“Daryo” kolumnisti yangi ruknda o‘tgan haftada muhokama qilingan asosiy ijtimoiy masalalarga to‘xtalib o‘tadi.

Foto: Telegram

Javoblar generatori

Hozircha ishlab turgan Telegram messenjerida “Generator otmazok” boti bor (mana havolasi). “Bahonalar generator” bo‘ladi o‘zbekchasi. Ajoyib bot. Ming turfa xil bahonani undan topasiz. Beminnat maslahatgo‘y. Ishga kechikdingizmi, qarzni vaqtida to‘lamadingizmi, yo‘lda qizilda o‘tib ketdingizmi — shundoqqina generatorni bossangiz, “to‘satdan uyimga mehmon kepqoldi”, “bugun qattiq shamollaganman”, “xoh ishoning, xoh ishonmang, uyimga uchar likopcha tushdi” shaklidagi bahonalarni bir zumda topib beradi.

Bu generator, odatda, kichkina odamlarga asqatadi. Ammo ayrim rahbarlar va amaldorlar ishlatadigan javoblar generatori ham bor. Bu generatorda har xillik yo‘q, doim bir xil javobni generatsiya qiladi. Tanqid va e’tirozga bitta javob beriladi: “Biz ishlayapmiz. Sen nima qilib qo‘yding?” Hurmatli janoblar, yetar endi repertuarni o‘zgartiring.

O‘zing nima qilib qo‘yding?

Birinchi mavzuimiz azbaroyi qizg‘inligidan ikkinchi lavhamizning tomorqasiga ham bostirib kirdi. Bu generatordan yetti yashardan yetmish yashargacha foydalana boshladi.

Shoir: “O‘zing bir qator tabrik so‘zi yozolmaysan, ammo menga tiling bir qarich”.

Qo‘shiqchi: “Hushtak chalishni eplolmaysiz-u, mendan jonli ovoz talab qilishingizga o‘laymi? Ijroimizga qarsak chalish huquqingiz bor, aziz muxlis”.

Domla-imom: “Biz bamisoli cho‘g‘ni kaftimizda ko‘tarib yuribmiz. Siz dinimizga qanday xizmat qildingiz? Internetda g‘iybatlashishlikdan bo‘shamaysiz”.

Qassob: “Qonni ko‘rsang, qo‘rqib ketasan, bolakay, yana lahm so‘raysan-a. Men chidab ishlayapman. Suyakni olgin-da ketaver, maza qilib kemirasan”.

Avtobus haydovchisi: “Kuni bo‘yi odamlarga xizmat qilib eshakday charchaysan, yana nolishini-chi bularning. Qanaqa noshukur odamsanlar? Issiqni issiq, sovuqni sovuq demay ishlayotgan biz, a tak. Jimgina ket”.

Buqa: “Mo‘o‘, men vatanga 200 kilogramm go‘sht berish uchun semiryapman, sen nima berasan? Gapirishga haqqing yo‘-o‘q”.

Tovuq: “Qoq-qoq-qoq. Oldin bitta tuxum qo‘yib boq. Keyin tuxumni yomonla”.

Hashar — shaharga yarashar yoki kurakka suyanish ijro mahorati

Foto: Google Photos

Ikki hafta muqaddam “Hafta ijtimoiy muammolari” ruknida chiqargan “Oqqush, cho‘rtanbaliq va qisqichbaqa farg‘onalikmidi?” lavhamizga javob keldi. Mas’ullardan deb o‘ylamang, ishchilarning biri yozibdi. Hamma kabi u ham nomi oshkor etilishini istamaydi.

“Mana yo‘l qurishni, to‘g‘rirog‘i, buzishni boshlaganimizga ham bir oy bo‘ldi. Daraxtlarni kesish uchun bugun yana bir nechtasiga ro‘yxat qilib berdi, ammo loyiha chiqqani yo‘q. Ishlash uchun esa daraxtlarni kesish shart, shu munosabat bilan poytaxtdan kattakon odamlar kelgan. Hamma ularning kelishini eshitsa, ‘uhh’ deydi, ko‘rsa ‘o‘o‘o‘’, deydi. Shunday katta kalibrli odamlar kelganda ishlamay turish mumkinmi, o‘zlaring aytinglar? Qo‘shni tumanlardan yordam chaqirdik, loyiha yo‘q, ishlash uchun imkoniyat yo‘q, lekin ishchi bor mana bugun o‘ninchi kun 60 tadan hasharchi keladi. Ular xuddi “O‘zbekkino”ning aktyorlariga o‘xshaydi. Nima ish qilishni ko‘rsatish shart emas, o‘zlari keladi, to‘kilgan shag‘al oldiga borib, kurakni ushlab turadi, obedga boradi, qaytib kelib, kurakka suyanadi, kech kiradi va ertasiga xuddi shu ssenariy qaytariladi. Eng muhimi kattakonlar ularni ‘ko‘rsin’, e yo‘q, katta harf bilan yozaman — ‘KO‘RSIN’, tamom. O‘tgan kuni hisoblasam, ishtahang ochilgurlar bir yarim ming marta obed yebdi. Bu degani bitta kadrning besh yili o‘ldi degani. Yilda nechta obodonlashtirish hashari bo‘ladi? Hammasida yo aptekachi, yo bozorchi, yo do‘xtir, yo bankir chiqadi va kurakka suyanadi, shu ishxonalarda bir kunlik ish to‘xtaydi yoki bir mutaxassisning huquqi buziladi. Biz obodonchilik hasharlarida tugayapmiz, hasharlarda o‘lib ketyapmiz”.

Yetar. “Sizdan Telegram” rukniga ham bunaqa uzoq yozishmaydi, deb nomi oshkor etilmaydigan qahramonning SMS’iga nuqta qo‘ydim. Darvoqe, sizlar tarafda ham kurakka suyanuvchilar ijrosidagi hasharlar bormi?

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.