26-iyun kuni O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashidjon Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi e’lon qilindi.

Foto: Oliy sud

Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun Rashidjon Qodirovga, JK 50-moddasining 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, U. Sunnatov 19 yilga, A. Mirzayev 15 yilga, U. Xurramov 14 yilga, J. Fayziyev 13 yilga, L. Musashayxov 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Oliy sud matbuot xizmati xabarida aytilishicha, ba’zi axborot manbalari va ularning o‘quvchilari Rashid Qodirovga nima sababdan sheriklariga nisbatan kamroq jazo tayinlangani yuzasidan savollar bergan.

“Rashid Qodirovning jazolanishi masalasiga keladigan bo‘lsak, ta’kidlash joizki, hukmni chiqarishda sud amaldagi qonunchilikka qat’iy rioya qildi. Bunda aynan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 50-moddasi 6-qismi haqida gap bormoqda, unda esa shunday deyiladi: “Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga hamda oltmish yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish eng ko‘p muddatining uchdan ikki qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emas”.

Rashid Qodirov hukm chiqarish vaqtida 60 yoshdan oshganligini hisobga olsak, sudlanuvchiga nima sababdan yuqoridagi jazo tayinlangani oydinlashadi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, hukmni chiqarishda ish bo‘yicha raislik qilgan sudya tomonidan sud jarayoni ishtirokchilariga qabul qilingan qaror mazmuni va mohiyati, uning ustidan shikoyat qilish muddati va tartibi batafsil tushuntirilgan.

Ushbu sud jarayoni ishtirokchilarigina chiqarilgan sud hukmi ustidan shikoyat arizasi berish huquqiga ega ekanligi qayd etilgan.