Zangiotadagi “Chorvachilikda naslchilik ishlarini nazorat qilishga doir qonunchilik ijrosi” mavzuidagi mintaqaviy o‘quv seminari ishtirokchilari ko‘z o‘ngida naslli buqadan urug‘ olish uchun buqani buqaga “qo‘yilgani” rostmi? Bu savolga “O‘znaslchilik” davlat korxonasi rahbari Olimjon Mamatqulov izoh bergan.

Foto: “Xalq so‘zi”

— Tadbir qatnashchilari shu soha vakillari emasmi, urug‘ olish, qadoqlash jarayonlarini ko‘rsatib berishimizni iltimos qilishdi, — deydi Olimjon Mamatqulov. — Bu ko‘pchilik tasavvuridagi nojo‘ya xatti-harakat emas, balki chorvachilik rivoji yo‘lidagi ilmiy jarayon. Bu haqda bilib-bilmasdan gapirish yaramaydi. Vaziyatga baho berish esa mutaxassislarning ishi. Chunki naslli buqalarni urug‘ olishga o‘rgatishning bir necha usullari bor. Chorva mollariga sakratish butun dunyoda qo‘llaniladigan samarali yo‘l hisoblanadi. O‘sha kuni tashqi omillar, odamlarning ko‘pligi, shovqin buqalarga ta’sir ko‘rsatib, maneken (maxsus moslamasa)ga sakramadi.Noiloj, dunyo tajribasida sinalgan boshqa usulni qo‘llashga majbur bo‘ldik. Ya’ni buqa buqaga sakratildi, xolos.

Ko‘pchilik bu holatni qabul qila olmayapti. Mantiqan to‘g‘ri ham. Chunki buqani sigirga sakratish mumkin ediku?

— Xalqaro tajribada buqadan urug‘ olish uchun sigirga sakratish tavsiya etilmaydi, — deya suhbatga qo‘shiladi seleksiyachi olim, akademik Ubaydulla Nosirov. — Bu turli yo‘qotishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Dunyodagi naslchilik korxonalarning barchasida shu usuldan foydalaniladi. Germaniya, Bolgariya, Vengriya, Xitoy, Rossiyada bo‘lganimda o‘zim guvoh bo‘lganman. Mana bu ilmiy jurnal Rossiyada chop etiladi. Undagi suratlarga erinmay qarab chiqing. Hammasida buqalarga sakratilgan. Buqalarda jinsiy sezuvchanlik yuqori bo‘ladi. Ba’zida maneken tugul, sigir tulupiga ham qaramaydi. Ana shunday paytda buqalarga sakratiladi. Bu shov-shuv qiladigan narsa emas.

Qiziq, tabiiy yo‘li bo‘la turib, nima sababdan jahon naslchilik tajribasida sun’iy urug‘lantirishdan foydalanilmoqda?

Mutaxassislarning tushuntirishicha, bu iqtisodiy jihatdan samarali. Chunki bitta buqa tabiiy holda yiliga 60 ta sigirni qochirishi mumkin ekan. Bir marta olingan urug‘ dozasi bilan esa 200 bosh sigirni sun’iy urug‘lantirsa bo‘larkan.

Qolaversa, seleksiya ishlarini keng ko‘lamda olib borish imkoniyati tug‘iladi, turli kasalliklar tarqalishining oldi olinadi. Eng muhimi, poda nasli tez yaxshilanib, mahsuldorligi ortadi.