Amerikaning Uber kompaniyasi Melburn shahri havo taksilar xizmati sinovdan o‘tkaziladigan dunyodagi uchinchi shaharga aylanishini ma’lum qildi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.

Foto: “RIA.ru”

Uber Air’ning sinov versiyalari Dallas va Los-Anjelesda ham ishga tushib, aeroportlarni shahar markazi bilan bog‘lovchi transport tugunlarini birlashtirishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, sinov parvozlari 2020-yilda boshlanadi, tijoriy operatsiyalar esa 2023-yilga kelib amalga oshiriladi.

“Avstraliya hukumati raydshering va kelajak texnologiyalariga istiqbolli yondashuvni amalga oshirdi… Avstraliyaning boshqa shaharlari ham bunga ergashishiga guvoh bo‘lamiz”, — deydi Uber menedjeri Syuzan Anderson.

Uchar taksilar xizmatini 2028-yili Los-Anjelesda o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlariga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan.

Uber — taksini sayt yoki mobil dastur orqali buyurtma qilish imkonini beruvchi onlayn servis hisoblanadi. Kompaniya 2009-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning shtab-kvartirasi San-Fransiskoda joylashgan.