24–26-may kunlari bo‘lib o‘tgan Yevropa parlamenti saylovida o‘ng va so‘l markaz ittifoqchilaridan yuz o‘girib, yashillar, o‘ta o‘ng va liberallarga ovoz berdi. Saylov tafsilotlariga “Daryo” sharhlovchisi Jahongir Ergashev to‘xtaladi.

Foto: CCO

Saylovda qatnashish uchun kelganlar miqdori yoshlarning faolligi hisobiga 1994-yildan beri eng yuqori darajada bo‘ldi.

Millatchilar bir qator mamlakatlarda, ayniqsa Fransiyada katta muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa-da, lekin markazchilikdan o‘ta o‘ngga tomon katta sakrash bo‘lmadi.

Yevropa parlamentida doimiy ko‘pchilikka ega bo‘lgan bu fraksiyalar 43 foiz ovoz olishga erishdi, lekin Yevropaning eng yirik demokratik organi ustidan nazoratni yo‘qotdi.

Yevropa parlamentning navbatdagi chaqiriq kengashi har qachongidan o‘zgacha bo‘lishi aniq bo‘lib qoldi. Saylovchilarning oldingi deputatlarning o‘zlariga katta maoshlar tayinlab olgani, migrantlar muammosiga jiddiyroq chora ko‘rmayotgani, budjet mablag‘larining sarflanishi borasida to‘planib qolgan muammolar o‘z natijasini berdi.

Saylov natijasi quyidagi jarayonlarni yuzaga keltirdi:

1. Ikki partiyaviylik tizim tugadi.

O‘ng markazchi Yevropa xalq partiyasi  va so‘l markazchilar (sotsialistlar va demokratlar ittifoqi) uzoq vaqt mobaynida ustun bo‘lib, faqat o‘zaro siyosiy muhorabada bo‘ldi. Endi bunday vaziyat bo‘lmaydi.

“Davrning tugashi” ayniqsa Germaniyada sezildi. Bu yerda amaldagi Angela Merkel partiyasi bor-yo‘g‘i 29 foiz ovoz to‘play oldi. Belgiyalik siyosatchi Gi Verxofstadt boshchiligidagi markazchi Yevropa demokratlarlari va liberallari uyushmasi jiddiy yutuqqa erishdi va 109 o‘rinni qo‘lga kiritdi.

2. Yashillar to‘lqini.

Ekologik partiya mazkur saylovda Skandinaviyadan tortib Portugaliyagacha bo‘lgan mamlakatlarda o‘z ko‘rsatkichlarini ancha yaxshilab oldi.

Foto: Reuters

30 yoshgacha bo‘lgan saylovchilarning uchdan bir qismi yashillar partiyasiga ovoz berdi. Saylov vaqtida 90 nafar vloger YouTube orqali iqlim o‘zgarishiga jiddiy chora ko‘rishga otlangan partiyalarga ovoz berishga chaqirdi. Ular o‘ta o‘ng “Germaniya uchun muqobil” partiyasi atrof muhit masalasiga e’tiborsiz munosabatda ekanini alohida ta’kidladi.

Fransiyada ekologik blok uchinchi o‘rinni egalladi, ammo Le Pen va Makron saylov jarayonida atrof muhit masalasida siljish borligida xizmatlari beqiyos ekanini ta’kidladi.

Makron saylovchilarga qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish uchun bor imkoniyatini sarflashga va’da berdi. Le Pen globallashuvdan voz kechish tabiatga xizmat qiladi, deb nutq so‘zladi.

Finlyandiyada yashillar harakati parlamentda ikkinchi o‘rinni egalladi.

Irlandiya yashillar harakati 15 foiz ovoz qo‘lga kiritdi.

3. O‘ng millatchilarning berqaror muvaffaqiyati.

O‘ta o‘ng kayfiyatdagi guruhlar saylov oldidan to‘ntarish qilib, hokimiyatni egallaymiz deb do‘q-po‘pisaga ham qo‘l urgan edi. Italiyada Matteo Salvini, Fransiyada Marin Le Pen g‘alabaga erishgan bo‘lsa-da, umumyevropa manzarasida o‘ta o‘nglar o‘z maqsadiga erisha olmadi.

Matteo Salvini boshchiligidagi “Liga” saylovchilarning 30 foiz ovozini qo‘lga kiritdi.

Le Pen saylovda yutuqqa erishib, Fransiyani Yevroittifoqdan chiqishga chaqiriqlar soni kamaydi. Le Penning g‘alabasi Emmanuel Makronga qarshi kurashayotgan “sariq nimchalilar” ovozlari tufayli bir o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Fransiya va Germaniyadan boshqa mamlakatlarda millatchilar yutuqlari unchalik ham katta emas.

Islomga qarshi kayfiyatlari bilan tanilgan Geert Valders boshchiligidagi Niderlandiya Ozodlik partiyasi Yevropa parlamentidagi o‘rinlaridan mahrum bo‘ldi.

Buyuk Britaniyada Nayjel Farajning Brexit partiyasi konservatorlardan ovoz tortib olib, g‘alabasini nishonlamoqda. Shunday bo‘lsa-da, Brexit’ni talab qilayotgan leyboristlar va boshqa partiyalar Faraj partiyasidan ko‘ra ko‘proq ovozni qo‘lga kiritdi.

Ispan millatchilari ham yutqazib, bor-yog‘i 6 foiz ovoz oldi.

“Germaniya uchun muqobil” partiyasi ham kamroq ovoz oldi.

Saylovdan keyingi vaziyat qanday tus oladi?

Endilikda Yevropa parlamentida o‘zaro kurash avj olishini kutish mumkin. Albatta, markazchilar o‘z tarafdorlarini ko‘paytrish uchun turli mayda partiyalar bilan muzokaralar olib boradi. Lekin o‘ta o‘ng va so‘l partiyalar ularga qattiq qarshilik ko‘rsatishi muqarrar. Putin saylov natijasidan qoniqish hosil qilgan ko‘rinadi. Agar uning Yevropa parlamentidagi do‘stlari yanada ko‘proq ovoz olganida, yanada xursand bo‘lishi aniq edi. Ayni paytda vaziyat Rossiya uchun unchalik ham yomon emas.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.