O‘tayotgan hafta yurtimizdagi yo‘l harakatiga oid o‘zgarishlar hamda qurilish va buzilish ishlari bilan tarixga muhrlandi. Haftalik dayjestimizni boshladik.

O‘zbekiston yoshlari delegatsiyasi BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish bo‘yicha muhokamasida ishtirok etdi. Ta’lim vazirining sobiq o‘rinbosari, hozirgi kunda Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev BMT minbarida so‘zga chiqib, O‘zbekistonning yoshlar siyosatidagi pozitsiyasi haqida gapirdi.

Alisher Sa’dullayev. Foto: Yoshlar media markazi

* * *

Andijondagi neft konlari Rossiya kompaniyasiga beriladigan bo‘ldi. Ikki mamlakat kompaniyalari imzolagan bitimga muvofiq Xartum, Sharqiy Xartum, Janubiy Olamushuk va boshqa konlarda neft qazib olish ko‘paytiriladi. “Andijonneft” 25 ta neft va gaz konini o‘z ichiga oladi. Biroq “O‘zbekneftgaz” ham ishlab chiqarish hajmini oshirib, joriy yilda bir nechta yangi kon ochishni rejalashtirganini ma’lum qildi.

* * *

Surxondaryoda o‘tkazilgan xalqaro baxshichilik festivali yakuniga yetdi. Festival g‘olibini 7 ming dollar miqdoridagi mukofot kutadi. Festivalda besh yashar G‘olibjon baxshi maxsus nominatsiya bo‘yicha sovrindor bo‘ldi. Prezident e’tiborida o‘tkazilgan festivalda ko‘plab xorijlik mehmonlar ham ishtirok etdi. Festivaldan “Daryo” muxbirining fotosuratlarini ko‘rishingiz mumkin.

* * *

Vazirlar Mahkamasining 9-apreldagi qarori bilan yo‘l harakati qoidalariga o‘zgarishlar kiritildi. Jumladan, aylanma harakatli chorrahalarda harakatlanayotgan avtomobillarga ustunlik berildi, transport vositalari kunduz kuni harakatlanayotganda chiroqlarni yoqib yurish majburiyligi belgilandi. O‘zgarishlar hujjat rasman e’lon qilingan 10-apreldan kuchga kirdi. Ammo aholi bir oy ichida yangi o‘zgarishdan to‘liq boxabar qilingandan so‘ng jarimalarni qo‘llash boshlanadi. Bundan tashqari, Toshkent ko‘chalarida yo‘l harakatini patrul vertolyotlari kuzatib boradi. Shuningdek, mamlakatimizda yangi yo‘l belgilari joriy qilindi.

* * *

Tadbirkor Fattoh Shodiyevning jamg‘armasi Sirdaryo viloyati uchun 40 milliard so‘m ajratdi. Mablag‘ning qariyb 30 milliard so‘mi viloyatning maxsus hisob raqamiga kelib tushdi. Bu mablag‘ “Obod qishloq” dasturi doirasida chekka qishloqlarini obodonlashtirish, aholini turmush tarzini yaxshilash va Xovosda Xovos City qurilishiga sarflanadi.

* * *

Andijonda Hindistonning Sharda universiteti ochildi. Unda elektr muhandisligi, axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik, kompyuter tizimlariga xizmat ko‘rsatish, elektronika, kommunikatsiya muhandisligi, biznes-menejment sohalari bo‘yicha xalqaro darajadagi mutaxassislar tayyorlanadi.

* * *

Foto: “Gazeta.uz”

Toshkent shahri Sergeli tumanida qurilgan arzon uy-joylarning kredit to‘lovlari oshirilgani aholining ochiq-oshkora noroziligiga sabab bo‘ldi. Fuqarolar narxni oshirayotgan mas’ullarga ko‘chada yig‘ilish o‘tkazib e’tiroz bildirdi va javob talab qildi. Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev mojaroda xalqning yonini olib, va’daboz korxonalarni tanqid qildi va ularni lafzda turishga chaqirdi. Shuningdek, Oliy Majlis Ombudsmani Sergelidagi uylar muammosini nazoratiga oldi. Mamlakat bosh vaziri Abdulla Aripov uylar narxi qayta ko‘rib chiqilishiga va’da berdi.

* * *

Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi Saida Mirziyoyeva Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari bo‘ldi. U O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi imijini targ‘ib qilish uchun mas’ul PR-markaz faoliyatini muvofiqlashtiradi. Saida Mirziyoyeva Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida o‘z rasmiy sahifalarini ochdi.

* * *

Aprel boshida The Guardian gazetasida Toshkentdagi to‘satdan buzilishlar odamlarning qahrini keltirayotgani haqida material e’lon qilingan edi. Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev maqoladan ranjib javob qaytardi. Javobda “...Toshkentda hech bir ko‘chmas mulk o‘z-o‘zidan buzilayotgani yo‘q. Turar-joylar og‘ir ahvolga kelib qolgan, eskirib qolgandagina bunday ishlar amalga oshirilmoqda...”, deyilgan va The Guardian jurnalistlarini Toshkentga taklif qilingan.

* * *

Foto: Bukhara Info

Hafta oxirida internetda g‘aroyib jarima xatining fotosurati tarqaldi. Unda buxorolik haydovchidan 1 milliard 13 million 652 ming 19 so‘m jarima undirilishi son va so‘zlar bilan yozilgandi. Blanka suratini ko‘pchilik fotomontaj deb topdi, ammo aslida voqea boshqacha bo‘lib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, texnik xato tufayli jarima summasi sana bilan qorishib, avtomatik tarzda yaxlit miqdorga aylanib qolgan. Shu tariqa qoidabuzar haydovchi 101 365 so‘m jarima to‘laydigan bo‘ldi. Yo‘l harakatini tartibga solishda inson omilidan voz kechish shunday g‘aroyib vaziyatlarni keltirib chiqarsa-da, o‘z samarasini kechiktirmayapti.

“Daryo”ni kuzatishda davom eting. Eng muhim va dolzarb xabarlar sharhini bizda o‘qing.