“Daryo” kolumnisti Yevgeniy Sklyarevskiy poytaxtni obodonlashtirish masalasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishda davom etadi.

Kimdan so‘ramang, hamma City haqida gapirmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda asosiy gap kimning City’si yaxshiroq bo‘lib qoldi.

Ivan Sidorov

Toshkent ahli buzilishlar, qayta qurishlar, qurilishlar, Toshkent hokimi bilan uchrashuvlardan sarosimaga tushdi, hammaning tilida doston bo‘lgan 45 va 78-uylarni bilib oldi. Toshkentga to‘satdan yopirilib kelgan qurilishlar aks sadosini ko‘rib chiqamiz.

Foto: Alla Gajeva

1) Bu aslida kerakmi? Kerak. Barcha ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi gap-so‘zlar toshkentliklarning biror narsani o‘zgartirishni istamasliklari haqida bormoqda. Bekorga! Toshkent poytaxtku. Shaharda birorta ham Toshkentning timsoli bo‘la oladigan inshoot yo‘q. Eng yaxshi binolar  — Tarix muzeyi (sobiq Lenin muzeyi) va Panorama kinoteatri yarim asr avval qurilgan. Qo‘shimcha qilib “Toshkent” va “O‘zbekiston” mehmonxonalarini aytish mumkin. Keyingi 30 yil mobaynida Anjumanlar saroyi va Milliy kutubxonadan boshqa tuzukroq bino qurilgani yo‘q. Toshkentga yangi, chiroyli binolar kerak.

Qushbegidagi (Tekstildagi stadion yonida) “O‘zbekistonning 25 yilligi” kinoteatrining buzilishi haqidagi xabarga “Oh, men u yerda 1967-yilda u yerda ‘Fantomas’ni ko‘rgan edim, tarzidagi sharhlar yog‘ilib ketdi. Xo‘sh, nima qilish kerak? Bu vayronani sizning yoqimli xotiralaringiz saqlanib qolishi uchungina kelajakka qoldirish kerakmi?

Yoki “O‘zbekenergo” binosi buzilishga hukm qilingach, “men u yerda amaliyot o‘taganman” qabilidagi izohlar oqimi tinimsiz kelib turdi. Keling, ochiqchasiga tan olaylik, bino arxitekturaning nodir durdonasi emas, uning o‘rniga markazni bezaydigan, chiroyli bino qad rostlagani yaxshiroq. Xulosa qilib aytganda, biz tarixiy joylar va inshootlarga zarar yetmagan holda yangilanishlar bo‘lishi tarafdorimiz.

2) “Hovlisi bor uylar haqida”. Bunga ham qarshiman. Hovlisi bor uyda yashashni istaysizmi, shahardan tashqarida yashang. Shaharda ko‘p qavatli uylar bo‘lishi kerak. “O‘zimizning uylar” sababli shahar asossiz ravishda qismlarga bo‘linib, kengayib ketmoqda. Esimda, talabalik davrimda Yunusoboddan Talabalar shaharchasiga borguncha ikki marta — markazgacha va markazdan manzilimga yetguncha uzundan uzoq mahallarlarni kesib o‘tishga to‘g‘ri kelgan. “Bir qavatli” shaharning kengayib borishi transportga ortiqcha yuklanish tug‘diradi va shaharning  qishloqdan asosiy afzalligi — muassasalar, ofislar, banklar va boshqa idoralarning markazlashuvidan mahrum qiladi. Shahar markazi bir qavatli bo‘lsa, Chilonzor, Yunusobod, Qoraqamish, Qo‘yliq, Qorasuv mavze va dahalarning yuz minglab aholisi ko‘p qavatli uylarda yashayotgani mutanosiblik keltirib chiqaradi. Albatta, hamma uzumzori, favvorasi yoki yozgi oshxonasi bo‘lgan hovlida yashagisi keladi. Lekin shahar nima uchun maydonining kengayib ketishidan qiynalishi kerak? Agar markaz ko‘p qavatli binolardan tashkil topgan bo‘lsa, bu shaharsozlik borasida mantiqan to‘g‘ri  hisoblanadi;

3) Eng og‘riqli uchinchi mulohaza bu buzilayotgan uylarga tovon puli to‘lovi masalasidir. Shahar hayajonga kelgan, hamma aniqlikning yo‘qligi tufayli buzilishga tushishi mumkin bo‘lgan yer-mulkidan qo‘ryapti. Goh u, goh bu ko‘chaning buzilishi to‘g‘risidagi mish-mishlarga javoban yashovchilarning xavotiri tartibsiz tarzda internetga ko‘chmoqda. Facebook’dagi “Tashkent snos” guruhi (13301 a’zo) va Telegram’dagi  “Buzilish masalalari” (1281 qatnashchi) xabarlar oqimi ko‘pligidan qizigandan qizigan. Aholining faolligi (ayniqsa Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasidagi uylar buzilishlarning boshlanishi haqidagi ovozalar tarqalgach) bejavob qolmadi. Shahar hokimi aholi bilan uchrashuvda “yashovchilarning roziligisiz buzilishlar bo‘lmaydi, har bir kishining manfaatlari hisobga olingan holda bitim tuziladi. Hech kimning mol-mulki avvalgidek shunchaki buzib tashlanmaydi”, deb va’da berdi.

Odamlar shunday sarosimada kimga yoki nimaga tayanish mumkinligi borasida umidga ega bo‘ldi. Bizda qonunlar mavjud. Masalan, 2006-yil 29-maydagi “Fuqarolar va yuridik shaxslarga davlat va jamoat ehtiyoji uchun yer uchastkalarini olinishi munosabati bilan tovon to‘lash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi” Vazirlar Mahkamasining 97 sonli qarorida bu jarayon haqida tartib belgilangan. Qarorga ko‘ra, turar joy (kvartiraning) buzilishi ko‘chmas mulkning qiymati bozor bahosida to‘liq amalga oshirilgandan keyin yoki taraflarning kelishuviga muvofiq buzilayotgan turar joy o‘rniga mulk egasiga turar joy binolari ajratilgandan keyingina amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, mulk egasiga yer uchastkasi olinishi munosabati bilan yetkazilgan zarar to‘liq qoplanishi zarur. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksi 71-moddasida fuqarolarga boshqa turar joy berish bilan ham ko‘chiriladi qoidasi ham amal qiladi. Xususiy mulkni himoya qilish borasidagi bir qator havolalar ham mavjud. Gap shundaki, OAV va blogerlar (prokuratura organlari ham) qonunlar bajarilishini nazorat qilishi kerak. Hokimiyat ham uy-joy berilishida qonunchilik tarafdori. Qonunlarni qo‘llash amaliyoti oson va tez bo‘ladigan ish emas. Moskva va Olmaota ham bu jarayondan o‘tgan va bizda ham, umid qilamizki, asta-sekin bu izga tushib ketadi. Afsuski, bu jarayon qatnashchilarining sog‘lig‘i va asablari evaziga boradi.

Bu maqolaning maqsadi tovon to‘lovi masalasining to‘liq sharhini berish emas, lekin quyidagilarni e’tiborda tutish maqsadga muvofiq:

- agar uyingiz buziladigan bo‘lsa, tovon to‘lashni so‘rab ariza yozishni unutmang;

- uy buzilishi borasida bahsashish, tortishish mumkin;

- buzish saboqlari: davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasining olinishi bilan yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risida ariza;

4) To‘rtinchi mulohaza reja haqida bo‘ladi. Toshkentni rivojlantirishning bosh rejasi yo‘qligi haqida ko‘p marta gapirildi. 60-yillarda reja bor edi. Balki keyin ham bo‘lgandir, lekin yetti qavat sandiqning ichida. Tabiiyki, shaharning turli tumanlarida kutilmagan buzilish va qurilish tashabbuslari ajablanish hissini uyg‘otadi. Aniqlik, shaffoflik va oldindan ogohlantirishlarning bo‘lishini xohlar edik. Nihoyat, bu istagimiz amalga oshdi. Hokim shahardagi barcha buzilishlar va qayta qurishlar bo‘yicha tashabbus shaharning bosh rejasi tasdiqlanguniga qadar to‘xtatilishini va’da qildi. Hokimning va’dasiga ko‘ra, Toshkent shahrining bosh rejasi aprel oyi oxiriga qadar 3D shaklida tayyor bo‘ladi. Uni yaratish ustida Xitoy, Turkiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ishlamoqda. Barcha Toshkent osmonida past uchayotgan vertolyotni ko‘rgan bo‘lsa-da, may oyi ham kirdi, ammo na bosh rejadan, na konsepsiyadan darak yo‘q. Endi may oyi oxirida Toshkent bosh rejasini ko‘rsatishni va’da qilishmoqda.

Umid va ishonchga to‘la ko‘nglimiz alaloqibat konsepsiya qabul qilinishiga, e’lon qilinishiga va unda albatta buzilish rejaga kiritilgan joylar muddatlari ko‘rsatilishiga umid qilmoqda;

5) Mulohazaning beshinchisi tarixiy ruhni saqlab qolish borasida. Hokimiyat qoshidagi jamoatchilik kengashi shaharni rivojlantirish konsepsiyasi yaratish zarurligini, buzilishlar vaqtida vatandoshlarning huquqlariga rioya qilinishini va tarixiy binolarning saqlab qolinishini ta’kidlashdi. Bayonotda aytilishicha “shaharning qiyofasi o‘zgarishlarga uchrayotganligi va ilg‘or texnologik yangiliklarni joriy qilishga intilishda shaharliklar uchun qadrli, ayniqsa turizm sohasi butun mamlakat uchun rivojlanishning hal qiluvchi sohasi qilib belgilanishi sharoitida poytaxt mehmonlari uchun jozibali bo‘lgan Toshkentning noyob qiyofasini yo‘qotmaslik muhimdir”. Yetakchi urbanistlarning fikricha, shaharga noyoblikni faqatgina biznes markazlarning kattaligi va sonigina emas, aksincha, madaniy, tarixiy va me’moriy qadriyatlarning mavjudligi ham beradi. Zudlik bilan davlat kadastridagi madaniy meros obyektlari, inshootlar va binolarning to‘liq ro‘yxati tuzilishini va e’lon qilinishini taklif etamiz. Bu ro‘yxat tuzilguniga qadar esa O‘zbekiston poytaxtidagi shunday inshootlarning buzilishiga moratoriy  joriy qilinishi imkoniyati ko‘rib chiqilishi kerak. Qolaversa, jamoatchilik kengashi faqat bayonot bilangina cheklanmay, tashabbus ko‘rsatdi va kengashning fikricha tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan 100 binoning ro‘yxatini e’lon qildi. Shungdek, toshkentliklarga bu binoni to‘ldirib borishni taklif qildi. Ma’lumotlar “Toshkentda saqlab qolinishi kerak bo‘lgan 100 imorat” maqolasiga yozilgan sharhlarda to‘plab boriladi;

6) Investitsiyalar to‘g‘risida. Qurilish ishlari ustav kapitalida ozgina mablag‘i bo‘lgan noma’lum kompaniyalarga ishonib topshirilgani haqida ko‘pgina maqolalar paydo bo‘ldi. Nazarimizda, buni “kovlashtirish” kerak emas, asosiysi ular investisiya kirityapti, kompaniya va sarmoyalarning kelib chiqishi hech kimni tashvishlantirmasligi kerak (agar qonun buzilishlari mavjud bo‘lsa, bu muhofaza qiluvchi organlar ishi). Ko‘p gapiriladigan yana bir xavotir mavjud: bu kompaniyalar shaharni bitmagan imoratlar va qarzlar bilan qoldirib, yarim manzilda tashlab qochmaydimi? Bundan shahar qanchalik kafolatlangan? Ommaviy buzilish qurilish ishlarini boshlashdan oldin hech bo‘lmaganda bir City’ni oxirigacha bitkazib olish yaxshi bo‘lar edi;

7) Yettinchi mulohaza eskirgan uy-joylar haqida. Turar joylarning eskirgani bahonasida buzilishi shaharliklar ommaviy ekspluatatsiya qilishning normativ muddatlari bilan qiziqishiga olib keldi. Mana ijtimoiy tarmoqlardan nimalar topildi:

- Urushdan oldingi stalinkalar — 125 yil, normativ buzilish vaqti — 2050–2070-yillar;

- Urushdan keying stalinkalar — 150 yil, normativ buzilish muddati — 2095–2105-yillar;

- Xrushchyovkalar — 50 yil, normativ buzulish muddati — 2005–2015-yillar;

- G‘ishtli besh qavat uylar — 100 yil, normativ buzilish muddati — 2050–2075-yillar;

- Panelli va blokli 9–16 qavatli binolar — 100 yil, normativ buzilish muddati — 2055–2080-yillar;

- Hozirgi zamon g‘ishtli va monolit uylari — 125–150 yil;

- Hozirgi panelli uylar — 100–120 yil;

- Hozirgi blokli uylar — 100 yil.

Bu yerda ham qarama-qarshi fikrlar ko‘p. Ishchilar shaharchasining urushdan keyin qurilgan ikki qavatli uylardan yangi uyga ko‘chib chiqqanidan xursand. Boshqa tomondan, yarim asrlik “xrushchyovkalar” butun, mustahkam va ularni nuragan deb buzish diqqat bilan o‘rganishni talab etadi, ammo bahonalar asoslanmagan va shunchaki yerni egallab olishga qaratilgan. Umuman olganda, katta maydonni egallab yotgan bir qavatli uylar turganda ko‘p qavatli uylarni buzish bema’nilikdir. Tarixiy qimmatga ega, turistlarni chorlovchi binolarni restavratsiya qilish o‘rniga ularni eski deb baholash uzoqni ko‘ra olmaslikdir.

8) Mulohaza 45-uy haqida. Barchamiz ko‘p voqealar sodir bo‘layotgan serial ortidan diqqat bilan kuzatmoqdamiz.

Yaxshi jihatlari: istiqomat qilayotganlar zo‘rlik bilan ko‘chirilgani yo‘q, ular bilan quruvchi o‘rtasidagi munosabatlarni sud belgilaydi. Ikkinchidan, uy harqalay madaniy meros obyekti deb tan olindi, ozgina rasmiyatchiliklar bitsa, masala hal, ammo marmar taxta o‘rnatib qo‘yishdi. Uchinchidan, uy istiqomatchilari V. Zomanov boshchiligida buzishga qarshi birlashdi va, davlat tili bilan aytganda, “madaniy maydon” yaratdi, podyezdlarni yaxshiladi, turli tadbirlar o‘tkazmoqda.

Yomon jihati: sud qandaydir g‘alati. Majlislar o‘tkaziladigan joy to‘xtovsiz o‘zgartirilmoqda. Sud ishtirokchilariga joy yetishmaydi yoki ularni kirgizishmaydi. Keyin to‘satdan joylar hamma uchun yetarli ekanini aytishadi va jurnalistlarni ham sud zaliga chaqirishadi. Bunday tartibsiz jarayon adolatli o‘tadigan, obro‘li sudga hech yarashmaydi. Sud bo‘ladigan sana o‘zgartirilgan, yana kutyapmiz;

9) Yerga xususiy mulkchilik haqida. Barchaga ma’lumki, 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda yerga xususiy mulkchilik huquqi paydo bo‘ladi. Bu xabar mahalliy aholi o‘rtasida alg‘ov-dalg‘ov fikrlarning urchishiga va bahslarga sabab bo‘ldi. Kim qanday va qancha yer oladi? Uchastkasi borlar ularga egalik qilish huquqini oladimi? Ko‘p qavatli uylarning istiqomatchilarichi? Ular qanday yerga ega bo‘lishi mumkin? Bu huquq ularning kvartirasiga tatbiq qilinadimi? Yer qanday shartlar evaziga quruvchilarga beriladi?  Bu savollar huquqiy savodsizlik ortidan kelib chiqib, aholini vahimaga solmoqda. Huquqshunoslar bu borada tushuntirish berishini istar edik. Lekin, nazarimizda, ularda ham yer qanday baholanishi, kim yerga egalik huquqiga egalik qilishi mumkinligi, bu huquq buzilishlardan qay darajada himoya qila olishi borasida hali aniq bir tasavvurga ega emas. Kutamiz;

10) Turizm borasida. Turizm haqidagi mulohaza ilgari TTZda eksportga ketadigan traktorlar uchun ko‘zda tutilgan operatsiyalarni eslatadi. O‘zimizga mo‘ljallanganlar uchun “bizga bo‘laveradi” qabilida ish tutilib, maxsus ishlov berilmas edi. Qizig‘o, Wi-Fi hududlar, hojatxonalar, avtoturargohlar haqida turizm rivojlana boshlagach o‘ylay boshlashdi. Adolat haqqi-hurmati aytish kerakki, Toshkentning odam ko‘p joylarida Wi-Fi hududlari ko‘paya boshladi, zamonaviy hojatxonalar qurildi. Eski shaharni saqlab qolish haqida ko‘p yozildi, ammo Islom tamadduni markazi va Suzuk ota kompleksini qurish bahonasida eski mahallalar buzib tashlandi, eski mahallalar o‘rnida savdo kompleksi quriladi. Yaqinda Sebzordagi mahalla buzib tashlandi, o‘rnida hech narsa qurilgani yo‘q. “Toshkent markazidagi mahallalarni buzmaslik, aksincha, saqlab qolish va ehtiyotlash kerak” nomli maqolada yaxshi dalillar keltirilgan.

Aytganday, bu ham bir g‘oya: eski shaharda Forobiydan Qorasaroygacha tegilmay qolgan joyda bor-yo‘g‘i ilgarigidek birgina normal holatdagi choyxona qolgan. Bu axir ichki va tashqi turistlar uchun juda muhimku!

11) Eski dahalardagi qurilishlar haqida. Ko‘pincha turar joy uylari orasidagi maydonchalarda yangi uylar qurilayotganiga ko‘zimiz tushadi. Bu yaqin atrofda joylashgan uylarning elektr gaz suv ta’minoti tizimiga yuklama qo‘shib, zo‘riqib ishlashiga olib keladi va bu haqda ko‘p marta muhokamalar ham bo‘lgan. Bunday qurilishlar aholi turar joylarini qurish rejalashtirish normalarini va sanitariya-gigiyena qoidalarini buzishini ko‘pchilik bilmasa kerak. Bu xil hujjatlarda uylar atrofidagi bo‘shliq, bolalar maydonchalrining hajmi (uch xil yoshdagi bolalar uchun uch xil maydoncha), xo‘jalik maydonlari: kir quritish uchun, uy buyumlarini tozalash uchun, chiqindi yig‘uvchi mashinalar uchun, bog‘lar, xiyobon va boshqalar uchun reglament belgilab berilgan. Kim sanitariya-gigiyena nizomlarini buzib, qurilishga ruxsat berdi? Kim buning uchun javob berishi kerak? Biz bilmaymiz, ehtimol bilolmasmiz ham. Lekin o‘zgarishlar yaqin. Bizni mavjud bo‘lgan qog‘ozdagi kadastr tizmi va ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olishni elektron hukumatning tarkibiy qismi bo‘lgan veb-texnologiyalar va geoaxborotlashtirishni qo‘llash kutmoqda. Nima uchundir blokcheyn haqida va sanitariya normalari buzilishi bilan bog‘liq qurilishlar uchun ruxsat olib bo‘lmasligini ta’minlovchi hamma uchun ochiq tizim haqida gapirmay qo‘yishdi. Lekin umid har qachongiday yashayveradi.

* * *

Maqolaning maqsadi og‘riq joylarni og‘ritish emas, balki hokimiyat qonunlarga tayanib savollarga javob berish, o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatishiga yordam beradigan tayanch nuqtalarni ko‘rsatishdir. Ko‘rganimizdek, maummolar ko‘p, lekin ular rivojlanish va o‘sish muammolari, ularning chiroyli tarzda hal qilinishi va Toshkentni zamonaviy qiyofaga ega bo‘lishiga umid qilamiz.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.