6 yoshli bolalarni maktabga qabul qilish uchun to‘lov joriy etilishi keng miqyosda bahslarga sabab bo‘lmoqda. Turli fikrlar yangradi. Tashabbusni qo‘llab-quvvatlaganlar ham bo‘ldi, lekin ko‘pchilik yangi to‘lovlardan norozi bo‘ldi. “Daryo” kolumnisti, “Buyuk Kelajak” ekspertlar kengashi a’zosi, Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti professori Azamat Akbarov bu borada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.

Foto: “Novosti Uzbekistana”

Angliya tajribasi: maktabga chiqish yoshi – 5 yosh

So‘nggi yillarda Xalq ta’limi vazirligi imkon qadar Angliya ta’lim tizimi tajribasini O‘zbekistonga tatbiq qilayotgandek tuyulayapti. Misol tariqasida, yangi ochiladigan “prezident maktablari”ning tamalini Kembrij xalqaro brendi yaratib bergan. Bu, albatta, juda ijobiy va quvonarli bir holat. Lekin nimagadir Angliyaning maktabga chiqish yoshi tatbiq etilmay qoldi. Xo‘sh, Angliyada maktab yoshi nechchi yosh?

Angliyada maktab chiqish yoshi 5 yosh deb belgillangan, ya’ni bola 31-avgustda 5 yoshni to‘ldirishi kerak. Shimoliy Irlandiyada maktabga chiqish yoshi umuman 4 yosh ekan.

Demak, Angliya tajribasiga suyangan holda biz ham bolalar 6 yoshdan maktabga borishiga to‘lovsiz imkon yaratishimiz kerak. Ertaga qaysi ilmiy fakt va xalqaro standartlarga asoslangan holda 6 yoshdagi bolalarni maktabga olmaslik yoxud olgan taqdirda ham buni qanaqadir to‘lov evaziga amalga oshiryapsiz deb so‘rashsa qanday javob beramiz?

Angliyalik mutaxassislarning fikricha, bolada 5 yoshidan boshlab o‘rganish, o‘qish qobiliyati shakllanishni boshlar ekan. Shu maqsadda Angliyada maktabga chiqish yoshi deb 5 yosh deb belgilangan ekan. Bizda esa bu 6–7 yosh deya ta’kidlanadi. Ba’zi ota-onalar 6 yoshni ma’qul bilib, bolasini shu yoshda maktabga beradi, ba’zilar esa 7 yoshni afzal biladi. Bundan tashqari, xalq ta’limi tizimida maktab yoshi borasida tushunmovchiliklar bor. Ba’zi maktablar 6 yoshdan qabul qilsa, ba’zilari bunday qilmaydi.

Finlyandiya tajribasi: “elita” yoki “sust” maktablar yo‘q

Ko‘p yillardan beri Finlyandiya ta’lim tizimi turli reytinglarda muntazam ravishda eng yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Biroq ushbu mamlakat ta’lim tizimi beradigan eng asosiy “mukofot” haqida aytib o‘tish joiz. Nufuzli PISA (Program for International Student Assessment – Xalqaro talabalarning ta’limda erishgan yutuqlarini baholash dasturi) tashkilotining uch yilda bir marta o‘tkazadigan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, bilim saviyasi ko‘rsatkichi bo‘yicha Finlyandiya maktablari o‘quvchilari eng yuqori natijaga erishgan. Shuningdek, bu mamlakat o‘quvchilari sayyoramizda eng ko‘p kitob o‘qiydigan o‘quvchilar ham ekan. Bundan tashqari, ular tabiiy fanlar bo‘yicha 2-o‘rinni, matematika bo‘yicha esa 5-o‘rinni egallaan. Aslida jahon pedagogik hamjamiyatini hayratga soladigan holat buning o‘zigina emas.

Ularda bolalar “elita” yoki “sust”, “boy” yoki “kambag‘al” tabaqalarga bo‘linmas ekan. Eng katta maktabda 960, eng kichigida esa atigi 11 bola tahsil olar ekan. Hamma maktablar mutlaqo bir xil uskunalar bilan ta’minlangan. Imkoniyalar va moliyalashtirish hamma uchun bir xil. Qariyb barcha maktablar davlatniki bo‘lib, bu erda ta’lim bepul. Atrofda davlat-xususiy maktablari bor, bu yerda ota-onalar qisman to‘lov amalga oshirishidan tashqari oradagi farq o‘quvchilarga nisbatan talabning yuqoriroq ekanidan iborat. Finlyandiyada o‘quvchilar to‘garaklarga qatnamaydi. Bu yerda alohida qo‘shimcha ta’lim tizimi yo‘q. Qo‘shimcha ta’limning qariyb barcha turlari maktab dasturi tarkibiga kiritilgan.

Finlyandiyada maktab tanlash degan odat yo‘q. Har bir bola o‘z uyiga yaqin maktabga qatnaydi. “Elita” maktablari degan tushuncha yo‘q, chunki barcha maktablar bir xil: qayerda yashashidan qat’iy nazar, bola yuqori malakali o‘qituvchilar ishlaydigan, sifatli ta’lim materiallari va to‘laqonli ovqat bilan ta’milangan maktabga qatnaydi. Chunki maktablarning hammasi tom ma’noda bir xil darajada “yaxshi”.

O‘zbekiston tajribasi: sifatli ta’lim olish imkoniyati chegaralangan

Ta’lim hayotimizda muhim o‘rin tutishini juda yaxshi bilamiz. Buyuk ajdodlarimiz yoshlik chog‘idanoq mashhur bo‘lgan va, shubha yo‘qki, ular 6 yoshida allaqachon bilim va tajribalarining ma’lum qismini egallab bo‘lgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda ko‘plab ota-onalar bolalariga sifatli ta’lim berish niyatida. Ota yoki ona sifatida biz farzandlarimizning birinchi va eng muhim o‘qituvchilarimiz. Ota-onalar ko‘p ishlaydi, chunki ularda bolalariga yaxshi, sifatli ta’lim berish imkonini topish maqsadi bor. Yaxshi maktablar sonining kamligi ota-onalarda muammo paydo qiladi va ba’zan o‘z shahar-qishloqlaridan boshqa shaharlarga borib yashash, yangi joyda ish topish, xonadonlarni ijaraga olish, maktab izlash ortidan “Toshkent propiskasi” va shu kabi ko‘plab muammolarga duch keladi. Bu bolalar uchun ham jiddiy psixologik muammo keltirib chiqaradi, negaki ular eski do‘stlaridan ajralib, boshqalar bilan do‘stlashishga hamda yangi o‘quv usullari va dasturlarini o‘zlashtirishga majbur bo‘ladi. Demak, oldimizda Xalq ta’limi vazirligi ota-onalarni O‘zbekistonnng barcha hududlarida sifatli ta’lim olish imkoniyatini yaratib bera olishiga ishontira oladimi, ta’minlay oladimi degan savol turibdi. Buning ustiga, mana shu yil bahor-yozidan boshlab vazirlik boshlang‘ich ta’lim maktablari 1-sinfiga qabul qilinadigan bolalar uchun to‘lov olish kabi yangi “innovatsion” usul joriy qildi.

Mamlaktimizda sifatli ta’lim beradigan maktablar borligi bilan faqat katta shaharlar faxralana olishi mumkinligini yashirishdan naf yo‘q. Bunday maktablarning aksariyati Toshkent shahrida joylashgan. Ko‘plab do‘stlarim yagona maqsad – farzandiga yaxshi ta’lim berish uchungina Toshkentga ko‘chib ketganini yaxshi bilaman. Finlyandiyadagi kabi O‘zbekistonning har bir shahar-qishlog‘ida yaxshi ta’limni yo‘lga qo‘ymaslikdan, shu bilan bir qatorda, ta’lim olish uchun intilganlar oldiga sun’iy to‘siqlar qo‘yishdan amaldorlarning maqsadi nima o‘zi?

Dunyo tajribasi: Jahonning 134 mamlakatida ta’lim 6 yoshdan boshlanadi

Qolaversa, bolalarni erta bolalik chog‘idan o‘qitishda xalqaro tajriba mavjud. YuNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, jahondagi 204 davlatining 134 tasida (64,6 foiz) bolalar maktab tahsilini 6 yoshdan boshlar ekan, 42 mamlakatda (20,6 foiz) maktabga 7 yoshdan borishadi. Masalan, Germaniya, Italiya, Fransiya, Belgiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Singapur, Yaponiya, Kanada kabi mamlakatlarda bolalar maktabga 6 yoshdan qatnay boshlaydi.

2018-yilda Qozog‘istonda “Bolalarning erta rivojlanishi: muammolar va ularning echimini izlash” mavzusida so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra 5 yoshli bolalarni maktabga tayyorlashni maktabgacha ta’lim muassasalarida boshlash lozimligi va birinchi sinfga 6 yoshdan boshlab olish lozimligi aniqlandi.

Olimlarning fikricha, 6 yoshdagi bolalarning o‘qishga chanqoqligi, ularning qiziquvchanligi va rivojlangan tasavvuri, kognitiv (anglash) va psixik rivojlanganlik jihatlari maktabga 6 yoshdan o‘qitishni boshlashning afzallik tomonlari hisoblanadi, chunki bu yoshda bolaning motivatsion-ehtiyoj xususiyatlari faol rivojlanish bosqichida bo‘ladi: bu yoshdagi bolalarda hamma narsa qiziqish uyg‘otadi va ularda hamma narsadan biror nima o‘rganish imkoniyati bo‘ladi. 6 yoshdagi bolalarda diqqat-e’tiborning barqarorligi, og‘zaki iltimos, buyruqni qabul qilib tushunish, o‘z harakatlarini muvofiqlashtira olish xususiyatlari shakllanadi. 6 yoshga kelib bolaning so‘z boyligi taxminan 4 ming so‘zdan iborat bo‘ladi.

Bolaga sodda maqol-matallar ma’nosi tushunarli bo‘lib, u rasmlardagi syujet aloqalarini oson anglay oladi va ular asosida hikoya tuza oladi, narsalarni hech bir qiyinchiliksiz umumlashtirib, qismlarga bo‘la oladi, oddiy arifmetik vazifalarni bajara oladi, makon va zamon haqida tushunchasi shakllangan bo‘ladi. Bolani maktabga tayyorlash oilada, maktabgacha ta’lim muassasalarida va umumta’lim maktablari qoshidagi maktabgacha ta’lim sinflarida amalga oshiriladi. Odatda maktabgacha ta’lim muassasalarida tahsil olgan olti yoshli bolalar boshlang‘ich ta’lim darajasi standart o‘quv dasturlari asosida ta’lim olishga tayyor bo‘ladi.

Sifatli ta’lim beruvchi maktablar va buyuk o‘qituvchilarga ehtiyoj hamma zamonlarda bo‘ladi. Vaqtincha iqtisodiy qiyinchiliklar, ishga olish siyosati, budjetni qisqartirish yoki ta’lim tizimiga ta’sir qiluvchi boshqa omillarga qaramasdan, maktablar va o‘qituvchilarga bo‘lgan talab vaqtga bo‘ysunmaydi va umumbashariy hisoblanadi. Jamiyatda doim murabbiylarga ehtiyoj bo‘ladi. Shu asnoda Xalq ta’limi vazirligi yuqori malakali maktablar tanqisligini qisqartirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiya ishlab chiqishi va boshqa vazirliklar bilan yaqin hamkorlikda jamoa bo‘lib ish olib borishi lozim. Aks holda oldimizga qo‘ygan qisqa muddatli maqsadlarga erishish yo‘lida turli to‘siqlar va “innovatsiyalar” bilan ota-onalarni ranjitishimiz va sifatli ta’lim yo‘qligi sababidan ertangi kunimizda savodsiz yosh avlodning ko‘p sonli armiyasini qoldirishimiz ehtimoli bor.

Bola uchun 6 yoshdan o‘qishni boshlashning afzalliklari

Hali 7 yoshga to‘lmagan bolalarni maktabga qabul qilib o‘qitish uchun to‘lov talab qilish kabi “innovatsion” tashabbus men uchun mutlaqo mantiqsiz va asossiz ekanligini ta’kidlab o‘tishim joiz. Dunyoning 134 mamlakatida bolalar maktabda ta’lim olishni 6 yoshda boshlaydi va buning uchun hech qanaqa ortiqcha “kompensatsiya to‘lovi” talab qilinmaydi. Albatta, vazirlikdagilar 6 yoshdagi bolalar uch yarim soat parta ortida o‘tirishga tayyor emasligi, vazifa va darslarni bajarishga qodir emasligini ro‘kach qilishi mumkin. Vaholanki, bir yildan keyin bola bu vazifalarni bilan o‘zi mustaqil bajara olishi mumkin. Nega endi 7 yoshlilar bilan bir sinfda o‘tirgan bola doimo qoloq bo‘lar ekan? Nega har bir bola uchun individual yondashuv yo‘q? Ba’zi olti yoshli bolalar allaqachon birinchi sinfga borishga tayyor, boshqalari esa maktabda tahsil olish uchun emotsional-iroda jihatdan shakllanmagan. Hayotda hamma narsa individual jihatga ega, va hamma bolalarga bir xil nazar bilan qaramaslik kerak. Bola maktabga borishga tayyor yoki tayyor emasligini qanday aniqlash mumkin?

Tadqiqotlar natijalari yana shuni ko‘rsatdiki, maktabdagi kabi rasmiy darslardan ko‘ra erta bolalikda o‘yinlarga asoslangan o‘quv dasturi bolalarga ko‘proq bilim va foyda beradi. 4 va 5 yoshdagi bolalar shu yoshda maktabga borgandagiga nisbatan o‘yinlarga asoslangan o‘quv muhitida ko‘proq narda o‘rganadi.

Shu asnoda uch narsani amalga oshirishni taklif qilaman.

Birinchidan, ta’lim tizimi bola nuqtai nazaridan ishlab chiqilishi lozim. Asosiy yo‘nalishda har bir bolaning ehtiyojlarini hisobga olishi hamda tizimda barcha bolalarning rivojlanish bosqichi va shaxsiy xususiyatlarini inobatga olish uchun o‘zgartirishlar kiritish imkoni mavjud bo‘lishi lozim. Yuqori sifatli ta’lim berishda ta’limning barcha uchun tenglikka asoslanganligi ta’lim siyosatining rivojlantiruvchi kuchi hisoblanadi.

Ikkinchidan, rasmiy maktab ta’limi boshlanishidan oldin, umumiy boshlang‘ich bolalar ta’limi tizimini joriy qilishni taklif qilgan bo‘lar edim. Bu tizimda bolada o‘yinlarga asoslangan dasturda maza qilib o‘ynash, jismoniy mashg‘ulot-o‘yinlarda qatnashish va ta’lim olish huquqi bo‘ladi. Bunday o‘zaro harakat turlari juda zarur, chunki bunday yondashuvda bolaning to‘laqonli rivojlanishiga e’tibor berishga imkon beriladi. Bolalar ijtimoiy malakalar, ijodkorlik, empatiyaga va o‘z tasavvurini qanday qilib ishga tushirish-qo‘llashga o‘rgatiladi. Bu yerda maktabning tayyorligi juda muhim jihatdir. Maktab turli-tuman rivojlanish darajasidagi bolalarni qabul qilishga tayyormi?

Uchinchidan, maktabni 6 yoshdan erta boshlashni va birinchi sinf dasturini rasmiy maktab ta’limiga silliq, qiyinchiliklarsiz o‘tishni ta’minlashni ko‘zda tutib rejalashtirishni taklif qilgan bo‘lardim. Finlyandiya va boshqa Skandinaviya mamlakatlarida ta’limga bo‘lgan yondashuv shunday.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.