Toshkent markazidagi Amir Temur va Navoiy ko‘chalari chorrahasida (UMS bosh idorasi qarshisida) transport vositalari uchun qo‘shimcha qayrilib olish joyi ochildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Qayrilib olish joyi chorrahada qayrilish va burilishda ko‘p sonli avtomobillar to‘planishining oldini olishi ko‘zda tutilgan.

“Gazeta.uz”ga ma’lum bo‘lishicha, Toshkent Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamenti hamda IIBB YXXB boshqa chorrahalarda ham shu kabi qayrilish joylarini ochishni rejalashtirmoqda.

Jumladan, Amir Temur ko‘chasining Toshkent moliya instituti yaqinidagi qismida ham qayrilib olish joyini ochish belgilangan.

Bundan tashqari, Kichik halqa yo‘lida Lutfiy ko‘chasi bilan chorrahada (Foziltepa ko‘chasidan kelish yo‘nalishida) hamda Foziltepa bilan chorrahagacha bo‘lgan qismda ham qayrilib olish joyi paydo bo‘ladi.