Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi advokati Greguar Manja 5-aprel kuni Twitter sahifasida o‘zbekistonlik advokatlar ishiga munosabat bildirdi.

Foto: Twitter

“2016-yil dekabri. Mening Gulnora Karimova bilan uchrashishimga birinchi marta ruxsat berishdi. Toshkentda ikki kunlik eshituvlar bo‘ldi. 20 soatdan ko‘proq davom etdi. Mening mijozimga tayinlangan ikki o‘zbek advokatidan birortasi bu ikki kun davomida og‘iz ochib bir so‘z demadi. Indamas advokatlar. Bosim ostida. #Adolatsiz adolat”, — deb yozdi shveysariyalik advokat.

Foto: Twitter

1-aprel kuni Zangiotadagi 21-ayollar koloniyasida Gulnora Karimova bilan uchrashgani haqida Twitter sahifasida xabar bergan Greguar Manja 3-aprel kuni O‘zbekiston hukumatidan o‘z mijoziga berilgan jazo muddatiga oydinlik kiritishni so‘radi.

Foto: Twitter

“Bir necha oydan beri biz O‘zbekiston rasmiylaridan Karimovaga berilgan qamoq jazosining qachon boshlanib, qachon tugashini tushuntirib berishni so‘rayapmiz. Odam o‘g‘irlashmi bu? Hozirgacha javob yo‘q”, deb yozadi Greguar Manja.

Joriy yil 6-mart kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaning jazoni o‘tash koloniyasiga qaytarilgani haqida xabar bergan edi.