Bir necha kun muqaddam Milliy matbuot markazida Oliy Majlis Senati qo‘mitalarining 2019-yil birinchi yarmidagi faoliyati yakunlari va istiqboldagi rejalari to‘g‘risidagi anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda turli mavzular qatorida gaz va elektr energiyasidan ta’minlash va undan foydalaish xususida so‘z bordi. Qo‘mita raisi Muhammad Jumagaldiyevning ma’lum qilishicha, jahondagi va qo‘shni mamlakatlar bilan solishtirganda, gaz va elektr energiyasi tariflari ularga nisbatan 2–3 barobar, ayrimlarida esa 5–6 barobar arzon ekan. Shuning uchun elektr energiyasi va gaz narxi sekin-asta oshiriladi, jahon mamlakatlaridagi narx bilan tenglashtiriladi.

Muhammad Jumagaldiyev.
Foto: “Daryo”

Amaldorning bu so‘zlarini sharhlashni so‘rab energetika bo‘yicha ilmiy tadqiqotchi Sarvar Qurbonovga murojaat etdik. U jahondagi va O‘zbekistondagi narxlarni qiyoslab, o‘z xulosalarini  berdi.

Muhammad Jumagaldiyevning so‘zlariga ko‘ra, gaz va yelektr energiyasi tariflari jahondagidan va qo‘shni mamlakatlardagidan ancha arzon ekan. Uning bu iddaosi to‘g‘rimi? Menimcha, bu gap shoshqaloqlik bilan, ko‘p hududlarni o‘rganmay aytilgan. Qo‘shnilarimizdagi o‘rtacha ish haqi va elektr energiyasi narxini solishtiramiz.

Foto: Google Photos

Eng yaqin qo‘shnimiz – Qozog‘istonda o‘rtacha oylik ish haqi 664 dollar. Elektr energiyasi narxi tabaqalangan bo‘lib, turli tariflar mavjud. O‘rtacha narxni aniqlab, shu bo‘yicha tahlil qilsak.

  • Yuridik shaxslarga – 0,038 dollar yoki 14,54 tenge/kVt*soat (QQSsiz);
  • Aholi uchun – 0,03 dollar yoki 11,57 tenge/kVt*soat (QQS bilan).

Aholining o‘rtacha energiya iste’molini o‘rtacha oyiga 300 kVt*soat deb olsak, 9 dollarga to‘g‘ri keladi va o‘rtacha oylikning 1,3 foizini sarf qilishni taqozo etadi.

Mamlakat asosiy elektr energiyasini IES VA GESlardan oladi.

Qirg‘iziston: o‘rtacha oylik – 220 dollar.

  • Yuridik shaxslarga – 0,011 dollar yoki 77 som/kVt*soat (700 kVt*soatgacha, QQS bilan);
  • Aholi uchun – 0,031 dollar yoki 2,16 som/kVt*soat (700kVt*soatdan yuqorisi, QQS bilan).

Aholining energiya iste’molini oyiga o‘rtacha 300 kVt*soat deb olsak, 9,3 dollarga to‘g‘ri keladi va o‘rtacha oylikning 4,2 foizini sarf qilishni taqozo etadi.

Mamlakat asosiy elektr energiyasini IES VA GESlardan oladi.

Tojikiston: O‘rtacha ish haqi – 182 dollar.

  • Yuridik shaxslarga – 0,05 dollar yoki 47,13 diram/kVt*soat (QQSsiz);
  • Aholi uchun – 0,021 dollar yoki 19,37 diram/kVt*soat (QQS bilan).

Aholining energiya iste’molini oyiga o‘rtacha 300 kVt*soat deb olsak. 6.3 dollarga to‘g‘ri keladi va o‘rtacha oylikning 3,4 foizini sarf qilishni taqozo etadi.

Mamlakat asosiy elektr energiyasini GES va IESlardan oladi.

Turkmaniston. O‘rtacha ish haqi – 170 dollar.

  • Yuridik shaxslar uchun – 0,018 dollar yoki 0,0628manat/kVt*soat (QQSsiz);
  • Jismoniy shaxslar uchun – 0,0071 dollar yoki 0,0250 manat/kVt*soat (QQS bilan).

Aholining energiya iste’molini oyiga o‘rtacha 300 kVt*soat deb olsak, 2.13 dollarga to‘g‘ri keladi va o‘rtacha oylikning 1,25 foizini sarf qilishni taqozo etadi.

Mamlakat asosiy elektr energiyasini GES va IESlardan oladi.

Afg‘oniston. O‘rtacha ish haqi – 47 dollar.

Bu mamlakatda tarif bo‘yicha narxlarni topa olmadim, ammo biz ularga 0,05 dollar/kVt*soat narxida yetkazib beramiz.

Aholining energiya iste’molini oyiga o‘rtacha 300 kVt*soat deb olsak, 15 dollarga to‘g‘ri keladi va o‘rtacha oylikning 31 foizini sarf qilishni taqozo etadi.

Mamlakat asosiy elektr energiyasini sotib oladi, hozir ayrim hududlarda quyosh elektrostansiyalari quryapti.

Rossiyada o‘rta hududlari bo‘yicha o‘rtacha maosh – 670 dollar.

  • bir tarif bo‘yicha shahar zona (Moskva) – 0,086 dollar yoki 5,47 rubl/kVt*soat (QQS bilan);
  • o‘rtacha aholi uchun narx – 0,06 dollar yoki 3,83 rubl/kVt*soat (QQS bilan).

Aholining energiya iste’molini oyiga o‘rtacha 300 kVt*soat deb olsak, 18 dollarga to‘g‘ri keladi va o‘rtacha oylikning 2,6 foizini sarf qilishni taqozo etadi.

Mamlakat asosiy elektr energiyasini GES va IESlardan oladi.

Endi bizdagi vaziyatga to‘xtalsak.

O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi – 187 dollar.

  • Jismoniy shaxslar uchun – 0,029 dollar yoki 250 so‘m/kVt*soat (QQS bilan).

Aholining energiya iste’molini oyiga o‘rtacha 300 kVt*soat deb olsak, 8,7 dollarga to‘g‘ri keladi va o‘rtacha oylikning 4,6 foizini sarf qilishni taqozo etadi.

Mamlakat asosiy elektr energiyasini GES va IESlardan oladi.

Ko‘rinib turibdiki, ayrim qo‘shnilarda narx bizdagidan pastroq, ayrimlarida esa biroz yuqori. Lekin bu kichik tafovut qo‘shnilarda tariflar 2–3 barobar yuqori deyishga asos bermaydi.

To‘g‘ri, Yevropada narxlar biroz yuqori, lekin buning sabablari bor: Yevropaning o‘z energoresurlari yo‘q, ular yoqilg‘i sotib oladi. Germaniyani ko‘rib chiqamiz.

O‘rtacha ish haqi – 3 624 dollar.

  • O‘rta tarif – 0,30 dollar/kVt*soat (QQS bilan).

Aholining energiya iste’molini oyiga o‘rtacha 300 kVt*soat deb olsak, 90 dollarga to‘g‘ri keladi va o‘rtacha oylikning 2,5 foizini sarf qilishni taqozo etadi.

Mamlakat asosiy elektr energiyasini GES, IES va AESlardan oladi. Energetik resurslarning deyarli barchasini sotib oladi.

Yaqinda energetika vaziri Alisher Sultonov bergan intervyusida Germaniyada elektr energiyasi narxi bizdan ko‘ra 10 barobar qimmatligi, biz energiya resurslariga haq to‘lashimiz, mentalitetimizni o‘zgartirishimiz kerakligini aytdi. Bu bir qarashda to‘g‘ri, ammo ular energiya resurslarini sotib olishini va oylik ish haqi qiyoslab bo‘lmaydigan darajada yuqoriligini hisobga olsak, bu juda kulgili misol.

Alisher Sultonov.
Foto: “Kun.uz”

Bundan tashqari, elektr energiyasining arzon-qimmatligini baholaganda uning valyutadagi sof narxi emas, oylik to‘lovning maoshga nisbatan ulushi ham inobatga olinishi lozim. Deyarli barcha davlatlarni hisoblaganimizda, fuqarolar elektr energiyasi uchun o‘rtacha oyligidan deyarli 4 foizdan ortmagan miqdorda haq to‘laydi. Yuqorida ko‘p davlatlar bo‘yicha solishtirganimizda ma’lum bo‘ldiki, O‘zbekistondagi narx o‘rtacha ish haqiga nisbatan ancha qimmat.

Biz elektr energiyasi narxini oshiramiz deyilishiga sabab, energiya ishlab chiqarish, sotish, tarqatish va yetkazishdagi umumiy yo‘qotishlar katta – ishlab chiqarilgan energiyaning 20 foizidan oshiq. Bu ko‘rsatkich Afrika davlatlarida ham pastroq hatto. Misol uchun, JARda yo‘qotishlar 10 foiz atrofida.

Bundan tashqari, ko‘plab stansiyalarimiz ma’nan eskirgan, korrupsiya kuchliligi bois joriy va to‘la ta’mirlashda ko‘plab ko‘zbo‘yamachiliklarga yo‘l qo‘yilgan. O‘ylab qilinmagan ishlar ko‘p, masalan, Sirdaryo IESga katta pul sarflanib, quvvati oshirilgan, ammo olib kelingan texnik uskunalar ayrim sabablarga ko‘ra ishlatilmayapti.

Yana eski IESlarni ta’mirlashga katta mablag‘ ajratilyapti. Bunday ishlar esa ko‘p mablag‘ va investitsiya talab etadi. Pul sarflangandan keyin uni qaytarib olish masalasi qo‘yiladi va yana jabr iste’molchilar gardaniga tushadi.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, ma’sul shaxslar xalqni asossiz vajlar bilan aldamay, ishlarni shaffof bajarishi kerak. Isrofni kamaytirish va elektr tarmoqlarida energiyani to‘g‘ri taqsimlashni yo‘lga qo‘yish ham deyarli katta elektr stansiyasini qurish bilan barobar hisoblanadi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.