Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani M-34 trassa yo‘lida harakatlanayotgan Isuzu avtobusi yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilib ketdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, hodisa 11-iyul kuni soat 10:48 larda sodir bo‘lgan.

Foto: Telegram

Oqibatda 16 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan. Bemorlarga zudlik bilan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilib, ularning 9 nafari Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo viloyat filialiga yotqizilgan, 7 nafariga esa jarohati yengil bo‘lganligi sabab ambulator sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Vafot etgan bemorlar yo‘q.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida halokat oqibatida jabrlangan fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tezkor guruh tuzilgan. Shuningdek, ular uchun zarur tibbiy dori-darmon va tibbiy vositalar yetkazib berilgan.