“Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.

Eron nizosi Uchinchi jahon urushiga sabab bo‘lishi mumkinmi?

Fors ko‘rfazidagi qurolli qarama-qarshilik kuchaygan sari dunyo urush yoqasiga kelib qolmoqda, deb yozadi Pokistonning The Nation nashri.

Foto: AP

Fors ko‘rfazi jahon energiya ta’minotining eng muhim arteriya tomiri bo‘lgani bois bu hududdagi nizolar nafaqat AQSh va Eron, balki Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqi manfaatlariga ham ta’sir qiladi.

Nizo nimadan boshlandi? Barchasi AQShning Eron bilan tuzilgan yadro bitimidan chiqishi va o‘z zimmasiga olgan javobgarlikni buzilishidan kelib chiqdi.

Donald Trampning xavfsizlik masalasi bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton 2018-yil 9-aprelda o‘z mansabini egallagach, bir oy ichida preidentni bitimdan chiqishga ko‘ndirdi. Vashingtonda Bolton “kalxat” taxallusi bilan tanilgan, uning tashqi siyosatdagi bosh siyosiy maslagi shaxs yakkahokimligiga asoslangan mamlakatlarda rejimlarni almashtirishdir. Jon Bolton Kuba, Eron, Shimoliy Koreya, Yaman, Suriya, Liviya va Venesueladagi vaziyatlarda ham o‘z tamoyiliga sodiq holda ish tutish tarafdori bo‘ldi.

Fors ko‘rfazidagi hozirgi ziddiyatni Tramp saylov arafasida Eron bilan imzolangan bitimdan chiqish va’dasi bilan ham bog‘lash mumkin, lekin harbiy keskinlikning asosiy yo‘naltiruvchisi Jon Boltondir.

Fors ko‘rfazining shimolida Eron, janubida arab davlatlari — Ummon, BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar va Kuvayt joylashgan. Xurmuzd bo‘g‘ozining eng qisqa tutashadigan joyi 35 milyani (56 kilometrni) tashkil etadi va, harbiylar tili bilan aytganda, “tosh otib nariga tarafga tushirish” mumkin bo‘lgan nuqtadir. Bu yerda kuniga dunyo neftining uchdan bir qismi olib o‘tiladi. Agar ko‘rfazda neft yo‘liga to‘siq qo‘yilsa, bu neft tanqisligi va narx ko‘tarilishiga olib keladi.

Keyingi oylarda bu yerda bir tomondan AQSh va uning tarafdorlari — Isroil, Saudiya Arabistoni va BAA, boshqa tomondan Eronning strategik manyovrlari guvohi bo‘linyapti. 2-may sanasidan beri AQSh Yaponiya, Xitoy, Hindiston va Turkiya Eron neftini sotib olishiga yo‘l qo‘ymayapti. Natijada rasmiy Tehron o‘ta kuchli iqtisodiy va diplomatik bosim ostida qolmoqda. Hattoki Eronning kuchli ittifoqchisi va Cho‘bahor porti quruvchisi bo‘lgan Hindiston ham Eronga yordam berishdan bosh tortdi hamda AQSh sanksiyalariga qo‘shildi.

Vashington Fors ko‘rfaziga o‘z qurolli kuchlarini yubordi. AQSh Afg‘onistondagi harbiy bazalariga, Isroil, BAA va Saudiya Arabistoni kabi ittifoqchilariga tayanadi. Mazkur vaziyatda Eronning eng zaif nuqtasi chekka hududlarida fors tilida gaplashmaydigan, eroniy bo‘lmagan boshqa xalqlarning bo‘lyapti. Masalan, Belujiston va Seyistonda sunniylar, janubda — Ahvozda arablar, shimoli-g‘arbiy va shimoli-sharqiy hududlarda kurdlar va turkmanlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Eron hukumati raqiblari bu vaziyatdan oqilona foydalanishga ham urinib ko‘rishi mumkin.

Vashington va Tehron o‘rtasidagi har qanday to‘qnashuv Fors ko‘rfazi doirasidan tashqariga chiqib ketadi. Bu islom dunyosining bo‘linishiga olib keladi. Chunki ashaddiy ajratuvchilar — Saudiya Arabistoni va Eron to‘qnashuvga qarab ketmoqda. Iroq va Suriyadagi qabilalar to‘qnashuvlarini, Liviyadagi hokimiyat almashinuvini ko‘rdik. Shular nazarda tutiladigan bo‘lsa, Fors ko‘rfazi nizosi hech kimga yaxshilik keltirmaydi. Rossiya, Yevropa Ittifoqi va Xitoy ham Fors ko‘rfazida nizo boshlangudek bo‘lsa, chetda tomoshabin sifatida o‘tirmaydi.

Populistlarga ovoz bermoq Putinga ovoz bermoqlikni anglatadimi?

Belgiya sobiq bosh vaziri va Yevropa parlamentidagi liberal fraksiya rahbari Gi Verxofstadt Brexit, Orban va Faraj — bularning barchasida Rossiyaing qo‘li bor degan ayblar bilan Yevropani “putinizm”dan ogoh bo‘lishga chaqirdi, deb yozadi Project Syndicate nashri.

“Yevropaning populistik va o‘ta o‘ng kayfiyatdagi partiyalari Vladimir Putinga sodiq va undan qarzdor ekanliklariga ko‘p yillardan beri guvoh bo‘lib kelyapmiz”, — deb bayonot berdi Gi Verxofstadt. U Kreml Yevropa parlamentiga rasmiy Moskva uchun kerakli deputatlar saylanishiga urinayotgan paytda yevropaliklar buning oldini olishi va zarba berishi kerkligini ta’kidladi.

Foto: AP

Shu hafta Yevropa parlamentiga saylov bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan 18-may sanasida Yevropaning o‘ta o‘ng rahbarlari Milanda to‘plandi. Ular orasida Fransiyadan Marin Le Pen rahbarligida “Milliy birdamlik”,  Gollandiyadan Gert Vilders rahbarligidagi “Ozodlik” partiyasi, Daniyadan “Xalq partiyasi”, “Haqiqiy finlar” partiyasi, “Germaniya uchun muqobil” va “Flamandlar milliy manfaatlari” partiyalari a’zolari bor edi. Bu partiyalarning barchasi o‘ng kayfiyatdagi “Millatlar va xalqlarning Yevropa uyushmasi” nomli yangi parlament guruhiga asos soldi. Bu guruhga Italiya bosh vazirining o‘rinbosari Matteo Salvini rahbarlik qilishi belgilandi.

Matteo Salvini kutilayotgan saylovni Yevropani Bryusseldagi “sotqin”lardan himoya qila olishda yordam bera oladigan tarixiy onlar deb ham atadi. U Merkel, Yunker va Soros jamg‘armasini Yevropada moliya oligarxiyasi hamda nazoratsiz immigrasiya yuzaga kelishida til biriktirgan guruh deb e’lon qildi.

Yevropaning o‘ng kayfiyatdgi rahbarlarini Putinga sig‘inish ham birlashtirib turadi. Janob Verxofstadtning so‘zlariga qaraganda, ularning gap-so‘zlaridan Kremlning hidi kelib turadi. Ular Yevroparlamentning Rossiya borasidagi har qanday qaroriga qarshi chiqadi. Ular hattoki Kremlning Solsberidagi kimyoviy hujumlarda qo‘li bor degan iddaolarga qarshi chiqqan; ular, Verxofstadtga ko‘ra, Kremlning Yevropa parlamentidagi  “beshinchi kolonnasi”dir.

Gi o‘z fikrlarini yakunlar ekan, butun Yevropa saylovchilariga o‘ng kayfiyatdagi guruhlarga ovoz berib, o‘z taqdirini Rossiya boshqaradigan qo‘g‘irchoqlarga tutqazib qo‘ymaslikka chaqirdi. Yevropa Ittifoqi AQSh, Xitoy va Hindiston bilan siyosatda va iqtisodiyotda raqobat qilishni hoxlar ekan, Rossiyaning psixologik hujumlarini daf qila oladigan darajada kuchga ega bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

Irqiy segregatsiyaga yangi urinish

Foto: The Atlantic

AQShda bir oq tanlilar yashaydigan hududda oq tanli bolalar uchun alohida maktab tashkil etish va bu orqali oq tanli bolalarni qora tanlilardan ajratib olishga qaror qilindi. The Atlantic nashrining yozishicha, bu nafaqat jamiyat segregatsiya jarayoniga tortilishini bildiradi, balki jamiyatni parokanda ham qilishi mumkin.

Baton Rujning bir qismi bo‘lgan Sent Jorj dahasida o‘ziga to‘q oq tanli amerikaliklar oq tanlilar uchun alohida maktab tashkil qilish tashabbusi bilan chiqdi. Ular bu tashabbusga sabab sifatida Sharqiy Baton Ruj maktablari o‘quvchilarining o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari muttasil pasayib borayotganini iddao qildi. Vaziyat yaxshilanishiga umid yo‘qligini bildirar ekan, ota-onalar mahalliy qonun chiqaruvchi organdan alohida maktab okrugini tashkil etishni so‘radi. Ammo qonunchilik organi bu taklifni rad etdi. Sababi, alohida ta’lim okrugi yaratish uchun shu hududdagi aholining uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak.

Baton Rujga qo‘shni shaharda ham mazkur holat kuzatilgan, ammo alohida ta’lim hudulari tuzish tashabbuskorlari u yerda ham mag‘lubiyatga uchragan. So‘ng ular o‘z shaharlarini qurishga qonuniy yo‘l topgan va u yerda maktablarini tashkil etishgan. Sent jorjliklar ham ulardan o‘rnak olgan holda alohida shahar qurib olish uchun jiddiy kurashga kirishdi.

AQShda qora tanlilardan bunday ihotalanish ko‘p kuzatilmoqda. Boy oq tanlilar o‘z maktablarini ochib olmoqda, bu ko‘rsatkich keyingi ikki yilda ancha o‘sgan. Tuzilgan yangi okrugda ta’limga yo‘naltiriladigan xarajatlarini nazorat qilish ota-onalar uchun qulaylashmoqda. Qo‘shimcha tarzda, maktabda faqat oq tanli bolalar o‘qiydi va budjet ham shunga yarasha bo‘ladi.

Bu Amerika jamiyatida segregatsiya va irqiy tengsizlik yana ildiz ota boshlaganidan dalolatdir.

Rossiyadan pul jo‘natmalari ko‘paymoqda

Foto: “RIA Novosti”

O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Rossiyadan eng ko‘p pul jo‘natmalari qabul qiladigan mamlakatlardir. Shuning uchun ham bu respublikalarning iqtisodiyoti Rossiya iqtisodiyotida bo‘layotgan ko‘tarilish va qulashlarga o‘ta bog‘langan, deb xabar beradi Euriasianet nashri.

Rossiya markaziy banki ma’lumotlariga qaraganda, 2018-yilning o‘zida Rossiyadan MDH mamlakatlariga pul jo‘natmlarining 68,1 foizi yoki uchdan bir qismi O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2018-yilda Rossiyadan Markaziy Osiyoga 13,99 milliard dollar jo‘natilgn bo‘lsa, 2017-yilda 12,9 milliard dollar mablag‘ yuborilgan.

Qirg‘iziston va Tojikiston Rossiyadan keladigan pul jo‘natmalariga ancha qaramdir. Ularning iqtisodiyoti zaif bo‘lgani uchun yuz minglab ishlash yoshida bo‘lgan vatandoshlar Rossiyaga ish izlab ketishga majbur.

Mazkur mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti va pul jo‘natmalari taqqoslansa, jo‘natmalar hajmi ortiqligi ko‘zga tashlanadi. Raqamlarga qaralsa, pul jo‘natmalari Tojikiston YaIMining 31,3 foizini, Qirg‘iziston YaIMining 32,9 foizini tashkil qiladi.

Shu sababdan ham ular pul jo‘natmalariga eng qaram mamlakatlar hisoblanadi. Manba mamlakatning YaIMi qisqarsa, pul jo‘natmalarini oluvchi mamlakatning YaIMi ham qisqaradi. Sanksiyalardan qiynalayotgan Rossiya iqtisodiyoti aynan hozir Qirg‘iziston va Tojikiston iqtisodiyotiga qo‘shimcha og‘riq bo‘lib tushmoqda.

Yana bir narsani ta’kidlash joiz. Pul jo‘natmalari oqimi qabul qiluvchi mamlakatlar valyuta kurslariga ham ta’sir etadi. Mahalliy valyuta kursi qimmatlashuviga va eksport qilinadigan tovarlar narxi ko‘tarilishiga yordam beradi. Natijada, Tojikiston va Qirg‘izistonda bo‘lgani kabi, oltin va kumushning narxi oshishiga olib keladi.

Jahongir Ergashev tayyorladi.