 200 nafardan ortiq fermer oldida uni mushtlab urib, boshining orqasiga qattiq zarba berib, urib yiqitgan. Lablari, burni va og‘zidan qon ketishiga qaramasdan, aytilgan mablag‘ni ko‘chirmasa, undan fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yerni tuman hokimligi zaxirasiga topshirishi to‘g‘risida majburlab ariza yozdirib olgan. Shundan so‘ng tuman hokimi o‘z vakillari hamda tuman IIB xodimlarini uyiga yubortirib, uydagi fermer xo‘jaligiga tegishli muhrni otasidan oldirgan.

“Muhrni keltirishgach, hokim yana boshimda turib, fermer xo‘jaligimdan 25 million so‘m mablag‘ni boshqa hisobga o‘tkazish uchun yozuvlari qayd etilmagan to‘lov topshiriqnomasiga muhr va imzoimni majburlab yozdirib oldi. To‘lov topshiriqnomasini majburlab imzolatgach, fermer xo‘jaligimga tegishli bo‘lgan yerlarni tuman hokimiyati zaxirasiga topshirishim to‘g‘risida majburlab yozdirishgan arizamni qaytarib berishdi. Ammo, mening shifokor va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat qilmasligim uchun tungi soat 24 ga qadar majlislar zalida ushlab turdi. Yarim tunda sog‘ligim yomonlashgani va qon bosimim oshgani bois, tuman hokimligidan chiqiboq, o‘g‘lim meni viloyat kasalxonasiga keltirdi”, — deydi jabrlanuvchi Orif Durmatov.

Orif Durmatov tungi 01:10 da “Tez yordam” mashinasida respublika shoshilinch yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga olib kelinib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Unga bosh ensa sohasi va o‘ng ko‘z atrofida yumshoq to‘qimalari lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan.

Tuman hokimi Sherali Salomov topshirig‘i bilan “Shuhrat” fermer xo‘jaligi hisob raqamidan majburiy tarzda yozuvlari qayd etilmagan to‘lov topshiriqnomasiga muhr va imzo majburlab yozdirib olingach, tuman MTPga 10 million so‘m, “Ilhom” fermer xo‘jaligi hisob raqamiga o‘rim kombaynlari va haydov traktorlarining xaridi uchun 15 million so‘m mablag‘ ko‘chirilgan.

Tumandagi bir nechta fermer xo‘jalik rahbarlarining bildirishicha, hokimning fermerlarga nisbatan bunday muomalasi, munosabati birinchi marotaba emas.