“Daryo”da “Samarqandda bolalar futbolidagi korrupsiyaga kim barham beradi?” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilingan edi. Unda “Dinamo-plyus” PFK tasarrufidagi Bolalar va o‘smirlar maxsus futbol sport maktabi direktori xodimlar va maktab uchun ajratilgan pullarni noqonuniy tarzda o‘zlashtirib kelayotganligi bayon qilingandi.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbirining ma’lum qilishicha, Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan futbol maktabi mansabdor va moddiy javobgar shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 2-qismi “a, v, g” bandlari (ko‘p miqdorda; bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borishlik uchun Samarqand shahar prokuraturasiga yuborilgan.

Viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda “Dinamo-plyus” PFK tasarrufidagi bolalar va o‘smirlar maxsus futbol sport maktabi mansabdor va moddiy javobga shaxslari tomonidan 2018-yilning may oyidan 2019-yilning 1 yanvarigacha jami 65 146 000 so‘mlik safar xarajati pullarini chiqim orderlari va tegishli buxgalteriya hujjatlari tuzilmasdan asossiz sarflanganligi hamda boshqa moliyaviy qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.