11-iyulning e’tiborga molik yangiliklari — “Daryo” dayjestida.

Foto: O‘zA

Gulnora Karimova koloniyada oila a’zolari bilan uchrashdi.

Mahkuma Gulnora Karimova o‘zining uzoq muddatli uchrashuv huquqidan foydalangan holda 2019-yilning 7-iyul kunidan 10-iyul kuniga qadar, o‘z oila a’zolari bilan uch kunlik – uzoq muddatli uchrashuvda bo‘ldi.

Uchrashuvdan so‘nggi fikr va taassurotlarini o‘rganish maqsadida Imon Karimova bilan suhbat o‘tkazilganda, u onasi Gulnora Karimovaning ayni paytda sog‘lig‘idan shikoyati yo‘qligini, zarur hollarda muassasa tibbiyot bo‘limi xodimlari tomonidan o‘z vaqtida alohida e’tibor qaratilayotganligi, onasiga nisbatan O‘zbekiston hukumati tomonidan hech qanday bosim o‘tkazilmayotganligini bildirdi.

Bundan avvalroq esa Imon Karimova Instagram’dagi sahifasi orqali O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llab, onasini ozod qilishni so‘ragan.

***

Sirdaryoda kasalxonada vafot etgan 4 yashar bolaning otasi ikki shifokorni pichoq bilan jarohatladi.

8-iyul kuni 2015- yilda tug‘ilgan bemor M.S. “O‘tkir respirator kasallik. Gipertermik sindrom” tashxisi bilan og‘ir ahvolda yotqizilgan. 10-iyul kuni bemorda bezovtalik, ko‘ngil aynib, qayt qilish kuzatilgan. Vrach-pediatr N.Esanova tomonidan bemor zudlik bilan bolalar reanimatsiyasi bo‘limiga olib chiqilib, reanimatsiya muolajalari ko‘rsatilgan. Shunga qaramasdan soat 12.10 da bemorda biologik o‘lim kuzatilgan.

***

Abituriyentlar rekordi yangilandi: 78 yoshli erkak oliy ta’lim olmoqchi.

Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialiga Surxondaryo viloyati, Angor tumani, “Ulug‘bek” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1941-yil 13-aprelda tug‘ilgan fuqaro Mamatqul Berdialiyev hujjat topshirdi.

***

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi: Denovda bolasini hojatxonaga tashlab ketgan ayolning qarindoshi nomusiga tekkan.

Ma’lum bo‘lishicha, oilada 6 farzand — 2 nafar o‘g‘il, 4 nafar qiz ulg‘aymoqda. F.T.ning ma’lumoti o‘rta maxsus, otasi ishlashga ruxsat bermaganligi uchun uyida tikuvchilik bilan shug‘ullanib kelgan. Amakisining o‘g‘li, 1990-yilda tug‘ilgan o‘zi bilan bir mahallada yashovchi A.T., uning nomusiga tekkan.

***

Samarqandda bog‘chadagi e’tiborsizlik sabab bir bolaning barmog‘i uzilib tushdi.

“Daryo”ga murojaat qilgan Sanjar Hasanovning buvisi Aziza Ma’murovaning ma’lum qilishicha, nabirasining barmog‘i uzilib tushganidan so‘ng tarbiyachi uni qo‘rqitib uxlatib qo‘ygan. Shu tariqa salkam 5 soat davomida bolaga tibbiy yordam ko‘rsatilmagan.