10—11-iyul kunlari futbol bo‘yicha Afrika Millatlar Kubogining 1/4 final bahslari bo‘lib o‘tdi.

Foto: Twitter

10-iyul, chorshanba kuni Senegal termasi Beninni sinovdan o‘tkazdi.

Bellashuvdagi yagona gol 69-daqiqada urildi. Unga senegallik yarim himoyachi Idrissa Guyye mualliflik qildi.

O‘yin yakuniga ko‘ra, senegalliklar Beninni kichik hisobda mag‘lub etib (1:0), musobaqaning yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Shu kuni Nigeriya terma jamoasi JARga qarshi maydoga tushdi.

Uchrashuvning 27-daqiqasida Nigeriya a’zosi Semyuel Chukvueze hisobni ochgan bo‘lsa, 71-daqiqaga kelib JAR termasi yarim himoyachisi Bongani Zungu hisobni tenglashtirdi (1:1). Bahsning asosiy vaqti tugashiga bir daqiqa qolganda nigeriyalik himoyachi Uilyam Trost-Ekong raqib darvozasini ishg‘ol qildi (2:1).

Shu tariqa Nigeriya musobaqaning chorak finalida JARdan ustun keldi.

11-iyul, payshanba kuni Jazoir terma jamoasi Kot-d’Ivuar termasi bilan bellashdi.

Jazoirlik yarim himoyachi Sofian Feguli 20-daqiqada jamoasini hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 62-daqiqada Kot-d’Ivuar hujumchisi Jonatan Kojia Jazoir darvozasiga to‘p kiritdi (1:1).

Uchrashuvning asosiy vaqtida yarim finalchi nomi aniqlanmadi. Penaltilar seriyasida esa jazoirliklar Ivuarni 4:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Endilikda Jazoir yarim finalda Nigeriyaga bilan o‘ynaydi. Uchrashuv 15-iyul, dushanba kuni bo‘lib o‘tadi.

1/4 finalning so‘nggi bellashuvida Tunis terma jamoasi Madagaskar bilan bahsga kirishdi.

Uchrashuv davomida Tunis termasi vakillari Ferjani Sassi (52), Yussuf Msakni (60) hamda Naim Sliti (90) bittadan golga mualliflik qildi.

Shu tariqa Tunis Madagaskarni yirik 3:0 hisobida mag‘lub etib, Afrika Millatlar Kubogining 1/2 finaliga chiqdi.

Tunisliklar 14-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan musobaqaning yarim finalida Senegal terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Afrika Millatlar Kubogi

1/4 final bahslari

10-iyul, chorshanba

Senegal—Benin 1:0

Gol: 1:0 — 69 Guyye

Nigeriya—JAR 2:1

Gollar: 1:0 — 27 Chukvueze, 1:1 — 71 Zungu, 2:1 — 89 Trost-Ekong

11-iyul, payshanba

Kot-d’Ivuar—Jazoir 1:1 (3:4 — penaltilar seriyasi)

Gollar: 0:1 — 20 Feguli, 1:1 — 62 Kojia

Madagaskar—Tunis 0:3

Gollar: 0:1 — 52 Sassi, 0:2 — 60 Msakni, 0:3 — 90 Sliti

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!