“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 15-aprel kuni O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Marosimni Shavkat Mirziyoyev ochib, qardosh qozog‘istonliklarni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutladi.

— O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining ochilishi strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Ushbu muhim voqea xalqlarimiz o‘rtasidagi abadiy va samimiy do‘stlik, madaniy va ma’naviy yaqinlik ramzidir, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbek va qozoq xalqlari azaldan bir-biriga tayanch bo‘lib, qiyinchiliklarni yengib o‘tgani, bugungi kunda xalqlarning umumiy kelajagini ham birgalikda bunyod etayotgani ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

— Bugungi kun O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlarida yangi, tarixiy kun sifatida xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik aloqalarini rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi, deb ishonaman, — dedi davlat rahbari.

Ma’lumki, 2018-yilda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilingan edi. Ushbu sana doirasida madaniyat, san’at, adabiyot, ilm-fan, turizm va boshqa sohalarda 100 dan ziyod tadbir o‘tkazildi. Teatr va folklor jamoalari, estrada xonandalarining ijodiy safarlari uyushtirildi. Olmaota shahrida o‘zbek adabiyoti kunlari, Taraz, Chimkent, Qizilo‘rda, Turkiston shaharlarida o‘zbek kinosi kunlari bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev O‘zbekistonda qozoq tili va madaniyatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi. Qozog‘iston yili doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar qardosh xalqlar madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashini qayd etdi.

Mamlakatda Qozog‘iston yiliga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Uning doirasidagi tadbirlar san’at, fan, ta’lim va tadbirkorlik sohalari vakillariga o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, bilim va tajriba almashish uchun yangi ufqlar ochadi. Madaniyatlar bir-birini boyitishiga, xalqlar yanada yaqin bo‘lishiga xizmat qiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ochilish marosimi katta konsert dasturi bilan davom etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati