Aktyor Habibulla Nizomov  “Daryo” internet-nashriga eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Foto: Instagram / @habibullanizamov

Rejissor Rustam Sa’diyevning “Baron” filmida rol ijro etgan Habibulla Nizomov “Baron 2” filmida rol ijro etmayotgani haqida gapirib berdi.

“Meni filmga oling”, deb borishim kerak emas-ku. Agarda chaqirishgan taqdirda ham “Baron 2” filmida rol o‘ynamasdim. Chunki yana shunaqa o‘zbeklar “buzg‘unchi”, o‘zbeklar “terrorist”, yana xuddi shu mavzuni ko‘ryapmiz. Instagram’da ko‘rgandim, qora ro‘mol o‘ralgan, soqol qo‘ygan, qo‘lida qurol. Nima bo‘lishi mumkin? O‘zbekni yuksakka ko‘taradigan film bo‘lganiga siz ishonasizmi? Men ishonmayman! Yana xuddi shu mavzu!

Moskvaga borganimda, pasport nazoratiga o‘zbek pasportini ko‘rsatganimda, meni ochiq chehra bilan kutib olgan qiz, pasportimni ko‘rgach, muomalasi ham, yuzi ham o‘zgardi. Nima sabab?! Chunki biz o‘zimizni yomon ko‘rsatib yuribmiz. Ko‘pchilik kino tarbiyalamaydi, fikrlarni o‘zgartirmaydi, deydi. Qanday o‘zgartirmaydi?! Nima uchun bolaligimizda qo‘limizda avtomat bilan o‘ynab yurganmiz? Sababi o‘sha paytlar urush haqidagi filmlar ko‘p bo‘lardi.

“Jumong” nomli film bo‘lardi. O‘shanda  men “O‘rikzor” bozorida ishlardim. Bozorga kelganlar farzandi uchun “qilich” ko‘tarib chiqib ketardi. Bu albatta ta’sir ko‘rsatish! Misol uchun, ochiq-sochiq yurish qayerdan kirib keldi?! Meksika seriallaridan ta’sirlanib kirib keldi. Demak, kino, televideniye buzishga xizmat qilyaptimi, qilyapti! Film ishlashda mas’uliyatli bo‘lish kerak deb o‘ylayman. Chunki bu tarixda qoladigan narsa.

Kimgadir “yaxshi ko‘rinaman”, yoki “qanaqadir unvon olaman”, deb O‘zbekistonda bo‘lgan voqealarni buzib ko‘rsatishdan hech qanday manfaat bo‘lmasligi kerak. Rejissor xolis odam bo‘lishi kerak. Yoki asarni yozgan odam xolis bo‘lish lozim.

Habibulla Nizomov, aktyor