Ko‘pincha chaqmoq atrofdagi balandroq qurilgan obyektlarga, masalan, binolarning tutun chiqarish vositalariga, yong‘inga qarshi qurilgan depo minorasiga yoki ayrim yakka turgan binolarga tushishi mumkin, deya yozadi Samarqand viloyati FVB xodimi serjant M.Sohibnazarov.

Foto: Arxiv

Juda baland obyektlar, masalan, radiotelevideniye antennalariga, minoralarga chaqmoq uning uchiga emas, balki birmuncha pastki nuqtasiga tushadi, buni obyektlar o‘z atrofiga to‘plangan zaryadlar ta’siri sifatida ko‘rsatish mumkin. Chaqmoqning yog‘och asoslarga o‘rnatilgan metall o‘tkazgichlar va aloqa vositalariga tushishi juda xavfli hisoblanadi. Katta amplitudaga ega bo‘lgan elektr zaryadlari aloqa simlariga o‘tishi ularning o‘tkazgich simlari orqali tez tarqalishiga olib keladi va bu simlarga ulangan radio karnaylari, aloqa vositalari va apparaturalarning buzilishi hamda ular orqali yerga o‘tishi natijasida kutilmagan yerdan yong‘in chiqishi va kutilmaganda aloqa vositalaridan foydalanayotgan odamlarni elektr ta’siriga tushib qolishiga sababchi bo‘ladi. Chaqmoqning katta quvvatdagi elektr o‘tkazish liniyalariga tushishi elektr zaryadlarining yerga o‘tib ketishiga, shuningdek, elektr o‘tkazgichlar o‘rtasida bir-biriga nisbatan yoysimon to‘qnashuv paydo bo‘lishi, simlardagi tokning avtomatik o‘chirib qo‘yilishiga olib keladi, ba’zi hollarda elektr simlarining kuchli kuchlanishini ko‘tara olmasdan erib, uzilib ketish hollari ham bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, chaqmoqlar yer yuziga tushganda ko‘proq baland daraxtlarga (ayniqsa terak, chinor, tut va mevali daraxtlarga) urishi mumkin. Shu sababli chaqmoq paytida baland daraxtlar ostidan panoh izlamang.

Yopiq binolar va avtomobil saloni chaqmoq urishidan yaxshi himoya joyi bo‘lishi mumkin, biroq bino ichidagi yerga ulangan metall qismlar va avtomobilning metall qismlariga aslo tegish mumkin emas.

Chaqmoq urgan joyda bo‘lgan insonlar uning turli ta’sirlaridan jabrlanishi mumkin. Masalan, birinchi navbatda yetib keladigan salbiy ta’siri kuchli yorug‘lik nuridan ko‘z pardalarining shikastlanishi, kuchli elektr tokidan to‘qimalar va ichki a’zolar, yuqori energiya haroratidan teri va tana a’zolarning kuyishi, zarba to‘lqinidan tashqi a’zolar va suyaklar shikastlanishi, kuchli tovush to‘lqinidan eshitish tizimi, quloq pardalari jarohatlanishi mumkin. Kuchli chaqmoq urgan odamning tanasida kuygan chuqurchalar yoki ko‘kimtir-qora dog‘lar paydo bo‘ladi. Elektr toki inson tanasida saqlanib qolmaydi, shu sababli chaqmoq urgan odamga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish mumkin. Bunda birinchi navbatda uning nafas olish jarayoni tiklanishi shart, u nafas olmayotgan bo‘lsa sun’iy nafas berish, o‘pka reanimatsiyasi o‘tkaziladi. Shu bilan birga yurak urishi tekshirilib, yurak urmayotgan bo‘lsa, davomli yurak massaji reanimatsiyasi ham olib borilishi va albatta tez tibbiy yordamga murojaat qilinishi zarur.

Eslab qoling, chaqmoq urishidan himoyalanish uchun chaqmoq paytida imkoni bo‘lsa tashqariga chiqmang, agar tashqarida bo‘lsangiz tezroq yopiq bino ichiga kiring. Avtomobilda bo‘lsangiz to‘xtab, chaqmoq tugagunicha ichida bo‘lib turing. Agar tog‘da, dala-dashtda bo‘lsangiz yakka turgan daraxt tagida berkinmang. Ochiq va imkon qadar pastqam, metall buyumlardan uzoqroq, quruq joyda boshingizni tizzalar orasiga olib, bosh ustini qo‘l bilan berkitib, o‘tirib oling.

Chaqmoq ta’sirida hayvonlarda ham insonlardagi kabi shikastlanish va jarohatlar kuzatiladi.

Chaqmoq urgan joyda bo‘lgan binolarda zarba to‘lqini natijasida qisman buzilish, deraza oynalarining sinishi, kuchli energiya ta’sirida yong‘inlar kuzatilishi mumkin.

Chaqmoq urgan daraxtlarda ham uning shoxlarini sinib ketishi va yonish kabi jarayonlar bo‘lishi mumkin. Unutmang chaqmoqlarning ham tabiatda o‘z vazifasi bor, chaqmoqlar yerning zaryadsizlangan elektr maydonini tez-tez zaryadlab turadi. Bundan tashqari atmosferada chaqmoqlar ta’sirida, bizni kosmos va quyoshdan kelayotgan radioaktiv, ultrabinafsha nurlardan himoyalab turuvchi ozon qatlami, ya’ni ko‘p miqdorda O3-ozon gazi hosil bo‘ladi. Chaqmoqlarning elektr razryadi natijasida tabiatda tiriklik uchun zarur bo‘lgan aminokislotalar paydo bo‘ladi.

O‘zingizni va yaqinlarinigizni chaqmoq urishidan asrang!