Bugungi kunda jahonda oliy ta’lim tizimida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. “Daryo” kolumnisti, “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi a’zosi, Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti professori Azamat Akbarov jahondagi yangi yo‘nalishlar va ularning davlat siyosatiga ta’siri haqida so‘z yuritadi.

Foto: O‘zA

“Xatoni kechiraman, xiyonatni kechirmayman”, — degandi davlatimiz rahbari 2019-yil 6-iyunda Toshkent viloyati hokimligida o‘tkazilgan majlisda.

So‘nggi uch yilda juda katta imkoniyatlar ochilgan bo‘lsa ham, oliy ta’lim tizimi chuqur botqoqdaligida qolib kelmoqda. Prezident har bir masalaga markaziy e’tibor berib kelayotganini ko‘rib turibmiz va bir kun kelib bu masalani ham ko‘tarishi tabiiy. Lekin shaxsan mamlakat prezidenti bu muammolarni o‘rtaga tashlamaguncha nimani kutib turibmiz va nega ularni hal qilmayapmiz?

Biz qo‘shimcha vazifalardan qo‘rqyapmizmi, tinchgina o‘tirib, nafaqaga chiqishni kutyapmizmi, yoki sovet davridagi kabi yuqoridan buyruqlarni kutishda davom etyapmizmi? Vazirlikdagi muxassislar u yerga kecha kelmagan, ular o‘z kursilarida yillar davomida o‘tiribdi, biroq ular o‘zlarini bu muammolarga birinchi marta duch kelayotganday tutmoqda. Ular ilgari imkoni bo‘lmaganini aytib o‘zini himoya qilishi mumkin, biroq so‘nggi uch yil mobaynida ular ko‘p imkoniyatlarga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston ta’lim tizimi inqirozga yuz tutgani shubhasizdir. Bu tizim mamlakat va uning xalqiga o‘sish va barqaror rivojlanish uchun kerak bo‘lgan natijalarni yetkazib bera olmayapti. O‘zbekiston ta’lim tizimi har yili “o‘yin qoidalarini” o‘zgartirib kelgan, kompetensiya va xotirada saqlash orasida chuqur bo‘shliq hosil qilgan va yoshlar ongini ommaviy mehnatga qo‘pol ravishda o‘rgatadigan maktab tizimi yaratgan o‘nlab eksperimentlar tomonidan shafqatsizlarcha buzilgan.

Hali-hanuz o‘tmish ta’lim tizimi boshqa bir muqobil tizim bilan almashtirilgani yo‘q. Bu tengsizlikka korrupsiya, mahalliy davlat organlarining tez-tez aralashib turishi va noto‘g‘ri boshqaruvni, sifatli xizmat ko‘rsatishga layoqatning yo‘qligi va olingan natijalardan tegishlicha foydalana olmaslikni qo‘shing. Xatolarga to‘la va professional bo‘lmagan “islohotchilar” tomonidan tuzilgan yangi o‘quv dasturlari yoki yangi darsliklar nashr qilingani haqida ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Bu kunlarda darslarda qo‘llash mumkin bo‘lgan dunyo andozasiga mos original materiallar har qadamda mavjud: kitoblar, gazetalar, jurnallar, videomateriallar. Zamonaviy materiallarda chuqur qiziqish uyg‘otish xossasi va keng ko‘lamdagi turli-tumanlik borki, bularni bizning “islohotchilar” nashr qilgan har qanday eng mashhur darsliklar majmuasida ham topish amrimahol. O‘qitishda original o‘quv materiallarining ahamiyati shubhasiz.

Loy devordan qurilgan nuragan maktablarda ta’lim oladigan bolalar nima qilsin? Qashqadaryo viloyatida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining birida sinfxonalar yetishmasligi sababli maktab o‘quvchilari “snos”ga tushgan eski bog‘cha binosida o‘quv yili boshidan beri tahsil olmoqda. Maktab o‘quvchilariga deraza va eshiklari yo‘q, ta’mirtalab binoda dars o‘tilgan. Yoki qashshoq qishloq hududlarida sinflarda haddan ortiq o‘quvchilar soni bilan, tegishlicha savod olmagan va obyektiv va subyektiv rag‘bati bo‘lmagan o‘qituvchilar va jiddiy infrastruktura obyektlaridagi kamchiliklariga rozi bo‘lib yashashga majbur odamlarchi? Mahalliy davlat organlari bu holatni o‘zgartirish uchun nima qilishlari mumkin? Biz qayta tiklashimiz lozim bo‘lgan ta’lim tizimi bizning eng muhim maqsadimiz deb siyosiy qaror qabul qilish qo‘yiladigan birinchi qadam bo‘lishi lozim.

Davlat budjetida shu maqsad uchun ajratilgan milliardlab so‘m bor edi va xozirda xam bor; afsuski, bu mablag‘lar to‘g‘ri maqsadlar uchun sarflanmagan. Yaqin o‘tmishda mamlakatimizning ta’lim tizimida sodir bo‘lgan va sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar asnosida, bu pullar eng sezilarli o‘zgarish keltiradigan ishga, ya’ni ijobiy natija beradigan ta’lim tashabbuslari uchun sarflanishi kerak deb o‘ylayman.

O‘zbekistonga malakali kadrlar yetishmaydi

O‘zbekistonda mingga yaqin xorijlik olimlar va ekspertlarni jalb etishga talab bor. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 18-dekabr kuni o‘tkazilgan zamonaviy kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘ldirish, bilimli yoshlarni strategik sohalarga jalb etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda bayonot bergandi.

Hozirgi tizimli o‘zgarishlar jarayonida aksariyat mutaxassislarning bunga tayyor emasligi, ularning bilimi, malakasi va ko‘nikmasi zamon talabiga javob bermasligi ayon bo‘lib qoldi. Xorijda doktorantura va magistraturada o‘qitish, malaka oshirish va stajirovkani tashkil qilish bo‘yicha dastlabki ehtiyoj 3,5 mingdan ortiq. Yurtimizda xalqaro ilmiy va amaliy tajriba ega 600 nafardan ziyod vatandoshlarimizga ehtiyoj mavjud. Mingga yaqin xorijiy olimlar va ekspertlarni jalb etishga talab bor. Ya’ni, bugun kechiktirib bo‘lmaydigan, oddiy ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj 5 mingdan ziyodni tashkil etadi. Agar ishlab chiqarishdagi talab ham inobatga olinsa bu raqam kamida 50–100 baravarga oshadi”, – deb aytgandi prezident.

Yaqin va uzoq istiqboldagi iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan mamlakatga qaysi soha uchun qanday mutaxassis kerak bo‘ladi, shuni hozirdan chuqur o‘ylash, zamon talabi, islohotlar shiddatiga mos kadrlarni tarbiyalash zarurati haqida xali ham ishlar amalga oshirilmagan. Xo‘sh, prezidentning ushbu fikrlarini amalga oshirish uchun nahotki vazirlik va rektorlar ikkinchi yig‘ilishni kutib o‘tirishibdi? Nahotki “yo‘l xaritasi” ishlab chiqarilmadi?

O‘zbekiston oliy ta’limining dunyodagi saviyasi

Jahon universitetlari nufuzini baholash (QS World University Rankings) yillik universitetlarni nufuziga ko‘ra joylashtirib ko‘rsatadigan nashrdir. QS nufuzga ko‘ra baholash jahon universitetlari akademik nufuzini baholash (Academic Ranking of World Universities) hamda Times gazetasining jahon oliy ta’lim universitetlari tizimiga nufuzli baho berish (Times Higher Education World University Rankings) bilan bir qatorda dunyoda eng ko‘p o‘qiladigan uchta universitetlarni baholash tizimlaridan biri hisoblanadi.

Jahonning 1000 universiteti ro‘yxatida Qozog‘istonning to‘qqiz universiteti kiritilgan, va ularning to‘ttasi hatto eng yuqori 500 universitet safiga qo‘shilgan. QS nufuzga ko‘ra al-Forobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti MDH davlatlari orasida Moskva davlat universitetidan keyin 2-o‘rinda (210) turadi.

Afsuski, bu ro‘yxatda bizning universitetlarning birortasi ham kuchli 1000 talik tugul, kuchli 4000 likka ham kiritilmagan. So‘nggi 70 yil davomida halokatli ziddiyat va urushdan aziyat chekayotgan Falastinning bitta oliygohi jahonning eng yaxshi 800 universiteti qatorida.

Universitetlarimiz rektorlari bunday natijalarni qanday sharhlay olar ekan? Tinch sharoitda yashayotgan, keng davlat imtiyozlaridan foydalanayotgan bo‘lsa-da, hali ham bu ro‘yxatga kiritilmaganining sababi nima? Jahon universitetlarining Vebometrik nufuziga ko‘ra bahosida (Webometrics of World Universities) 100 yilligini nishonlaydigan O‘zbekiston milliy universiteti 4755-o‘rinda ko‘rsatilgan (bir yil oldin 4721 edi, demak, pastga siljibdi); jahonning nufuzli 10 000 universiteti orasida O‘zbekistonning atigi to‘rt universiteti bor. Jahonning nufuzli 20 000 universiteti orasida Qozog‘istonning 90 universiteti joy olgan bo‘lsa, O‘zbekistonning atigi 47 universiteti bor. Quyidagi savollarga vazirlik qanday javob berar ekan?

- Hukumat bu universitetlarning barchasiga milliardlab so‘mni nima uchun sarflamoqda?

- O‘quv dasturlarimizning ishonchga loyiqligini isbotlay olmasak, xalqaro akkreditatsiya muassasalarida ro‘yxatdan o‘ta olmasak, chet ellik talabalar nima sababdan bizning universitetlarga kelib tahsil olar ekan?

- Qanday qilib universitetlarimizdan olgan akademik davomat hujjatlarini o‘z davlatidagi universitetlarda tan olinishi ta’minlasin?

O‘zbekistondagi yetakchi besh universitetdan ikkitasi xalqaro hisoblanadi: Vestminster xalqaro universiteti hamda Toshkentdagi Inha universiteti. Bu holda davlat universitetlari va ularning ma’muriyatiga ajratilgan budjet qayta qo‘rib chiqilishi lozim. 2018-yil 5-iyunda qabul qilingan “Ta’lim haqida” qonun prezident O‘zbekistonga ko‘proq chet ellik ekspert-olimlarni jalb qilish va xalqaro universitetlarning bo‘limlarini ochishga e’tibor berayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

- MDH universitetlarining bo‘limlaridan tashqari, Toshkent shahridan tashqarida, mintaqalarda nechta xalqaro universitetlarning bo‘limlari mavjud? Urganch, Termiz, Samarqand yoki Qarshida birorta bormikan?

- Andijonda Hindistonning Sharda universiteti filiali va qo‘shma klinikasi, Farg‘onada Latviya axborot tizimlari menejmenti oliy maktabi filiali va Janubiy Koreyaning JEI universiteti filiali ochiladi degan xabarlar chiqqandi, endi bularni amaliyotda ko‘rishimiz kerak. O‘ylanmanki, boshqa viloyatlar ham ushbu an’anani davom ettiradi.

- Qaysi universitetlarimiz o‘z ta’lim dasturlarining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgani bilan maqtana oladi?

Bizda universitetlar va sanoat orasida katta bo‘shliq, jar mavjud, va universitetlarda olgan bilimlari bilan oliy o‘quv yurtini yangi bitirganlar mehnat bozoriga moslasha olmaydilar. Respublikada 2500 ga yaqin fan doktori orasida bor-yo‘g‘i 300 ga yaqinida “Xirsh” indeksi bor, shulardan 32 nafarida bu ko‘rsatkich 5 dan baland ekan. Ilmni rivojlantirish bo‘yicha mas’ul universitetlarimizning ilmiy ishlar prorektorlari chop etilgan ilmiy nashlarning to‘liq matnini qidiradigan Google Scholar hisobi bormi? Universitetlarning ilmiy jurnallari o‘z sohasidagi muhim indekslarga kirganmi? Zamondan orqada qolgan, yoshi bir joyga borgan joyparast universitet amaldorlarini davlatimizning ilmiy salohiyati zarariga ushlab turishda qanday naf bor?

Jahon bankining Jahon rivojlanish ko‘rsatkichlari (World Development Indicators) ma’lumotlar bazasida so‘nggi 20 yil ichida kiritilgan ma’lumotlarni o‘rgansa bo‘ladi. U yerda jahonda ta’limga sarflangan har bir dollar tufayli YaIMning 20 dollarga o‘sishi ko‘rsatilgan. Ushbu oddiy statistik ma’lumot o‘z-o‘zidan bitta savolni keltirib chiqaradi: takomillashayotgan YaIM yaxshiroq ta’lim tizimiga olib kelmoqdami, yoki YaIMni yaxshi ta’lim takomillashtirmoqdami? O‘tkazilgan tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, “1990–1999-yillarda YaIM bir qismi sifatida maorifga mablag‘ sarflagan mamlakatlar keyingi o‘n yillikda tez rivojlanishga erishgan”. Maorif uchun suv va havoday zarur bo‘lgan mablag‘ davlat tomonidan ajratilganiga iymonim komil, ammo bu mablag‘maqsadga yetib bormagan va sohada ishlaydigan odamlar tomonidan noto‘g‘ri tasarruf qilingan.

Muammo eng quyi asosga borib taqaladi. Agar ta’lim oluvchilar “o‘rganish uchun o‘qishga” layoqatli bo‘lmasa, ularda rivojlanish uchun imkon bo‘lmaydi, kelajakda ular tanlagan har qanday ta’lim olish turi “domino toshlariday” qulash ta’siriga uchraydi. Yomon ta’lim tizimi ishsizlikni kuchaytiradi, chunki ko‘pdan-ko‘p yetarlicha ta’lim olmagan odamlar mehnat bozoriga kirib boradi.

Muammo qayerda?

2019-yilgi ishsizlik ko‘rsatkichlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 9,4 foiz ishsiz bor (2018-yili 7,2 foiz edi). Biz bunday ko‘rsatkich yetarlicha savod yo‘qligidan ekanini tekshirishimiz lozim. Yangitdan tashkil qilingan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bu raqamlarni kuzatib bormoqda degan umiddamiz.

O‘zbekistonning ta’lim tizimi nega bunda ahvolda? Ushbu savolda jiddiy siyosiy va ijtimoiy nozik tomonlari mavjud. Fikrimcha, quyidagi asosiy ildiz sabablarga e’tibor berishimiz lozim:

- Past va saviyasiz boshqaruv funksionalligi;

- “Islohotchilarning” besamar islohotlari;

- O‘qituvchilarning bilim va o‘qitish saviyasi pastligi;

- “Innovativ” ta’lim tizimlariga behuda ketadigan o‘qish vaqti.

Qo‘shnilarimizdan Qirg‘iziston YaIMning 5,8 foizini, Qozog‘iston 3,0 foizini, Turkmaniston 3 foizini, Tojikiston 5,2 foizini, Afg‘oniston 3,1 foizini, shuningdek, Rossiya 4,1 foizini maorifga sarflaydi. Mamlakatimiz bo‘yicha statistik ma’lumotlar mavjud bo‘lmagani uchun keltirilgan barcha ma’lumotlarni BMT Taraqqiyot dasturi hisobotlaridan oldim. Gap muammoga ko‘proq pul yo‘q qilishda emas. Muammoning yechimi boshqa joyda: munosabatni o‘zgartirish va samaradorlikni oshirish. Afsuski, buni bundan oldingi hukumatdan kutib bo‘lmas edi; yangi hukumat ishlarni yaxshi yo‘lga qo‘yadi degan umiddamiz.

Raqamli ta’lim maydoni va yangi texnologiyalar

Raqamli platforma va yangi texnologiyalar ta’lim jarayonini tubdan o‘zgartirib yubordi. Hammani bir joyda yig‘ib yoki harbiylashtirilgan, ya’ni sinf xonalarda barcha talabalarga bir vaqtning o‘zida bir xil bilim beradigan uslub qaytarib bo‘lmas darajada eskirib qolganligiga qaramasdan bizda amal qilishda davom etmoqda.

Bugungi kunda har qanday odam har qanday joyda va istalgan vaqtda raqamli dunyo maydonida har qanday ma’lumotni olishi mumkin. Dunyoda raqamli texnologiyalarning juda kam mablag‘ sarflash evaziga sezilarli darajada arzonroq narxlarga ega bo‘lgan qiymat birligini yaratish jarayonlari hukmron.

1998-yildan 2008-yilgacha masofadan o‘qiyotgan talabalar soni 1,5 barobar oshdi. Atigi 5 yil ichida Coursera onlayn ta’lim platformasi 25 million talabani, 149 ta eng yaxshi hamkor universitetni, 2 mingdan ortiq o‘quv kurslarini qamrab oldi, Edx tizimida esa 10 milliondan ortiq mijoz, 109 ta hamkor universitet va 1300 dan ortiq kurs mavjud. 2015-yilda abituriyentlarning 91 foizi ijtimoiy tarmoqlarga ishga joylashish orqali oliy o‘quv yurtlariga kirishdi (2014-yil – 59 foiz). Ba’zi ekspertlar yaqin kelajakda qimmatbaho universitet binolari va hatto diplomlar o‘z ahamiyatini yo‘qotishi haqida fikr bildirmoqda, chunki talaba har qanday joyda va har qanday vaqtda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Oliy ta’limda xalqarolashuv – yangi ish o‘rinlaridir

Oliy ta’lim tizimining jozibadorligi xalqarolashuv darajasi bilan isbot qilinadi. So‘nggi 41 yil ichida dunyoda xalqaro talabalar soni 8,3 barobar oshdi va ular soni qariyb 5 million kishiga yetdi. YuNESKO bashoratiga ko‘ra, 2025-yilga borib xorijlik talabalar soni 7 millionga yetadi.

2017-yilda eng ko‘p xorijiy talabalar soni AQShda qayd etildi; AQSh universitetlarida milliondan ortiq chet ellik talabalar tahsil oladi va bu ko‘rsatkich jahon bo‘yicha xorijiy talabalar umumiy sonining 24 foizini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Buyuk Britaniyada 11 foizni, Xitoyda 10 foizni tashkil etadi.

Qozog‘istonda 15 yil davomida chet ellik talabalar soni 1,7 marta ko‘paydi. Chet ellik talabalarning ko‘pchiligi tibbiyot ixtisosligi bo‘yicha, shuningdek, hukumatlararo bitimlar asosida o‘qitiladi.

Xalqarolashuvning sababi global miqyosda iste’dodlar uchun kurash bilan belgilanadi. Yaqin kelajakda dushman davlatini harbiy va jismoniy jihatdan yo‘q qilish g‘oyasi o‘z ma’nosini yo‘qotishi haqida ekspertlar fikri mavjud. Raqibni mag‘lub qilish uchun uning iqtidorli vakillarini o‘z tomoningizga o‘tkazib olishning o‘zi uni himoyasiz va xavfsiz qiladi. Ehtimol, shuning uchun ham dunyoning rivojlangan mamlakatlarining ko‘pchiligi imkon qadar chet ellik talabalarni jalb qilishni maqsad qilgan.

Chet ellik talabalarni jalb qilish bo‘yicha aniq strategiyamiz bormi? Chet ellik talabalar uchun yangilangan va zamonaviy o‘quv dasturlarini ishlab chiqaryapmizmi? Talab qilinadigan jihozlar, professional o‘qituvchilar va chet ellik professor-o‘qituvchilarimiz bormi? Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi ta’lim markaziga aylanish niyatida ambitsiyali rejalarga ega mamlakat bo‘lib, ta’lim vazirligi o‘z maqsadlariga erishish uchun ulkan sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Biz-chi, chet ellik talabalar uchun yaqin kelajakda mashhur joyga aylana olamizmi?

O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi veb-saytining tahlil va statistik bo‘limini o‘rganib chiqdim, ammo O‘zbekistonda xorijlik talabalar sonining ko‘lami haqida ma’lumot topa olmadim. Qizig‘i shundaki, ingliz tilidagi veb-sahifada ma’lumot o‘zbek tilida taqdim qilingan. Agar vazirlikning veb-saytida ingliz tilida kerakli axborot bo‘lmasa, u qanday qilib ular xalqaro jarayonni kuchaytira oladi?

Skrin: “Daryo”

Rejalar qismi ham bo‘sh turibdi.

Skrin: “Daryo”

Oliy ta’lim tizimiga kiritilgan yangiliklarning natijalarini qachon ko‘ramiz?

Bu ulug‘ diyor fuqarosi sifatida Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 24-oktabrda Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari bilan uchrashuvi O‘zbekistonda ancha vaqtlar ortda qolgan oliy ta’lim tizimining rivojlanishida yangi bosqich bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman.

2019-yil 28-may kuni ilm-fan va oliy ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident sohaga oid davlat dasturlarini shakllantirish va markazlashgan tartibda moliyalashtirish orqali ilm-fanni tubdan rivojlantirish, yuksak natijadorlikka yo‘naltirilgan ixtisosliklar bo‘yicha milliy laboratoriyalar tizimini yaratish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz fani nufuzini ko‘tarish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.

Yaqin va uzoq istiqboldagi iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan mamlakatga qaysi soha uchun qanday mutaxassis kerak bo‘ladi, shuni hozirdan chuqur o‘ylash, zamon talabi, islohotlar shiddatiga mos kadrlarni tarbiyalash zarurati haqida hali ham ishlar amalga oshirilmagan. Xo‘sh, prezidentning ushbu qaror va topshiriqlarini amalga oshirish uchun vazirlik va rektorlarlaga yana qancha yig‘ilish va qo‘shimcha qarorlar kerak?

O‘zbekiston ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelmoqda, ammo mamlakatning ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish aksar muammolarni hal qila oladi. Katta biznes kirib kelishi va ushbu sohada o‘z salohiyatlarini isbot qilganlarga yordam berib, bu jabhaga sarmoya kiritishi lozim.

Shubha yo‘qki, xalqaro bilim va tajribaga ega bizdek yoshlarning O‘zbekistonga qaytishi ijtimoiy-iqtisodiy, demokratik islohotlar uchun kuchli suyanchiq vazifasini o‘tashi mumkin. Shu bilan birga, bu mamlakatimiz ilmiy salohiyati yuksalishiga xizmat qiladi. Qiziq, davlatimiz bunga tayyormi? Unda ishni birgalikda boshlaylik...

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.