Termizdagi “Matbuot uyi”da joriy yil 5—10-aprel kunlari Surxondaryo viloyatida o‘tkaziladigan ilk xalqaro baxshichilik san’ati festivali oldidan “Alpomish” dostoni kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga jurnalist Nargiza Rahmatullayeva ma’lum qildi.

O‘zbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonov talqinida havola etilgan ushbu doston Surxondaryo viloyati hokimligi, Respublika ma’naviyat-ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan nashrga tayyorlanib, “Akademnashr” nashriyotida 1000 nusxada chop etildi.

— Voqealarning izchilligi qog‘ozga ko‘chganida ham tabiiyligini saqlab qolgan va har bir so‘zga ramz yuklatilgan. Obrazlarning jonlantirilishi halqchil tarzda amalga oshirilgan. Endilikda ushbu dostonning bir necha baxshi-shoirlarimiz talqinida chop etilishi rejalashtirilgan, — deydi Respublika Ma’naviyat-ma’rifat markazi Surxondaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Firdavs Sharipov.

Folklorshunos olimlarning e’tirof etishicha, hozirgi kunda ushbu dostonning qirqdan ortiq varianti mavjud. Surxon baxshichilik maktabi vakillari tomonidan dostonning bir necha talqinlari yaratilgan.