O‘zbek raqqosasi va baletmeysteri Qunduz Mirkarimova vafot etdi. Bu haqda “O‘zbekkonsert” xabar berdi.

Foto: “O‘zbekkonsert”

U 1925-yil Toshkentda tug‘ilgan. Tamaraxonim nomidagi balet maktabida ta’lim olgan (1937-1941), Katta teatr (Moskva) qoshidagi xoreografiya bilim yurtini tugatgan (1951).

Yangiyo‘l musiqali drama va komediya teatrida (1943-1946), Muqumiy teatrida (1946-1949), Navoiy teatrida (1951-1953), O‘zbekiston davlat filarmoniyasida (1953-1956) yakkaxon raqqosa, “Bahor” ansamblida yakkaxon raqqosa va pedagog-repetitor (1957-1967), badiiy rahbar (1979-1988), Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida pedagog (1964-1979 va 1988-yildan; 1996-yildan professor) sifatida faoliyat yuritdi.

Uning ijrosidagi raqslar samimiy, nafis va jozibadorligi, harakatlari sho‘x va jo‘shqinligi bilan ajralib turadi. Qunduz Mirkarimova “G‘ayratli qiz”, “Katta o‘yin”, “Xorazmcha raqs”, “Uyg‘urcha raqs”, “Rohat”, “Jonon”, “Nay navosi”, “Bahor tongi”, “Tanovor”, “Zang o‘yin”, “Pomircha raqs”, “Dildor”, “Gulruh”, “Gulnoz” kabi mumtoz, xalq, zamonaviy va boshqa xalqlar raqslarini mahorat bilan ijro etgan. Shuningdek, u maqom kuylariga tushgan raqslari bilan ham mashhur edi. Qunduz Mirkarimova raqs sirlarini Mukarrama Turg‘unboyeva, Roziya Karimova, Gavhar Rahimova kabi buyuk raqqosalardan o‘rgangan.

San’at darg‘asi uzoq va baxtli, tarixiy va ijodiy hodisalarga boy hayot kechirdi. Umri davomida u xoreografiyaning beqiyos primasi, baletmeyster, afsonaviy o‘zbek raqslarining ijrochisi va sahnalashtiruvchisi sifatida dunyoga tanildi. Xitoy, Fransiya, Avstriya, Polsha, Angliya, Shotlandiya, Braziliya kabi dunyoning o‘ttizdan ortiq mamlakatlarida bo‘lib, o‘zbek raqslarini namoyish etdi.

Qunduz Mirkarimova O‘zbekiston xalq artisti, Sobiq ittifoq xalq artisti, Mukarram Turg‘unbova nomidagi mukofotlar sovrindori sanaladi.

1997-yilda esa “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.