Innovatsion rivojlanish vazirligi Yozuvchilar Uyushmasi hamda Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi bilan hamkorlikda kitobxonlikni qo‘llab-quvvatlashning innovatsion usullarini joriy etmoqda. Bu haqda “Daryo” vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Ana shunday innovatsion faoliyatlardan biri QR kodlar joylashgan kitoblarni chop etishdir. Shoira, o‘qituvchi Dil Bonuning ”Qalbim ko‘zgusi” nomli she’riy to‘plami QR kodlarda joylashgan audio ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan dunyodagi birinchi kitob. Kitobning har bir sahifasiga maxsus QR kod tushirilgan bo‘lib, mobil telefondagi ilova orqali muallif tomonidan o‘qilgan she’rlarni mazmunga mos musiqa ostida tinglash mumkin.

Kitobdagi she’rlarning audio tarzda QR kodlarga bunday joylashtirilishi innovatsion g‘oya mahsulidir. Odatda QR kod mahsulot yorliqlarida, reklama mahsulotlarida qo‘llaniladi. Ammo QR kodli bunday shakldagi she’riy kitob dunyoning birorta mamlakatida hali yaratilmagan.

Badiiy matn, xususan, she’riy asarning mazmun-mohiyati, uning poetikasi va ruhiyatini hech kim muallifdan yaxshiroq talqin etolmasligini inobatga olinsa, bunday kitobning yaratilishi axborot yetkazish va saqlashning yangi, mukammal usulini kashf etdi.Kitobning an’anaviy bosma nashri bilan audio shaklining uyg‘unlashuvi matbaa sohasida yangi imkoniyatlarning ochilishiga xizmat qiladi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Shunday usuldan foydalanib ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar, turli fan yo‘nalishlari bo‘yicha metodik adabiyotlar, lug‘atlar, ma’lumotnomalar, ensiklopedik asarlar, bibliografik nashrlarni chop etish o‘quvchilar, xususan, imkoniyati cheklangan insonlar uchun qulaylik yaratadi.