Innovatsion rivojlanish vazirligi Tech Central Asia akseleratsion dasturiga topshirilgan qurilish materiallarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarga alohida e’tibor qaratmoqchi. Bu haqda vazirlik rahbari o‘rinbosari Azimjon Nazarov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.

Foto: Tech Central Asia

Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekistondagi AQSh elchixonasi hamda Astana Business Campus bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi texnologik startap loyihalar uchun Tech Central Asia akseleratsion dasturini o‘tkazdi. Ushbu dastur O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda o‘z ctartap loyihalarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni istaganlarga barqaror bizneslarini barpo etish hamda ularning keyingi rivojlanishiga ko‘mak beradi.

Vazir o‘rinbosari Azimjon Nazarovning ta’kidlashicha, dastur doirasida ko‘proq qurilish materiallarini ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sohasiga aloqador startaplar alohida qo‘llab-quvvatlanadi.

“Hamkorlar bilan kelishgan holda, ko‘proq e’tiborni qurilish materiallarini ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligidagi startaplarga yo‘naltirishni kelishib oldik. Maqsadimiz — tanlov yakunlariga ko‘ra ilmiy-texnik kengashga qurilish materiallarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni taklif qilish. Chunki ko‘plab qurilish materiallarining xomashyosi o‘zimizda bo‘la turib, chetdan import qilib olib kelinmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida bunyodkorlik ishlari ketmoqda. Tabiiyki, bu qurilish materiallariga bo‘lgan talabni oshiradi”, — deydi vazir o‘rinbosari.

Nazarovning qo‘shimcha qilishicha, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha amaliyotga tatbiq etiladigan loyihalarning bevosita bozorga kirib borishi va eksport imkoniyatlariga ega bo‘lishi ehtimoli yuqori.

“Tanlab olingan loyiha Markaziy Osiyo bozoriga ega bo‘ladi. Ya’ni, O‘zbekistonda 33 million aholi bo‘lsa, qo‘shni to‘rtta davlatni qo‘shadigan bo‘lsak, 70 millondan ortadi. Demak, birinchi navbatda, biz bunda eksportga hamda shu bilan birga startap loyihani tezroq bozor ko‘rishiga va rivojlanishiga ham erishamiz”, — dedi vazirlik vakili.

Qayd etilishicha, eng yaxshi texnologik yechimlarning mualliflari Nur-Sulton (Ostona) shahridagi Nazarboyev universitetida o‘tkaziladigan dasturning yakuniy Demo Day tadbirida ishtirok etish uchun taklif etiladi. Bu yerga taklif etilgan startapchilar o‘z g‘oyalariini amalga joriy etish uchun mablag‘ jalb etish, shuningdek, Nazarbayev universitetining ABC Quick Start innovatsion klasteri akseleratsiya dasturiga ariza topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu bilan loyihani amalga oshirish uchun investorlar topiladi.