O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenini rivojlantirish istiqbollari bilan tanishdi. “Gazeta.uz”ning “O‘zbekiston 24” telekanaliga asoslanib xabar berishicha, mutaxassislar uchta yerosti metro yo‘lini oxirigacha qurib bitkazishni va 12 ta yangi stansiya qurishni taklif qildi.

Foto: “Gazeta.uz”

Loyiha bilan uchta yerosti metro yo‘lini davom ettirish — “O‘zbekiston” liniyasini “Beruniy” bekatidan Qoraqamish tomon (ikkita yangi stansiya), “Chilonzor” liniyasini “Buyuk Ipak yo‘li” bekatidan Toshkent traktor zavodi tomoni (uchta yangi stansiya), shuningdek, “Yunusobod” liniyasini “Mingo‘rik” stansiyasidan Otchopar tomon (yettita yangi stansiya) uzaytirish taklif qilingan.

“Prezident ushbu barcha yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘lovchilar oqimini atroflicha o‘rganib chiqish, barcha xizmatlarga shahar avtobus harakatini yangi qurilayotgan metropoliten bekatlari bilan kesishuv imkoniyatlarini ko‘rib chiqish va kelgusida yer usti metro yo‘li qurilishining ikkinchi bosqichi haqida axborot berish haqida topshiriq berdi”, — dedi “Boshtransloyiha” instituti bosh direktori Rustam Ro‘ziyev.

Foto: “Gazeta.uz”

Davlat rahbari yer usti halqa metro yo‘li qurilishi bilan ham tanishgan. Uni qurish 422,3 million dollarga baholanmoqda. 1-iyun holatiga ko‘ra qariyb 439 milliard dollar (51,2 million dollar) o‘zlashtirilgan, ulardan 374,5 milliard so‘m (43,6 million dollar) qurilish-montaj ishlariga sarflangan.

Yer usti halqa metro yo‘lining uzunligi 52,1 kilometrni tashkil etadi. Elektropoyezd ushbu masofani 1 soat 10 daqiqa ichida to‘liq bosib o‘tadi. Reja bo‘yicha, poyezdning o‘rtacha tezligi soatiga 40 kilometrni, eng yuqori tezligi esa 80 kilometrni tashkil etadi.

Halqa metro yo‘li bo‘ylab 35 ta stansiya quriladi. Elektropoyezdlarga servis xizmatini ko‘rsatish uchun ikkita elektrodepo va texnik ko‘rikdan o‘tkazish shoxobchasi tashkil etiladi. 2017-yilda boshlangan ushbu loyiha 2021-yilda to‘liq foydalanishga topshirilishi kerak.

Yer usti halqa metro yo‘lini qurish loyihasining birinchi bosqichida “Do‘stlik” (sobiq “Chkalov”) bekatidan Qo‘yliqqacha sakkizta stansiya quriladi. Keyinchalik liniya “Olmazor”, “Beruniy”, “Bodomzor” va yangi qurilayotgan “Tuzel” stansiyalarni birlashtirib, o‘ziga xos halqa hosil qiladi.

Yer usti halqa metro yo‘li Toshkentning Yashnobod, Uchtepa, Olmazor, Yunusobod, Chilonzor va Sergeli tumanlaridan o‘tadi.