Nega odamlar antibiotiklar bilan davolanishni yaxshi ko‘radi? Bundan qanchalik foyda bor? “Daryo”ning yosh kolumnisti, tibbiyot talabasi Sarvar G‘aniyev bu haqda o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi.

Foto: Google Photos

Tan olishimiz kerak, har birimizning uyimizda hech bo‘lmaganda bir pachka antibiotik bor. Ammo qishda shamollashdan aziyat chekayotganingizda “Davolanishning birinchi yo‘li — antibiotiklar qabul qilish” deb o‘ylash xato fikr.

So‘ngi yillarda mikroorganizmlarning antibiotiklarga chidamliliging paydo bo‘lganligi rezistent shtammlar bilan kasallangan bemorlarning o‘limiga olib kelayotgani ayanchli holat.

Antibiotiklarga rezistentlik bu mikroorganizm shtammlarining bitta yoki bir nechta antibiotiklarga nisbatan chidamliligi. Ushbu fenomen bakteriyalarda o‘z-o‘zidan yoki antibiotiklar ta’sirida yuz beradigan tasodifiy mutatsiyalar natijasi hisoblanadi. Bakteriya antibiotik haqidagi ma’lumotni gen darajasida eslab qoladi va o‘zining avlodlariga meros qilib o‘tkazib beradi.

Shundan so‘ng bakteriya shtammlari antibiotikni nofaol holatga o‘tkazuvchi fermentlar ishlab chiqaradi, antibiotik ta’sir qiladigan nishon organellani o‘zgartiradi, hujayrada antibiotik buzishi kerak bo‘lgan metabolizm reaksiyalari yo‘nalishlarini o‘zgartiradi, hujayra qobig‘i orqali kiradigan antibiotik hujayrada to‘planishini kamaytiradi. Natijada antibiotiklarningning davolovchi ta’siri bir necha barobar tushib ketadi yoki bakteriyaga qarshi hech qanday effekt bermaydi. Oqibatda davolashning iloji bo‘lmagan infeksiya tufayli bemor nobud bo‘ladi.

Britaniya tibbiyot jurnalida e’lon qilingan yangi tadqiqotda olimlar vrachlar tomonidan tayinlangan antibiotiklarning samaradorligini tekshirib chiqdi.

Antibiotiklarning qo‘llanilishiga qarab kasalliklar uch guruhga bo‘lindi:

1. har doim antibiotiklar qo‘llanishilishini talab qiladigan kasalliklar;

2. ba’zan antibiotiklar qo‘llanishilishini talab qiladigan kasalliklar;

3. hech qachon antibiotiklar qo‘llanilmaydigan kassalliklar.

Mutaxassislarning fikricha, streptokokkli tonzillit, bakterial pnevmoniya yoki o‘pka abssessi kabi kasalliklar antibiotikoterapiya kursini talab qiladi, shu bois ular birinchi guruhdan joy oldi.

Ikkinchi guruhga esa burun bo‘shlig‘ining yallig‘lanishi, emfizema va pastki nafas yo‘llari infeksiyalari kiritildi.

Nihoyat, antibiotiklar umuman qo‘llanilishi kerak bo‘lmagan kasalliklar kategoriyasiga yuqori nafas yo‘llari infeksiyalari, astma, allergik rinitkabi kasalliklar kiritildi.

Shundan so‘ng antibiotiklar uchun berilgan 15 455 834 retsept o‘rganib chiqilganda, ularning 23,2 foizi uchinchi guruhga, 35,5 foizi ikkinchi guruhga va faqatgina 12,8 foizi haqiqatan antibiotikoterapiyaga muhtoj kasalliklar ekanligi aniqlandi.

Eng qo‘rqinchli tarafi shundaki, 28,5 foiz holatda tayinlangan antibiotiklar hech qanday asosga ega emas.

Vrachlar nima uchun haddan tashqari ko‘p antibiotiklarni tayinlayotgani biz o‘ylagandan ko‘ra kattaroq muammo hisoblanadi.

2014-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, vrachlarning 50 foizdan ko‘proq qismiga bemorlar antibiotiklar berilishini talab qilib bosim o‘tkazgani aniqlangan edi.

Xuddi shu yili o‘tkazilgan boshqa bir tadqiqotda esa vrach kun davomida tayinlayotgan preparatlari soni ortib borishi natijasida charchoq tufayli bu muammolar kelib chiqishi aytilgandi.

2003-yilda o‘tkazilgan so‘rovnomada vrachlar ehtiyorkorlik uchun tomoqdagi yallig‘lanish kasalliklarini ko‘p hollarda viruslar keltirib chiqarishini va antibiotiklar bu yerda befoyda ekanligini bilgan holda, kasallik asoratlaridan qochish maqsadida ularni tayinlashganligini tan olgan.

Chet el tibbiyoti biznikidan ko‘ra rivojlanganligini va vrachlar malakasi o‘rtasidagi farqni va xalqimiz o‘zini o‘zi antibiotiklar bilan davolashni yaxshi ko‘rishini hisobga oladigan bo‘lsak, yuqorida keltirilgan statistika ma’lumotlari bizda anchagina qo‘rqinchli tusga kirishini taxmin qilishimiz mumkin.

Shunday ekan, farzandlaringiz va yaqinlaringizga asossiz antibiotiklar bermang. Noto‘g‘ri tartibda va dozada qabul qilingan antibiotiklar mikroorganizmlarning ularga bo‘lgan chidamliligini vujudga keltiradi. O‘ylamasdan qilgan bu harakatingiz kelajakda yaqiningiz hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.