Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi Rossiyaning “Motorika” innovatsion markazi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi Protezlash va ortopediya markazida nogironligi bor shaxslar uchun bionik protez qo‘llar o‘rnatish amaliyotini o‘tkazdi. Bu haqda “Daryo”ga Innovatsion rivojlanish vazirligi ma’lum qildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Markaziy Osiyo miqyosida ilk marotaba tashkil qilinayotgan tadbirning yurtimizda o‘tkazilishi soha rivoji uchun muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Nogironligi bor shaxslarga bionik protez qo‘llarni o‘rnatish amaliyoti har bir mijozga individual tarzda yondashgan holda, olgan jarohatiga ko‘ra, 3D texnologiyasini qo‘llash orqali amalga oshirildi.

Tadbirga kelganlar moskvalik tajribali mutaxassislardan bepul maslahat olish, bionik protez qo‘llar ishlash jarayonini kuzatish, shuningdek, bionik qo‘llar foydalanuvchilari bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi nogironligi bor shaxslarning faqatgina sog‘liklarini tiklashlariga yordam berib qolmasdan, jamiyatga tezroq moslashib, ertangi kunga ishonch bilan qarashiga zamin yaratadi.