O‘zbekiston Respublikasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi Facebook ma’muriyati bilan aloqa o‘rnatishda yordam so‘rab, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilgan. Bu haqda “Kun.uz” o‘z manbalariga tayangan holda xabar bermoqda.

Foto: “Cnet.com”

Ma’lum qilinishicha, 2018-yil dekabr oyida tegishli mazmundagi xat Tashqi ishlar vazirligiga yuborilgan.

“Ushbu masala yuzasidan mamlakatning chet eldagi elchixonalari orqali ko‘mak ko‘rsatilmoqda”, – deydi axborot manbasi.

Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi vakili esa ayni paytda yirik ijtimoiy tarmoqlar – Facebook va YouTube videoxostingiga kirishda hech qanday to‘siq yo‘qligini bildirgan. Uning aytishicha, tarmoq ma’muriyati bilan muzokaralar olib borilmoqda.

15-yanvar kunining birinchi yarmida O‘zbekistonda internet uzilishlar bilan ishladi, uning tezligi sezilarli darajada tushib ketdi. Mahalliy internet-provayderlari, jumladan Turon Telecom, TPS va EVO tomonidan bu muammolar “O‘zbektelekom” olib borayotgan texnik ishlar bilan bog‘liqligini ma’lum qildi.

Shu bilan birgalikda, kunning ikkinchi yarmida internet bilan bog‘liq muammolar barham topib, O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari Facebook ijtimoiy tarmog‘i va YouTube saytiga muammosiz, hech qanday vositalarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirishni boshladi.

Shuningdek, endi BBC Uzbek, “Ozodlik”, “Fergana.ru” va “Amerika Ovozi” kabi saytlarga kirishda ham avvalgidek VPN’ga hojat bo‘lmayapti. Shundan so‘ng, yana vaziyat eski holatiga qaytdi va barcha “to‘siqlar” qaytadan paydo bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2018-yilning sentabr oyi boshida Facebook’dan foydalanishda muammolar yuzaga kelgandi, oktabr oyidan esa YouTube portaliga ham yordamchi vositalarsiz kirib bo‘lmay qolgandi.

Mobil internet tezligi jihatidan O‘zbekiston uchta pozitsiyaga tushib ketdi va bugungi kunda 125 pog‘onadan 111-o‘rinni egallab turibdi (tezlik — 9,97 Mbit/s).