Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi Agrosanoat kasb-hunar kollejida o‘quvchilar o‘z qo‘li bilan ishlab chiqargan 24 turdagi tayyor mahsulotlardan tushgan daromad evaziga viloyatda yagona bo‘lgan innovatsion kutubxona tashkil etildi. Bu haqda kutubxona ochilishida ishtirok etgan “Daryo” muxbiri ma’lum qilmoqda.

Foto: “Daryo”

Tadbirda ishtirok etgan tuman hokimligi, kollejlar boshqarmasi va jamoatchilik kutubxonaga 500 ga yaqin badiiy kitob sovg‘a qildi.

— Tumanda joylashgan mazkur kollej rahbariyatidan chiqqan bunday tashabbus bizni quvontirdi, — deydi tuman hokimligi vakili G‘ayrat Ergashev. — Tuman hokimi kollej rahbariyatining bu xayrli ishini davom ettirgan holda, kutubxonaga 100 ta badiiy kitob sovg‘a qildi. Nasib etsa hali yana badiiy kitoblar yetkazib berishni rejalashtirganmiz.

— Shunga yaqin tashabbus Yakkabog‘dagi kollejda ham kuzatilgan edi, — deydi kasb-hunar kolleji direktorlaridan biri Shuhrat Abdurahmonov. – Ammo bunday imkoniyat va g‘oya haligacha qilinmagan. Qolaversa, bu kollejdagi kutubxona o‘quvchilar mehnati ortidan kelgan daromad evaziga barpo etilgani ham ahamiyatli. Shu jihatdan olib qaralganda viloyatda yagona bo‘lgan mazkur innovatsion kutubxonaga o‘z hissamizni qo‘shish maqsadida elektron shakldagi va badiiy kitoblar jamlanmasini sovg‘a qildik. Nasib etsa, biz ham kollejimizda shunday kutubxona tashkil etishni niyat qildik.

Foto: “Daryo”

Kutubxona ochilishi marosimida ma’lum qilinishicha, mazkur innovatsion kutubxona boshqa kutubxonalardan barcha imkoniyatlari mavjudligi bilan ajralib turadi. Jumladan, o‘quvchi kitobni o‘qib chiqishdan ko‘ra, tinglashni xush ko‘rishi yoki kitobning video shaklidagi variantini tanlashi mumkin.

Innovatsion kutubxona kollej o‘quvchilari o‘z mehnati bilan ishlab chiqargan mahsulotlardan kelib tushgan qariyb 20 million mablag‘ evaziga barpo etilgan. Kollej rahbari Muzaffar Abbosovning qo‘shimcha qilishicha, o‘quvchilar ayni kunda 24 turdagi tayyor kiyim-kechak mahsulotlari, eshik-deraza romlari va darvozalar ishlab chiqarish evaziga oyiga 8-10 million so‘m daromad qiladi.

Hozirgi vaqtda kollej viloyatdagi 4 ta YaTT bilan doimiy shartnomaga ega bo‘lib, buyurtmachilarga tayyor mahsulotlar yetkazib beradi.