Telejurnalist Sobir Mirzayev “O‘zbekiston 24” va “O‘zbekiston” telekanallari efiridan olib tashlangan ko‘rsatuvi va u yerda ko‘tarilgan muammo yuzasidan internet nashrlarga murojaat qilgan.

Foto: “Human.uz”

Jurnalistning ma’lum qilishicha, joriy yil 15-iyun kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida “Chorvachilikda naslchilik ishlarini nazorat qilishga doir qonunchilik ijrosi” mavzusidagi respublika mintaqaviy o‘quv seminari o‘tkazilgan. Anjumanda yuzdan ziyod mutaxassis ishtirok etgan va ularga sohaga yangiliklarni joriy etish, chorva mollari profilaktikasini yanada yaxshilash bo‘yicha ko‘plab, taklif va tavsiyalar berilgan.

“Men shu tadbirdagi bir befarosatlarcha uyushtirilgan tomosha haqida gapirmoqchiman. Bilasiz, poda sifatini yaxshilash va ularning mahsuldorlik ko‘rsatkichini oshirishda sun’iy urug‘lantirishning ahamiyati beqiyos. Naslchilik xo‘jaliklari va zooveterinariya va sun’iy urug‘lantirish shoxobchalari fermer xo‘jaliklari va aholi chorva mollari sifatini yaxshilashga, naslli mollar podasini yaratishga xizmat qiladi. Bu shoxobchalarga esa zotdor mollar urug‘ini ‘O‘znaslchilik’ korxonasi yetkazib beradi. Seminar ishtirokchilari mazkur korxonada ham bo‘lib, bu yerdagi sharoitlar, chorva mollari, laboratoriyada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.

Aslida buqalardan urug‘ olish dezinfeksiya qilingan va sterillangan manejda, qat’iy sanitariya-zooveterinariya talablari asosida maxsus yasalgan mulyajda amalga oshirilishi zarur. Ammo bu tadbir ko‘zbo‘yamachilik asosida o‘tkazildi. Birinchidan, urug‘ olishda buqani buqaga qo‘yishdi. Axir bu sharmandalik-ku!

Foto: “Human.uz”

Ikkinchidan, korxonada har biri 50-60 million so‘m turadigan 120 ta zotli buqa bor. Yuqoridagi holatda buqalar sog‘ligiga zarar yetkazib, uni ishdan chiqarishi mumkinligini nahotki mutaxassislar bilishmasa?!

Uchinchidan, antiveterinariya sharoitida olingan urug‘da sifat bo‘ladimi?!

Bizni ajablantirgani, respublika bo‘yicha o‘qiyman, o‘rganaman deb kelgan, yuzdan ortiq mutaxassis, soha bilimdonlarining birortasi bunga munosabat bildirmadi. Afsus!

Savollarim ko‘p: Veterinariya qo‘mitasi, agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasini tashkil etishdan maqsad ishni yangicha uslubda olib borish emasmidi?! Tutum hali ham eskicha bo‘lsa, bu tashkilotlar nimaga kerak o‘zi?!

Men huddi shu fikrlarimni ularga ham aytdim. Keyin esa ana shu mulohazalarni qo‘shgan holda ‘O‘zbekiston-24’ va ‘O‘zbekiston’ telekanallariga tahliliy ko‘rsatuv tayyorladim. Ammo kimningdir aralashuvi bilan efirdan olib tashlandi.

Afsus qiladigan joyi, shu bilan ahvol yaxshilanib qoladimi? Joylardagi sun’iy qochirish punktlarining 80 foizi nomiga ishlayotgani bor gap-ku! Hisobotlarda ko‘rsatilganidek, yiliga 4-5 million doza urug‘ ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, nega aholi qo‘lidagi chorva mollari sifati o‘zgarmayapti? Qachon biz bu kabi ko‘zbo‘yamachilik illatlaridan qutulamiz?

Balki mazkur ko‘rsatuvni o‘zboshimchalik qilib, internet tarmog‘iga joylashtirganim uchun menga bosim ham o‘tkazishar. Lekin kimdir haq gapni aytishi kerak-ku!”, deydi telejurnalist Sobirjon Mirzayev.