“Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh o‘tgan yili eng ko‘p harbiy xarajat qilgan mamlakatlar haqida hikoya qiladi.

Dunyo tinchimas ekan, harbiy xarajatlar miqdori oshib boraveradi. Bu esa nimalardir sabab bo‘lib yana urushlar boshlanishiga, ularda millionlab odamlar qurbon bo‘lishiga, turli mamlakatlar vayron bo‘lishiga, milliardlab mablag‘ sarflanishiga olib keladi.

Ikkinchi jahon urushi tugar ekan, Yer shari aholisi “Fashizm ustidan g‘alaba qozonildi, endi urushlar bo‘lmaydi” deb yengil tin olgan edi. Ammo, ming afsuski, o‘shandan keyin ham bir kun yo‘qki, tinchlik hukm surgan bo‘lsa.

O‘tgan asrning o‘zida AQSh Vyetnamga, SSSR Afg‘onistonga bostirib kirib, o‘rtada uzoq yillar urush bo‘lgani, yoki XX asr so‘ngida Bolqonda sobiq Yugoslaviya parchalanishi ortidan yuzaga kelgan urushlar, so‘ngra XXI asr boshida AQSh avval Afg‘onistonga, so‘ng hech bir sababsiz Iroqqa bostirib kirishi, Suriya mojarolari tufayli dunyo tinchlik ko‘rmayapti.

Dunyodagi energoresurslar uchun, geosiyosiy ta’sirlar uchun urush chiqaverar ekan, yaqin orada sayyoramiz urushlardan tinchishiga ko‘zim yetmaydi. Urushlar chiqaverar ekan, shunga yarasha harbiy xarajat ham bo‘laveradi. Aholisiing qorni nonga to‘ymasa to‘ymasin, ammo mamlakat xavfsizligi va suverinitetini saqlab qolish uchun turli qit’alardagi turli davlatlar o‘z harbiy xarajatlariga mablag‘ ajrataveradi.

Quyida umumiy harbiy xarajatlar uchun eng ko‘p mablag‘ ajratayotgan davlatlar o‘nligini e’tiboringizga havola qilamiz.

10. Janubiy Koreya

Foto: Google Photos

Umumiy harbiy xarajatlari: 43,1 milliard dollar

Janubiy Koreya ancha yillardan beri harbiy xarajatlari miqdorini to‘xtovsiz oshirib kelyapti. Bunga yon qo‘shnisi, Shimoliy Koreyadagi yadro quroli tadqiqotlari ham sabab bo‘lyapti. Janubiy Koreya harbiy xizmat majburiy bo‘lgan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri hisoblanadi. Bu mamlakatda ma’lum yoshga yetgan har bir yigit, istisnolar va arzirli sababi bo‘lmasa, albatta majburiy harbiy xizmatga borishi shart.

Bu mamlakatning harbiy xarajatlari 2018-yilda o‘rtacha aholi jon boshiga 830 dollardan to‘g‘ri kelgan.

9. Yaponiya

Foto: Google Photos

Umumiy harbiy xarajatlari: 46,6 milliard dollar

Yaponiya ham umumiy harbiy xarajatlar miqdorini to‘xtovsiz oshirib kelyapti.

Yaponiya Ikkinchi jahon urushida yengilganidan so‘ng g‘olib davlatlar –  AQSh, SSSR, Angliya, Fransiya tomonidan unga og‘ir shartlar qo‘yildi. Ana shu shartlardan biri konstitutsiyada “Yaponiya bundan buyog‘iga o‘z armiyasini tuzmaydi va hech qaysi davlat bilan urushmaydi” deb alohida modda yozdirish bo‘ldi. Shundan so‘ng Yaponiya armiya saqlashdan voz kechdi va mamlakatda o‘nlab AQSh harbiy bazalari ochildi. Yaponiya esa harbiy xarajatlar qisqartirilgani tufayli salmoqli mablag‘ni ta’lim sohasiga yo‘naltirdi va qisqa muddatda natijasi oldi. Urushda yengilgani va butunlay vayron bo‘lganidan bor-yo‘g‘i 15 yil o‘tib – 1960-yillarda dunyoda “yapon mo‘jizasi” nomi bilan mashhur bo‘lgan iqtisodiy rivojlanishga erishdi. Uning bu natijaga erishishiga harbiy xarajatlar qisqartirilishi va salmoqli mablag‘ ta’limga sarflangani sabab bo‘lgan edi.

Ammo oxirgi 15–20 yilda Yaponiya yon qo‘shnisi Shimoliy Koreya yadro raketalari yaratish ustida ish olib borishi, bu yo‘lda turli sinovlar o‘tkazishi ortidan harbiy xarajatlarni keskin oshirdi va bugungi kunda umumiy harbiy xarajatlar miqdori bo‘yicha birinchi o‘ntalikka kiryapti.

Bu mamlakatning umumiy harbiy xarajatlari 2018-yilda aholi jon boshiga 365 dollardan to‘g‘ri kelgan.

8. Germaniya

Foto: Google Photos

Umumiy harbiy xarajatlari: 49,5 milliard dollar

Ikkinchi jahon urushida yengilgan Germaniyani g‘oliblar ikkiga bo‘lib oldi. Mamlakatning g‘arbiy qismi GFR, sharqiy qismi esa GDR deb ataldi. G‘oliblar har ikki mamlakatga uzoq yillar armiya tuzish va saqlashga izn bermay, ko‘plab harbiy bazalarini ochib, o‘zlari qo‘riqladi. GFRda asosan AQSh harbiy bazalari, GDRda esa SSSR harbiy bazalari joylashtirildi.

1989-yilda ikki Germaniya birlashgach, uning sharqiy qismidagi SSSR harbiy bazalari olib chiqib ketildi. AQSh harbiy bazalari esa hunuzgacha faoliyat olib boryapti. Lekin Germaniya ham harbiy qudratini oshirib kelyapti va shunga monand yildan yilga harbiy xarajatlar ham oshmoqda.

Bu mamlakatning umumiy harbiy xarajatlari 2018-yilda aholi jon boshiga 600 dollardan to‘g‘ri kelgan.

7. Buyuk Britaniya

Foto: Google Photos

Umumiy harbiy xarajatlari: 50 milliard dollar

Buyuk Britaniya ham oxirgi yillarda harbiy xarajatlarni muntazam oshiryapti. Mamlakatda 1998-yildagi ko‘rsatkichlarga nisbatan umumiy harbiy xarajatlar 76 foizga oshgan.

Bu mamlakatning umumiy harbiy xarajatlari 2018-yilda aholi jon boshiga 750 dollardan to‘g‘ri kelgan.

6. Rossiya

Foto: Google Photos

Umumiy harbiy xarajatlari: 61,4 milliard dollar

Rossiya umumiy harbiy xarajatlar reytingining birinchi o‘nligidagi yildan yil harbiy xarajatlari qisqarib kelayotgan yagona davlat hisoblanadi. 2018-yilda uning harbiy xarajatlari 2017-yildagiga qaraganda 3,5 foizga qisqardi.

Xalqaro tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Rossiyada umumiy harbiy xarajatlarining qisqarib kelayotgani 2014-yilda Ukraina – Rossiya mojarosi ortidan G‘arb davlatlari Rossiyaga nisbatan joriy qilgan iqtisodiy sanksiyalari va iqtisodiy inqiroz tufayli bo‘lyapti.

Bu mamlakatning umumiy harbiy xarajatlari 2018-yilda aholi jon boshiga hisoblaganda 425 dollardan to‘g‘ri kelgan.

5. Fransiya

Foto: Google Photos

Umumiy harbiy xarajatlari: 63,8 milliard dollar

Fransiya umumiy harbiy xarajatlar miqdori bo‘yicha AQSh, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Hindiston bilan birgalikda birinchi beshlikni tugatib beradi. Bu beshlikning umumiy harbiy xarajatlari dunyodagi umumiy harbiy xarajatlar miqdorining 60 foizini tashkil etadi.

Bu mamlakatda umumiy harbiy xarajatlar 2018-yilda aholi jon boshiga hisoblaganda 950 dollardan to‘g‘ri kelgan.

4. Hindiston

Foto: Google Photos

Umumiy harbiy xarajatlari: 66,5 milliard dollar

Hindiston ham harbiy xarajatlarini to‘xtovsiz oshirib kelayotgan mamlakat hisoblanadi. 2018-yilda bu mamlakat o‘z harbiy xarajatlarini 2017-yilga qaraganda 3,1 foizga oshirdi va umumiy miqdor 66,5 milliardni tashkil etdi. Hindistonning umumiy harbiy xarajatlari 2018-yilda YaIM hajmining 2,1 foizini tashkil etdi.

Bu mamlakatda umumiy harbiy xarajatlar 2018-yilda aholi jon boshiga hisoblaganda 239 dollardan to‘g‘ri kelgan.

3. Saudiya Arabistoni

Foto: Google Photos

Umumiy harbiy xarajatlari: 67,6 milliard dollar

Saudiya Arabistoni oxirgi yillarda umumiy harbiy xarajatlar uchun salmoqli summalarda mablag‘ ajratmoqda. Saudiya Arabistoni yana bir qator Fors ko‘rfazi va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan birgalikda YaIM hajmiga nisbatan umumiy harbiy xarajatlarga eng ko‘p mablag‘ ajratyotgan mamlakatlar sirasiga kiradi. 2018-yilda harbiy xarajatlar uchun bu mamlakat ajratgan summa mamlakat YaIM hajmining 8,8 foizini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich Ummonda 8,2 foiz, Kuvaytda 5,1 foiz, Livanda 5,0 foiz, Iordaniyada 4,7 foiz, Isroilda 4,3 foizni tashkil etgan.

Bu mamlakatda umumiy harbiy xarajatlar 2018-yilda aholi jon boshiga hisoblaganda 2050 dollardan to‘g‘ri kelgan.

2. Xitoy

Foto: Google Photos

Umumiy harbiy xarajatlari: 250 milliard dollar

Xitoy umumiy harbiy xarajatlar bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Bugungi kunda uning umumiy harbiy xarajatlari 250 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Xitoy 2006–2008-yillarda umumiy harbiy xarajatlar uchun 50–80 milliard dollar ajratar edi va bu ro‘yxatda birinchi o‘rinda turgan AQSh harbiy xarajatlarining bor yo‘g‘i 10 foizini tashkil etar edi. Xitoyning umumiy harbiy xarajatlari ilk bora bundan 10 yil avval – 2009 yilda 100 milliard dollardan oshdi. Shundan beri Xitoy har yili harbiy xarajatlarini to‘xtovsiz oshirib kelmoqda.

Bugungi kunda Xitoy harbiy xarajatlar uchun ajratayotgan mablag‘i dunyodagi yalpi miqdorning 14 foizini tashkil etmoqda. Umumiy harbiy xarajatlar mamlakat YaIM hajmining 1,9 foizini tashkil qilmoqda.

Bu mamlakatda umumiy harbiy xarajatlar 2018-yilda aholi jon boshiga hisoblaganda 180 milliard dollardan to‘g‘ri kelgan.

1. AQSh

Foto: Google Photos

Umumiy harbiy xarajatlari: 649 milliard dollar

AQSh harbiy xarajatlar bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinda turadi. Oxirgi yillarda Xitoy harbiy xarajatlarini biroz oshirdi, ammo shunda ham uning xarajatlari AQSh ko‘rsatkichlarining yarmiga ham yetmayapti. Xitoydan boshqa istalgan mamlakat, hatto Rossiya harbiy xarajatlari ham AQShnikining 10 foizi atrofida bo‘lyapti.

AQSh harbiy xarajatlarining bunchalik katta ekaniga mamlakatning iqtisodiy barqarorligi, dunyoda birinchi raqamli iqtisod ekani, NATO harbiy blokining bosh moliyaviy ta’minotchisiligi hamda xorijda ko‘plab turli harbiy bazalarining ko‘pligi sabab bo‘lyapti.

Bugungi kunda dunyoning qirqqa yaqin davlatida AQShning 730 ta turli harbiy bazasi bor va bu ko‘rsatkich bo‘yicha ham unga hech kim yaqinlasha olmaydi.

Bu mamlakatda umumiy harbiy xarajatlar 2018-yilda aholi jon boshiga hisoblaganda 2 000 dollardan to‘g‘ri kelgan.

* * *

Umuman olganda, dunyo miqyosida har yili umumiy harbiy xarajatlar miqdori oshib kelmoqda.

2018-yilda dunyo mamlakatlarining umumiy harbiy xarajatlari 1,822 milliard dollarni tashkil etdi va bu 2017-yildagidan 2,6 foizga ko‘p bo‘ldi. Bugun Yer sharini tom ma’noda katta bir qurol-aslaha omboriga qiyoslasa ham bo‘ladi.