Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi, Yunusobod tuman sudining binosida, 2019-yil 26-iyun kuni O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashidjon Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Google Images

Sud hukmi bilan, 2000—2015-yillarda O‘zbekiston bosh prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan Rashidjon Qodirov (Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining “a” bandi), pora berishga dalolat qilish (JK 28,211-moddasi 3-qismining “a” bandi), firibgarlik (JK 168-moddasi 3-qismining “a” bandi), soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-moddasining 3-qismi), tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish (JK 236-moddasining 2-qismi), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JKning 243-moddasi) kabi, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Qariyb olti oy davom etgan, Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi, shuningdek “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq, yopiq tarzda o‘tkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirildi, ikki yuzga yaqin guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglanib, ish bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek jinoyat ishida to‘plangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilindi.

Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun Rashidjon Qodirovga, JK 50-moddasining 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, U. Sunnatov 19 yilga, A. Mirzayev 15 yilga, U. Xurramov 14 yilga, J. Fayziyev 13 yilga, L. Musashayxov 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.