3-iyun kuni Kaliforniya shtatining San-Xose shahrida Apple tomonidan dasturchilar uchun har yili tashkillashtirilib kelinadigan WWDC 2019 anjumani bo‘lib o‘tdi. Kompaniya birdaniga bir nechta yangi qurilmalarini taqdim etdi, deb xabar beradi Forum Daily.

Foto: CNET

Yangi Mac Pro

Apple metall korpusga va kutilmagan quvvatga ega yangi Mac Pro’ni taqdim etdi. Uning ichiga 28 yadroli Intel Xeon, 1,5 terabayt tezkor xotira (ha, aynan tezkor xotira) hamda dunyodagi eng kuchli Radeon Pro Vega II Duo videokartasi o‘rnatilgan.

Yangi MacPro joriy yilning kuzida 5 999 dollardan sotuvga chiqadi. Monitorini 4 999 dollarga xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Mustaqil dasturga ega yangi watchOs

Kompaniya smartfonga ulanmasdan turib ishlay oladigan soatlar uchun yangilangan watchOS’ni taqdim etdi. Dasturni alohida do‘konlardan ko‘chirib olish mumkin. Bundan tashqari Apple soatga budilnik, ovoz yozib olish, kalkulyator, audikitoblarni o‘qish kabi funksiyalarni ham qo‘shgan.

Apple rasman iOS 13’ni — o‘zining mobil qurilmalari uchun yangi operatsion tizimni namoyish etdi. Uning o‘ziga xosligi — qora fon bo‘lib, kechasi telefondan foydalanishda qo‘l keladi. Shuningdek, u ikki barobar tez ishlaydi. Face ID uchun avvalgidan 30 foiz kamroq vaqt sarflanadi.

Bundan tashqari anjuman davomida iPad’lar uchun alohida iOS ham taqdim etilib, iTunes servisining yopilishi ma’lum qilindi.