Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani “Marmin” mahallasida yashovchi Olim Xolmatov to‘rt nafar farzandiga aliment qarzdorligini to‘lamasdan uchinchi marta uylanmoqchi bo‘ldi. Bu haqda Respublika MIB matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: Google Images

“Olim Xolmatov bir necha yillar oldin birinchi oilasi bilan ajrashib, unga Oltinsoy tuman ma’muriy sudi tomonidan uch nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan edi. Biroq  farzandlarining moddiy ta’minotiga befarq bo‘lib, ikkinchi marta oila qurdi. Va bu oilani ham saqlab qololmay, ajrashdi. Ikkinchi oilasida ham 1 nafar farzandini tirik yetim qilib qo‘yishiga sababchi bo‘ldi. Olim Xolmatov ikkala oilasida ham farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab yurgan. Natijada fuqaro yashash manzilidan chiqib, bedarak ketganligi sababli Majburiy ijro byurosining Oltinsoy tuman bo‘limi tomonidan 2018-yil 27-noyabr kuni qidiruv e’lon qilingan”, — deyiladi xabarda.

Farzandlari uchun aliment to‘lashdan qochib yurgan ota uchinchi oilani ham qurishga qaror qildi.

“Tumanning “Xayrondara” mahallasida 7-iyun kuni Olim Xolmatovning to‘yiga kelgan mehmonlar uning qilmishlarini eshitib, xayratdan yoqa ushladi.

Majburiy ijro byurosi xodimlari O.Xolmatov farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment pullarini to‘lab qo‘yishni talab qildi. Ota esa bu talablarni nazarga ilmadi. Byuroning tuman bo‘limi tomonidan to‘plangan hujjatlar tegishli tartibda hal qilishlik uchun 8-iyun kuni tuman ma’muriy sudiga yuborildi va unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-4-moddasiga asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilandi”, — deyiladi xabarda.